Abort, ya’ni homilani oldirib tashlash Amerikada azaldan nozik masala. 1973-yilda Oliy sud homilani oldirish ayolning uzviy huquqi deya hukm chiqargan. Abortga butkul qarshi bo’lgan amerikaliklar o’shandan buyon har yili namoyishga chiqadi. Bu yilgisida Prezident Donald Tramp ham qatnashdi.
Namoyishchilar turli shtatlardan kelishdi.
“Farzandlarimning yutuqlari mening merosim bo’ladi. Xudo xohlasa, ona bo’lish ayol uchun katta baxt”, - deydi Ayris Chavez.
“Sperma tuxum bilan birlashishi bilanoq sizni odam qiladigan DNK paydo bo’ladi”, - deydi Saymon Riz.
“Hayot uchun” harakati Oliy sudning ayollarga abort qilish huquqini bergan 1973-yilgi qaroriga qarshi har yili namoyish o’tkazadi. Jin Monahan o’shanda sud hukmini olqishlagan.
“Hukm e’lon qilingan davrda el orasida juda ko’p tushunmovchiliklar bo’lgan. Hozirda ilmiy jihatdan bilamizki, hayot urug’lanish paytidan boshlanadi”, - deydi u.
Bahslar markazida ham shu mavzu yotadi. AQSh tarixida ilk bor abortga qarshi namoyishda AQSh prezidenti qatnashdi.
“Injilda yozilishicha, har bir inson ajoyib yaralgan”, - deydi Donald Tramp.
Aytish joizki, Prezident Tramp konservativ tarafdorlari oldida so’zlayotgan bir paytda, mamlakat qonunchilik organida uni ishdan olishga qaratilgan impichment jarayoni davom etayotgan edi.
Ammo Tramp tarafdorlari, konservatorlar, unga sodiq. So’rovlarga qaraganda, injilchi protestantlarning 80 foizi prezident faoliyatini a’lo deb baholaydi.
Tramp tayinlagan ikki yangi a’zoga ega Oliy sud bu yili abort masalasini yana bir bor ko’rib chiqadi.
“Oliy sud qaroriga 47 yil bo’libdi. Menimcha, uni bekor qilishga juda yaqinmiz”, - deydi namoyish qatnashchilaridan biri Pem Nilson.
Namoyishchilar shu tariqa Oliy sud binosigacha yurib borishdi. U yerda esa abort huquqi himoyachilari aksiya o’tkazmoqda.
“Ayollarni abort huquqidan, kontraseptiv dorilardan mahrum qilish, farzand ko’rishga majburlash - bu qullikning bir turi”, - deydi Sansara Teylor.
Alison Kertis abortni boshdan kechirgan.
“Men va erim bu qarorga osonlikcha kelmadik. Biz xohlagan qaror bu emas edi. Lekin sog’ligim tufayli abortga ko’ndik va bu to’g’ri edi”, - deydi u.
Facebook Forum