NATO, Shimoliy Atlantika Shartnomasi Ittifoqi, iyulda Byusselda navbatdagi sammitini o’tkazishga tayyorgarlik ko’rmoqda. 29 a’zoli tashkilot oldidagi asosiy sinov - Rossiya bilan munosabatlarda keskinlik oshib borayotgani. NATOga yana to’rt mamlakat qo’shilish istagini bildirgan.
1949-yildan buyon NATO yetti bor kengayish bosqichlaridan o’tib, a’zolari soni 12 tadan 29 taga yetdi. May oyida Oq uyda mehmon bo’lgan aylans bosh kotibi Yens Stoltenberg ittifoqni kuchaytirish zarurati haqida gapirgan edi.
“Ertaga nima bo’lishini bilib bo’lmaydi, xavfsizlikka sarmoya qilishimiz kerak”, - deydi u.
Favqulodda vaziyatlar uchun tezkor qo’shin tuzilgan. Shuningdek, yangi a’zolarni qabul qilish rejada.
Sobiq senator Key Beyli Xatchison - AQShning NATOdagi doimiy elchisi.
“Nomzodlarga yo’l ko’rsatamiz, talablarga javob berishda ko’maklashamiz. Ochiq eshiklar siyosati shu”, - deydi Xatchison.
Bunday qadamlar bilan Rossiyaning Bolqondagi ta’siriga qarshi kurashish mumkin, deydi NATO bosh kotibining sobiq muovini Aleksandr Vershbou.
“Rossiya o’z xatti-harakatlarida o’jarroq, axloqiy tamoyillar ularga unchalik muhim emas. G’arbiy Bolqondagi davlatlarning NATOga qo’shilishini to’xtatishga urinib kelishmoqda. Hozir butun e’tibor Makedoniyada. Gretsiya bilan nom masalasida kelishib olinsa, Makedoniyaning NATOga a’zoligi bo’yicha muzokaralar shu yil ham boshlanishi mumkin”, - deydi suhbatdosh.
Gap shundaki, Gretsiya shimolida Makedoniya deb nomlangan hudud bor. Afina fikricha, Makedoniya o’sha hududga da’vo qilishi mumkin.
Munozara G’arb davlatlari yordami bilan hal qilinsa ajabmas, ammo Makedoniya NATOning qat’iy talablariga javob berishi kerak.
“Standartlarga, a’zolik me’yorlariga javob bergan Bolqon davlatlari uchun NATOga eshik ochiq”, - deydi Britaniya elchisi Sara Makintosh.
NATO yaqinda veb sahifasini yangilab, tashkilotga kirish istagini bildirayotgan davlatlar nomini qo’shib qo’ydi. Bular: Ukraina, Bosniya va Gersegovina, Gruziya hamda Makedoniya.
Talablardan biri shuki, nomzod davlat yalpi ichki mahsulotining ikki foizini mudofaaga ajratishi kerak. Hozirda bu talabni faqat besh davlat, jumladan Qo’shma Shtatlar bajarmoqda.
Facebook Forum