Breaking News

Sobiq ekstremistlar millatchi guruhlarga qarshi kurashmoqda


Oq millatchilar Oq uy qarshisida namoyish o'tkazmoqda. 12-avgust, 2018-yil.
Oq millatchilar Oq uy qarshisida namoyish o'tkazmoqda. 12-avgust, 2018-yil.

Joriy yilning 12-avgust kuni oq millatchilar AQSh poytaxti Vashingtonda namoyish o’tkazgan edi. Sobiq neo-natsist Shannon Martinez va sobiq jihodchi Jessi Morton ularga qarshi namoyishga qo’shildi.

Ularning asosiy maqsadi millatchilarni g'oyaviy kurash va maslahat berish orqali noto'g'ri yo'ldan qaytarish. Ular millatchilarga shaxsiy o'tmishlari haqida gapirib beradi.

Martines namoyishda kiyib olgan qora futbolkasiga oq harflar bilan “Men sobiq neo-natsistman, menga savol bering” deb yozib olgan. Uning “Amerika Ovozi”ga ma’lum qilishicha, to’g’ridan-to’g’ri muloqot ekstremistik g’oyalarga berilgan odamlarni radikal harakatlardan voz kechishga yordam beradi.

“Millatchilarga qarshi namoyishchilar soni ularnikidan oshib ketgani menga manzur bo’ldi, - deydi Martines. - Oq millatchilar namoyish o’tkazadigan har qanday joyga biz ham borishimiz va ularga qarshi turishimiz kerak. Biz millatchilik madaniyatga zid ekanini va bu g’oyani XXI asr Amerikasiga meros qilib olib o’tish xato ekanini ularga tushintirishimiz lozim”.

44 yoshli Martines oq millatchilarga qarshi namoyishga chiqaman deb avval o’ylamagan edi. Uning o’zi 16 yoshida millatchilar qatorida edi. Natsistlar belgisini jamoat binolariga chizar yoki shu belgi bilan suratlarga tushar edi.

Uning do’sti "al-Qoida"ga odam yollash bilan shug’ullangan sobiq jihodchi Jessi Morton. Morton Oq uy qarshisida namoyishga chiqqan millatchilarga qarashini o'zgartirish yo'lida ko’mak ko'rsatadi.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatda Morton jihodchilar va oq millatchilarning juda o’xshash ekanini, o’zaro adovatga qaramay bir-birini qo’llab-quvvatlashini aytadi.

“Ekstremistlar kurashish va hatto o'lish uchun arziydigan sabab va maqsadlarni taklif etadi”, - deydi Morton.

Unga ko'ra, yahudiylardan nafratlanish va madaniy rang-baranglikni rad etish bo'yicha jihodchilar va neo-natsistlar bir-biriga o'xshash.

39 yoshli pensilvaniyalik Morton bir paytlar ekstremistik g’oyalar ta’siriga tushib, ismini Yunus Abdulla Muhammad deb o’zgartirgan edi.

U uzoq yillar mobaynida terrorizmga aloqadorlikda ayblangan o’nlab Amerika va Britaniya fuqarolari bilan aloqada bo'lgan. Morton Nyu-Yorkda Islom inqilobi ekstremistik tashkilotini tuzib, radikal g’oyalarni targ’ib qiladi va "al-Qoida"ga odam yollash bilan shug’ullandi. Shuningdek, Morton o’z tarfdorlarini Islomni haqoratlagan odamlarini o’ldirishga undagan. Jumladan, Muhammad payg’ambarni ayiq kiyimida tasvirlagan animatsion serial mualliflarini ham yo’q qilishga da’vat etgan.

Morton 2012-yilda hibsga olinib, 11 yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Huquqni himoya qilish organlari bilan hamkorlik qilgani uchun Morton uch yil o'tib ozodlikka chiqarildi.

Ana shundan beri u huquq-tartibot organlariga jihodchilarni kuzatish, yo’ldan qaytmoqchi bo’lgan ekstremistlarga ko’mak berish bilan shug’ullanadi.

Morton va Martines ekstremistik g’oyalarga moyillik uyg’otgan bir-biriga o’xshash kechmishga ega. Ularning bolalikda ruhiyatiga ta’sir ko’rsatgan voqealar radikal g’oyalar tomon yetaklagan.

Martines 14 yoshida jinsiy zo’ravonlik qurboniga aylangan. Morton oilaviy zo’ravonlik tufayli 16 yoshida uyidan qochib ketgan.

Martinesning hikoya qilishicha, neo-natsist g’oyalaridan voz kechishda unga Malkolm Xning tarjimai holini o’qigani sabab bo’lgan. Shuningdek, Martinesga yaqin kishining onasi ham ko’mak bergan.

Mortonning ayovsiz jihodchilikdan qaytishi ham shunga o’xshash bo’lgan. “Amerika Ovozi”ga ma’lum qilishicha, Mortonga qamoqxona xodimasining samimiy munosabati, Malkolm X tarjimai holi va qamoqxona kutubxonasidagi uyg’onish davri asarlarini o’qigani turtki bergan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG