Breaking News

Virjiniyada oq millatchilar namoyishida uch kishi o'lgan


AQSh Adliya vazirligi Virjiniya shtatining Sharlotsvil shahrida shanba kuni o'tgan oq tanli millatchilar namoyishi paytida uch kishining o'limi ustidan tergov qo'zg'atdi.

Bosh prokuror Jeff Seshnsning aytishicha, Sharlotsvildagi zo'ravonlik va fojia Amerika qonunchiligi va adliyasining yuragiga pichoq urdi.

"Ba'zi odamlarning irqiy taassubligi va adovati mahsuli bo'lgan bunday harakatlar qadriyatlarimiz asoslarini yemirmoqda va bunga toqat qilib bo'lmaydi", - dedi u.

Aprel oyida shahar kengashi Amerika Fuqarolar urushi paytida Konfederatsiya bayrog'i ostida jang qilgan armiya qo'mondoni general Robert Lining haykalini olib tashlashga qaror qilgani oq tanli millatchilarni g'azabga soldi. Ular haykal atrofida to'planib norozilik namoyishida qatnashdi.

Namoyish tartibsizlikka aylanib, millatchilar va ularga qarshi chiqqan namoyishchilar mushtlashdi, natijada uch kishi o'lgan, bir vertolyot qulagan. Virjiniya gubernatori Terri Makolif shtatda favqulodda holat e'lon qildi.

“Sharlotsvilga kelgan millatchilar va natsistlar uylariga qaytsin! Uyat sizlarga! Sizni bu yerda hech kim kutgani yo'q! So'z erkinligi zo'ravonlik erkinligi degani emas" - dedi u.

12-avgust oqshom Kaliforniyaning bir necha shaharlarida tinch namoyishlar bo'lib o'tdi.

Prezident Donald Tramp barcha taraflar tomonidan namoyish etilgan nafrat, taassublik, zo'ravonliklarni qoralab, shaharda tartibni tiklashga chaqirdi.

"Fuqarolar qo'rquvda yashashi mumkin emas", - dedi u.

Ba'zilar Trampning oq millatchilarni tilga olmaganini tanqid qildi. Kaliforniya shtatidan Kongress Vakillar palatasiga saylangan qonunchi Adam Shiffning aytishicha, bu voqeada barcha taraflar bir emas, haq tomon bor va nohaq tomon.

Namoyish tugashi bilan bir mashina odamlarga urildi. Natijada 32 yashar bir ayol jon berdi, bir necha odam jarohat oldi.

Politsiyaga ko'ra, Jeyms Aleks Filds ismli 20 yoshli haydovchi ushlangan. U Ogayo shtatidan bo'lib, ikkinchi darajali qotillikda ayblanmoqda. Yana uch kishi zo'ravonlik aybi bilan hibsga olingan. Ularning Virjiniya, Tenessi va Florida shtatlaridan ekani aytilmoqda.

Bir necha soat o'tgach, namoyishni havodan kuzatgan politsiya vertolyoti qulab, ikki politsiyachi nobud bo'lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG