Breaking News

Abort Alabamada endi jinoyat bo'lishi mumkin


Alabama shtatida har qanday sababga ko’ra abort qilish jinoyat. Yangi qonunga ko’ra, homila hatto zo’ravonlik orqali yoki yaqin qarindoshlardan orttirilgan bo’lsa ham olib tashlanmasligi shart. Hozirgacha Ogayo, Jorjiya, Kentukki va Mississippi shtatlarida shunday qonunlar qabul qilingan. Boshqa shtatlarda ham o’xshash loyihalar muhokamada.

Abort - Qo’shma Shtatlarda azaldan bahsli mavzu. Tomonlar o’z pozitsiyalarida keskin.

Alabama shtati gubernatori Keyt Ayvi abortga qarshi. Undan abort qonuniga zo’ravonlik oqibatida yoki qarindoshlardan orttirilgan homila olib tashlanishi mumkinmi deb so’rashganida, gubernator har bir inson hayoti muqaddas deb javob bergan. Qonunga qarshilik qanchalik kuchli bo’lmasin va bu moliyaviy jihatdan qimmatga tushmasin, u qarorida qat’iy.

“Homila himoyasi yo’lida qilayotgan ishimiz uchun javob berishga tayyormiz, hatto ish Oliy Sudgacha borsa ham”.

Abortga qarshi tomon yanayam kattaroq kurash boshlamoqda. Ular 1973-yil AQSh Oliy sudi chiqargan hukmni bekor qildirishga bel bog’lagan. Bu hukmga ko’ra, ayol homila taqdirini o’zi hal qilishi huquqiga ega. Oliy sud a’zolarining aksariyati konservativ qarash egalari ekan, ular arzga ijobiy javob beradi degan umid bor.

Alabamadagi abort qonuni loyihasi muallifi respublikachi Terri Kollins:

“O’sha paytda ham aytilgan, hozir ham aytamiz: qorindagi homila allaqachon inson”.

Namoyishga chiqqanlar odatda qizil xalat va oq boshkiyimda. Bu ranglarni ular adolatsiz jamiyat g’oyasi, “Xizmatkor hikoyasi” asaridan olgan.

“Asar ayol mustaqilligi haqida. Sababi ayollar asosan tug’ish uchun yaralgan deb ko’rilib, bizningcha, hozirgi qonunlar ham shu g’oyani targ’ib qilmoqda”, - deydi namoyishchilardan biri.

Alabama shtati senatori, demokrat Bobbi Singlton qonunni qoralaydi.

“O’tgan zamonlarga xos qonun qabul qildik. Alabama ayollaridan uzr so’rayman”, - deydi u.

Alabamadan oldin Ogayo shtatida homilaning yurak urishi eshitilishi bilan abort qilish man etilsin, degan qonun kuchga kirgan. Ko’p hollarda onalar homilador ekanini yurak urib bo’lgandan keyin biladi. O’xshash qonunlar Gorjiya, Kentukki, Mississipi shtatlarida ham amalda. Florida, Illinoys, Luiziana, Minnesota, Tennessi, Janubiy Karolina shtatlarida ham shu singari loyihalar ko’rib chiqilyapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG