Breaking News

AQShda o'ngchilar ekstremizmi avj olmoqda


Prezident Donald Tramp rafiqasi Melaniya Tramp bilan Sinagogadagi otishma qurbonlari yodgorligiga gul qo'ymoqda, Pensilvaniya, 30-oktabr, 2018-yil.
Prezident Donald Tramp rafiqasi Melaniya Tramp bilan Sinagogadagi otishma qurbonlari yodgorligiga gul qo'ymoqda, Pensilvaniya, 30-oktabr, 2018-yil.

O’ng qanot ekstremistlari tomonidan AQShda amalga oshirilgan xurujlar soni so’nggi 10 yil ichida sezilarli darajada ortgan.

Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi tomonidan taqdim etilgan hisobotda 2017-yildagi xurujlar soni 2016-yil ko’rsatkichlariga qaraganda ikki barobar ko’p ekani ma’lum qilingan.

Unda, shuningdek, xurujlarning yangicha yo’nalishlarga ko’chayotgani tilga olinadi. Jumladan, demokrat siyosatchilar va Prezident Tramp tanqidchilariga qo’lbola bombalarning pochta xizmati orqali jo’natilishi, Pitsburgdagi sinagogada 11 kishining otib tashlanishi kabi xurujlar misol qilib keltirilgan.

“AQShda o’ngchilar ekstremizmining kuchayishiga sabab bo’layotgan qator omillar mavjud. Birinchidan, internet va ijtimoiy tarmoqlarda neo-natsistlar, “suveren fuqarolar” va boshqa o’ngchi guruhlarning tashviqoti avjiga chiqqan.

Ikkinchidan, Yevropaning Germaniya, Ukraina, Italiya va Buyuk Britaniya kabi mamlakatlaridagi ana shunday guruhlar va shaxslar bilan mustahkam aloqalar o’rnatilgan.

Uchinchidan, mamlakatda yuz berayotgan siyosiy jarayonlardagi tanglik ham sabab bo’lmoqda. Bu holat amaldagi prezident hokimiyatga kelishidan avval boshlanib ulgurgan edi. Biroq so’nggi ikki yil mobaynida xurujlar soni keskin ortgani qayd etildi”, - deydi “Amerika ovozi” bilan suhbatda hisobot muallifi Set Jons.

2007-yildan 2011-yilga qadar o’ng qanot ekstremistlari yiliga besh yoki undan kamroq xurujlarni amalga oshirgan. 2012-yili bu ko’rsatkich 14 taga yetdi va 2016-yilda ham shu miqdorda xurujlar qayd etildi. Hisobotda keltirilishicha, xurujlar soni 2017-yilda 31 taga yetgan.

Ayrim tahlilchilarga ko’ra, mamlakatdagi joriy siyosiy iqlim o’ngchilarning faollashuviga sabab bo’lmoqda.

“Respublikachilar hokimiyati davrida o’ng qanot ekstremizmining avj olishiga ilk bor guvoh bo’layapman. Odatda, o’ngchilarning ekstremistik faoliyati demokratlar hokimiyatga kelgan davrda qurol-yarog'ni cheklovchi qonuniy me’yorlar, ozchilik qatlam huquqlarining kengaytirilishi, soliqlarning ortishi, abort, immigratsiya huquqlarining mustahkamlanishi kabi o’zgarishlarga qarshi yanada kuchayib ketar edi”, - deydi AQSh Milliy xavfsizlik departamentining mahalliy terrorizm bo’yicha sobiq tahlilchisi Deril Jonson.

Merilend universiteti tadqiqotlariga ko’ra, 2017-yilda AQShda 65 ta terror xuruji qayd etilgan. Ulardan 37 tasi o’ngchilar tomonidan amalga oshirilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG