AQSh Prezidenti Donald Tramp Virjiniyaning Sharlotsvil shahrida zo'ravon to'polonlarga sabab bo'lgan oq tanli millatchilarni qoraladi. Vashington yaqinidagi Aleksandriya shahrida mahalliy aholi irqchilik va ayirmachilikka qarshi kurash olib bormoqda. Bu yerda ayrim daraxt va binolarda o'zini "Qon va tuproq" deb atagan oq tanli millatchilar guruhining shiorlari paydo bo'lgan edi. Mahalla faollari ularni bag'rikenglikka chorlovchi so'zlar bilan almashtirmoqda.
Aleksandriyadagi Del Rey mahallasi bag'rikengligi bilan tanilgan. Ammo yaqinda bu yerdagi tinch va do'stona muhit buzilgandek bo'ldi: mahallada qoralar, musulmonlar va boshqa ozchilik guruhlarni nishonga oluvchi millatchi bannerlar tarqatildi.
"Bunday nafrat va salbiy fikrlarning men bilgan Del Reyga aloqasi yo'q. Ayniqsa, men va qallig'im yashaydigan mahallada", - deydi shu yerlik fuqarolardan biri.
Mahalliy bizneslar millatchilikka qarshi kurash boshladi.
"Bannerni ilishimning sababi - meni shu jamiyat qabul qilgan, men shu mahallaning bir qismiman. Har qanday irqchilikka qarshi mahallam bilan birgaman", - deydi mahalliy do'kondor.
"Bu yerda nafratga o'rin yo'q. Hamma bir-birini taniydi. Barchamiz do'stmiz, hamkasblarmiz. Bu bizga shaxsiy hujumdek gap", - deydi yana bir biznes egasi.
Del Rey azaldan do'stona va bag'rikengligi bilan tanilgan. Nafrat va ayirmachilik bu yerda qabul qilinmaydi.
"So'z erkinligi AQSh Konstitutsiyasi tomonidan himoyalangan. Lekin uni suiiste'mol qilishga ruxsat berilmaydi", - deydi Del Rey fuqarolar assotsiatsiyasi rahbari Rod Kukro.
Mahalliy dorixona derazasiga barcha uchun ochiq, deb yozib qo'yilgan. Bu yerdagi xodimlar ham rang-barang, deydi do'kon egasi.
"Ispanzabonlar, musulmonlar bor, eronliklar ham bor. Hamma ishlaydi. Mijozlarimiz ham o'zlarini ochiq kutib olingandek his qilishi biz uchun muhim", - deydi u.
Kuchuk mahsulotlari do'koni tashqarisiga "Nafratni rad eting" deb yozilgan. Noyabrdagi saylovlardan beri nafratga to'la gap-so'zlar ko'payib ketdi, deydi do'kon egasi.
"Ko'plab odamlar og'zidan chiqayotgan bu nafratni kim boshlagani muhim emas. Uni to'xtatish kerak, xolos", - deydi u.
Del Rey mahallasida odamlar har kuni shu ish bilan mashg'ul: ular nafratni rad etishadi.
Facebook Forum