Bir guruh taniqli respublikachilar noyabrdagi saylovda Prezident Donald Trampni mag’lub qilish uchun siyosiy harakat boshladi.
Yuzaki qaralsa, go’yoki Prezident Donald Trampga qarshi demokratlar tayyorlagan lavhaga o’xshaydi.
Reklama muallifi aslida Linkoln loyihasi deb nomlangan tashkilot. Bu guruh Prezident Trampni saylovda yengishga ahd qilgan respublikachilar tomonidan tuzilgan.
Tashkilot asoschilari orasida Prezident Trampning yaqin maslahatchisi Kelyan Konveyning turmush o’rtog’i ham bor.
“Uni tanimayman. Bir pulga qimmat odam. Ajoyib rafiqasiga hurmatsizlik qilyapti u. Kelyan ajoyib ayol”, - deydi Tramp.
Linkoln loyihasi tayyorlagan videolarda Tramp siyosati va xarakteri nishonga olinadi.
Jimmi Tosh Amerikaning cho’chqa go’shti ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyasi rahbari. U Linkoln loyihasiga moliyaviy ko’mak ko’rsatyapti.
“U qilayotgan ishlarning 80 foizini qo’llab-quvvatlayman. Lekin axloqiy jihatdan, yolg’onchi, ichi qora odamga toqat qila olmayman”, - deydi u.
“WPA Intelligence” Respublikachilar tahlil markazi rahbari Kris Uilsonga ko’ra, Linkoln loyihasi nafaqat prezidentni, balki Senatdagi respublikachilarni ham yomonotliq qilmoqda.
“Agar vijdonlari Trampga qarshi chiqishni buyurayotgan bo’lsa, mayli, shunday bo’lsin. Buni tushunsa bo’ladi. Lekin endi Senatni ham nishonga olayotganlarini ko’rib, bu mavfukaviy narsa emas, degan fikr kelyapti. Bu ko’proq shuhrat va pul uchun qilinyapti”, - deydi u.
Linkoln loyihasi iyun oxirigacha 20 million dollar mablag’ jamg’ardi. Tennessilik yirik fermer Jimmi Tosh ham Tramp va uning Respublikachilar partiyasidagi tarafdorlari mag’lub bo’lishini istaydi.
“Respublikachilar partiyasida Trampbozlik avj olganidan xunobim chiqyapti. Shu bois bu yil mamlakat darajasida biror respublikachi nomzodni qo’llamoqchi emasman”, - deydi u.
Respublikachi siyosiy maslahatchi Rob Statzmen ham Tramp saylovda yutqazishi kerak, degan fikrda.
Trampga qarshi respublikachi saylovchilar guruhi shu maqsadda tuzilgan, deydi u.
“Ular respublikachi bo’lib turib respublikachi nomzodga ovoz bermaslik mumkinligini ko’rsatishmoqchi. 2016-yilda Donald Trampga ovoz berishgan bo’lsa, endi unga qarshi nomzodni yoqlashning yomon tomoni yo’qligini o’z misollari bilan namoyish qilishmoqchi”, - deydi Statzmen.
Sobiq respublikachi president Jorj Bush bilan ishlagan yuzlab rasmiylar ham demokratlar nomzodi Jo Baydenni qo’llab-quvvatlash uchun siyosiy guruh tuzdi.
Ogayo sobiq gubernatori va prezidentlik uchun sobiq respublikachi nomzod Jon Keysik avgustda bo’ladigan Demokratik partiya qurultoyida Bayden nomzodini yoqlab chiqish qilishi kutilmoqda.
Facebook Forum