“Ozodlik” radiosi AQSh Federal qidiruv byurosining yuzlab hujjatlarini o’rganib, rossiyalik muxolifat faoli Vladimir Kara-Murzaning zaharlanishiga oid yangi tafsilotlarni aniqlashga harakat qildi.
Faollarning aytishicha, AQSh hukumati Kara-Murzaning zaharlanish gumoni bo’yicha o’tkazilgan tekshiruvlar aks etgan 1000 sahifadan ortiq hujjatlarni to’liq oshkor qilishni ortga surmoqda. Bu hujjatlarda aks etgan ish to’g’risidagi ma’lumot AQSh razvedka idoralari, Oq uy va Kongressgacha yetib borgani aytiladi.
“Ozodlik” o’tkazgan surishtiruv natijalariga ko’ra, Kara-Murzaning ikki marta qasddan zaharlanganiga oid Federal qidiruv byurosi o’tkazgan ishda agentlik direktori Kristofer Rey bevosita ishtirok etgan.
Hujjatlarda Kara-Murzaning qasddan zaharlanganligi to'g'risida aniq dalillar mavjud emas, lekin rossiyalik faolga ko’ra, bu haqdagi aniq javob hozirgacha e’lon qilinmagan navbatdagi hujjatlarda bo’lishi mumkin.
So’nggi ma’lumotlar Rossiya xavfsizlik idoralari dissidentlar yoki sobiq josuslarni nishonga olish uchun zaharli moddalar va murakkab toksinlardan yanada ko’proq foydalanishni boshlagan bir paytda e’lon qilindi. Germaniya rasmiylariga ko’ra, yaqinda zaharlangan rossiyalik yana bir siyosiy faol Aleksey Navalniyga nisbatan sobiq Sovet Ittifoqi tomonidan ishlab chiqarilgan Novichok moddasi ishlatilgan.
AQSh Adliya vazirligi 400 betlik hujjatlarning birinchi to'plamini jamoatchilik uchun oshkor qildi. Vazirlikka ko’ra, "laboratoriya natijalari va qon tahlili"ni o'z ichiga olgan qo'shimcha 1100 sahifa keyinroq taqdim etiladi.
Zaharli moddalar qo’llanilishi tarixi
Sovetlar davrida KGB dissidentlarni yo’q qilish uchun murakkab zaharlardan foydalanib kelgani ma’lum. Vladimir Putin Rossiyada 2000-yil hokimiyat tepasiga kelgandan keyin muxolifatga qarshi eski kurash uslublari yana qo’llana boshlagani aytiladi. 2006-yilda Federal Xavfsizlik xizmati (FSB) sobiq xodimi Aleksandr Litvinenko Poloniy-210 nomli yuqori radioaktiv izotopi bilan zaharlanib, Britaniya kasalxonasida vafot etgan edi.
2018-yil mart oyida Britaniyada Rossiyaning yana bir sobiq razvedkasi xodimi Sergey Skripal, uning qizi va bir ayol Novichok deb atalgan modda bilan zaharlandi. Britaniya hukumati bu ishlar uchun Rossiyaning harbiy razvedka agentligini aybladi va ko'plab rus diplomatlari G'arbdan chiqarib yuborildi.
Rossiya, har doimgidek, bu ayblovlarni rad etdi.
Kara-Murzaning ta'kidlashicha, har ikki voqea ham siyosiy faolligi uchun undan qasos olish maqsadida amalga oshirilgan.
Vladimir Kara-Murza kim?
39 yoshli Kara-Murza 20 yil oldin Prezident Vladimir Putin hokimiyat tepasiga kelgandan buyon liberal muxolifat partiyalar va harakatlarda faol qatnashib keladi. U bir necha yil Vashingtonda telekanal muxbiri bo'lib ishlagan va keyinchalik sobiq neft magnati Mixail Xodorkovskiy boshlagan siyosiy loyihalarda ishlagan. Putinning taniqli raqibi hisoblangan Xodorkovskiy o'n yildan ortiq qamoqda o'tirgan. Ozodlikka chiqqandan ber u Yevropada yashaydi.
Kara-Murza Rossiya jamoatchiligi orasida taniqli bo’lmasa-da, AQSh Kongressining ko’plab a'zolari va Yevropa Ittifoqi rasmiylari bilan yaqin aloqalarga ega. U AQSh va Yevropa Ittifoqida Rossiyaning hukmron elitasi a'zolariga qarshi sanksiya qo’llashga chaqirib keladi.
2018-yil yanvar oyida, Skripal zaharlanishidan ikki oy oldin, Vashingtonda g'ayrioddiy uchrashuv bo'lib o'tdi. Rossiyaning uchta asosiy razvedka agentliklari direktorlari amerikalik hamkasblari, shu jumladan, Markaziy razvedka boshqarmasining o’sha paytdagi rahbari Mayk Pompeo bilan ko’rishdi.
AQSh razvedkasining faxriylari o’sha paytda ushbu tashrifni g'ayrioddiy va hatto misli ko'rilmagan ish deb atagan edi.
Oq uyning sobiq rasmiylariga ko'ra, uchrashuvlar Moskva va Vashington o'rtasidagi munosabatlarning pasayib ketishini to'xtatish maqsadida amalga oshirilgan. Prezident Barak Obama davridan boshlab, ayniqsa, Donald Tramp g'olib chiqqan 2016-yilgi prezidentlik saylovlariga Rossiyaning aralashgani fosh etilgach, o’zaro aloqalar keskinlashgan edi.
Ikki sobiq rasmiyga ko’ra, Kara-Murzaning sirli kasallikka chalingani masalasi ham bu uchrashuvlarda ko’tarilgan.
Pompeo va Rossiya rasmiylari nima haqda gaplashgani ma’lum emas. Oq uy uchrashuv tasfilotlari haqida bayonot chiqarmagan.
Uchrashuvlardan ikki oy o'tib, Skripal Britaniyada Novichok bilan zaharlandi va og'ir ahvolda kasalxonaga yotqizildi.
Kara-Murza Adliya vazirligini sudga berdi
Kara-Murza 2020-yil fevralida Adliya vazirligi ustidan sudga murojaat qilib, uning ishi bilan bog'liq barcha FQB hujjatlari oshkor qilinishini talab qildi.
Kara-Murzaning ta'kidlashicha, vazirlik AQSh qonunlariga zid ravishda unga tegishli bo'lgan hujjatlarni saqlab kelmoqda. 10-avgust kuni Adliya vazirligi 400 betga yaqin hujjatlar taqdim etilishini, 15-sentabrgacha ularning ikkinchi qismi e’lon qilinishini va 15-oktabrga qadar qolgan yakuniy hujjatlar berilishini ma’lum qildi.
O'tgan hafta Adliya vazirligi Kara-Murzaning advokatlariga qo'shimcha 1100 varaq hujjat topilganligini, ammo qolgan hujjatlar uchun 15-oktabrga belgilangan muddatni bajara olmasligi aytib, suddan so’nggi muhlatni 15-noyabrgacha kechiktirishni so’radi.
Hujjatlarda kutilgan javob yo’q
O'tgan hafta Adliya vazirligi tomonidan Kara-Murzaga berilgan va “Ozodlik” tomonidan o’rganilgan hujjatlarda siyosiy faolning zaharlanishiga oid taxminlar haqida aniq xulosa mavjud emas.
Taniqli siyosatchi Boris Nemsovning o'rinbosari bo'lib ishlagan Kara-Murza Rossiyada ikki yil ichida ikki marta zaharlanish gumoni bilan reanimatsiyaga yotqizilgan. Birinchisi Nemsov Kreml devorlaridan unchalik uzoq bo'lmagan joyda otib o'ldirilganidan deyarli uch oy o'tgach, 2015-yil 26-mayda sodir bo’lgan.
Kara-Murza Moskvada ish uchrashuvi paytida to'satdan yiqilib, og'ir kasal bo'lib qolganidan bir necha kun o'tgach, AQSh Federal qidiruv byurosi uning zaharlanishi bilan bog'liq da'volarni tekshirishni boshladi. Kara-Murzadan namuna uchun futbolka, ichki kiyim, sochlar va tirnoq parchalari hamda "qonga o'xshagan narsa" olingan.
Kreml tanqidchisining AQShda o’tkazilgan laboratoriya tahlili
Kara-Murzadan olingan namunalar Virjiniya shtati Kuantiko shahridagi FQB laboratoriyasiga yuborilgan.
FQB hozirgacha e’lon qilgan hujjatlar orasida bu laboratoriyada o’tkazilgan tahlil natijalari mavjud emas.
Oradan ikki yil o'tgach, Kara-Murza yana bir bor Moskvada organ yetishmovchiligiga uchragan va unga Rossiyadagi kasalxonada "aniqlanmagan moddadan zaharlanish" tashxisi qo’yilgan.
Uning qoni, sochlari va to'qima namunalari Rossiyadan tashqariga chiqarilib, chet el laboratoriyalarida sinovdan o'tkazildi. Federal qidiruv byurosi xodimlari Kara-Murzaning Amerika Qo'shma Shtatlariga kelgan rafiqasi bilan uchrashib, tekshirish uchun undan erining namunalarini oladi.
Federal qidiruv byurosi qon va siydik namunalarini yana Kuantikodagi laboratoriyaga yuboradi. Ammo o'tgan hafta e'lon qilingan hujjatlarga ko'ra, tahlillarda salmoqli darajadagi zaharlanish alomatlari aniqlanmagan.
Kimyoviy qurollar bo'yicha mutaxassis fikri
“Ozodlik” radiosi Rossiya razvedkasi sobiq xodimi Sergey Skripal ishini tekshirish uchun 2018-yil Britaniyaga safarbar etilgan Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti guruhini boshqargan ekspert Mark-Maykl Blum bilan gaplashdi.
Kara-Murzaga oid dastlabki tahlil natijalari bilan tanishgan Blumning aytishicha, Kara-Murzaning namunalari Novichok moddasi tarkibida uchraydigan xolinesteraza fermentlari uchun tekshirilmagan.
Nemis shifokorlari 20-avgust kuni Sibirdan Moskvaga olib kelingan va o’lishiga bir bahya qolgan Aleksey Navalniy qonidan xolinesteraza fermentlari topilganini aytgan edi. Skripalning zaharlanishiga ham tarkibida xolinesteraza bo’lgan Novichok moddasi sabab bo’lgani aytiladi.
Blumning ta'kidlashicha, Kara-Murzaning tibbiy ma'lumotlarida, shuningdek, fosfor organik moddalari, kimyoviy qurollarda ishlatiladigan boshqa moddalar, xususan, pestitsid va gerbitsidlar bor-yo’qligi tekshirmagan.
Kaliforniyada joylashgan laboratoriya vakili Stiv Vamplerning “Ozodlik”ka aytishicha, agentliklar uchun qilinadigan barcha tahlillar o’sha idoralarning Mulki hisoblanadi va bu haqda ma’lumot bera olmaydi.
"Ushbu qoida siz aytgan rus oppozitsiyasi faoli uchun biz qilgan yoki qilmagan har qanday ish uchun ham amal qiladi", - dedi Vampler elektron pochta orqali.
Kara-Murzaning “Ozodlik” bilan suhbatda aytishicha, "laboratoriya tekshiruvlari natijalari menga kerak bo'layotganining yagona sababi shuki, har doim shunga o'xshash narsa yuz berganda Kreml yana inkor qilishni boshlasa, uni rad qilish uchun dalil bo’ladi".
"Men, avvalambor, laboratoriya tekshiruvlari natijalarini olishni xohladim. Ammo agar FQB qaysidir moddani maxfiy ma’lumot sifatida tasniflagan bo’lsa, hech bo'lmaganda, zaharlanishning sababini umumiy qilib tushuntirib berishlarini xohlayman”, - deydi faol.
AQSh qonunchilari tomonidan qo’llab-quvvatlov
Rossiya fuqarosi va AQShning doimiy rezidenti bo'lgan Kara-Murza bir necha yil davomida uni himoya qilgan Kongress a'zolari bilan yaqin aloqalar o’rnatgan. Respublikachi va demokratlardan iborat bir necha qonunchi rossiyalik faol ishini bir yoqli qilish bo’yicha to'g'ridan-to'g'ri Federal Qidiruv Byurosi direktori Kristofer Reyga murojaat yo’llagan.
2018-yil boshida AQSh Kongressi vakillari va Federal qidiruv byurosi rasmiylari shu masala yuzasidan uchrashgan va FQB xodimlari ba’zi hujjatlarni oshkor qilishga rozi bo’lgan.
Ammo FQB keyinroq noaniq sabablarga ko'ra buni amalga oshira olmasligini ma'lum qilgan. Muzokaralardan xabardor manbalarning aytishicha, bu ba’zi ma’lumotlarning maxfy ekani bilan bog’liq.
Facebook Forum