AQSh prezidentligiga nomzod Jo Bayden, agar saylansa, NATO davlatlari bilan aloqalarni kuchaytirishga va’da bergan. Donald Tramp ikkinchi muddatga saylansa, deydi u, transatlantik ittifoq parchalanishi mumkin.
Bayden xalqaro sahnada begona emas. U azaldan NATO alyansi va boshqa xalqaro tashkilotlarni AQSh milliy xavfsizligining ustunlari sifatida qo’llab keladi. Bayden 2009-2017 yillarda Amerika vitse-prezidenti bo’lgan.
Delaver shtatidan Kongressga saylanib, 1973-yildan 2009-yilgacha senator bo’lgan. Nufuzli Tashqi aloqalar qo’mitasining a’zosi, shuningdek, ikki bor unga raislik qildi. 1994-yilda AQSh va NATOning Bosniyadagi harbiy amaliyotlarini qo’lladi.
2016-yildagi prezidentlik poygasida respublikachilar nomzodi Donald Tramp NATOni keskin tanqid qilgan edi. Vitse-prezident Jo Bayden o’shanda ittifoqchilarni AQSh sizni doim himoya qilishga tayyor, deya ishontirdi.
“Boltiqbo’yi mamlakatlarida yashovchi barcha xalqlarga aniq va ravshan qilib aytmoqchiman. Qo’shma Shtatlar NATO nizomi va uning beshinchi moddasiga sharaf bilan amal qiladi”, - degan edi Bayden.
Prezident sifatida Tramp NATOni quvvatlashning moliyaviy xarajatlariga qayta-qayta e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, Germaniya va boshqa a’zolar yalpi ichki mahsulotining kamida ikki foizini mudofaa uchun ajratish talabini bajarmayapti.
“Qo’shma Shtatlar NATOning eng yirik ishtirokchisi. Tashkilotga eng ko’p pulni biz ajratamiz. Yillar davomida shunday bo’lib kelgan. Yevropa himoyasi bizning zimmamizda, lekin Yevropa savdo-sotiq masalasida AQShdan foydalanib kelmoqda”, - deya shikoyat qiladi Tramp.
Tahlilchilarga ko’ra, Tramp Garri Truman davridan buyon ittifoqchilik ahamiyatiga shubha bildirgan ilk AQSh rahbaridir. Ivo Dalder 2009-2013 yillarda Qo’shma Shtatlarning NATOdagi elchisi edi.
“Tramp nafaqat yevropaliklar mudofaa uchun yetarli mablag’ ajratmayapti deb hisoblaydi, balki Qo’shma Shtatlar bir kun kelib shimoliy alyans a’zosi bo’lishni istamasligi mumkin, deb ishora qilgan. Bunday qarash blokka jiddiy ziyon yekazdi, Yevropaning AQShga bo’lgan ishonchini yemirdi”, - deydi u.
Boshqa sharhlovchilar fikriga ko’ra esa Tramp NATOdagi ittifoqchilarni koyib, Rossiyani maqtashiga qaramasdan uning ma’muriyati alyansni quvvatlashda davom etdi. Masalan, Ukrainaga tankka qarshi raketa sistemalarini uzatib, Moskvaga qarshi Obamadan ham ko’ra dadilroq harakat qildi, deydi ular.
Bredli Bauman respublikachi senatorlarga tashqi siyosat bo’yicha maslahatchilik qiladi. Uning fikricha, Bayden prezidentlikka saylansa Yevropa va NATO bo’yicha ittifoqchilarni mudofaa sektoriga yetarlicha mablag’ ajratishga undashda davom etadi.
Baydenni yaqindan kuzatib kelayotgan mutaxassislar, agar u prezident bo’lsa, AQShning NATOga munosabati tubdan o’zgarishini aytmoqda.
Facebook Forum