Breaking News

Turkiyaga qay biri ma’qul: Trampmi yoki Bayden?


AQShda prezident saylovi yaqinlashgani sayin Turkiyada ham “Oq uyning keyingi rahbari kim bo‘lishi mumkin?” degan savolning javobiga qiziqish kuchayib bormoqda. Amerikaning ayni damdagi prezidenti Donald Tramp davrida ikki ittifoqchi – Vashington va Anqara o‘rtasidagi munosabatlarda qator ziddiyatlar kuzatildi: Turkiyaning Rossiyadan S-400 mudofaa tizimini xarid qilishiga AQShning e’tirozi va oxir-oqibat Anqaraning F-35 qiruvchi samolyotlar dasturidan chiqarib yuborilishi, rohib Endryu Branson voqeasi, Amerikaning Suriyadagi kurd qurolli guruhlarini qo‘llab-quvvatlashi va bu bilan bog‘liq Turkiyaning shikoyatlari, Pensilvaniya shtatida yashaydigan va Turkiyada harbiy to‘ntarishni uyushtirishda ayblangan turk diniy voizi Fathulloh Gulenning Anqaraga qaytarib berilmayotgani shular jumlasidan.

Demokratlar partiyasidan AQSh prezidentligiga nomzod Jo Baydenning so‘nggi vaqtlarda Turkiya bilan bog‘liq bayonotlari ham bu mamlakatda e’tiroz bilan qarshi olinmoqda. Kechagina Bayden Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha chiqqan mojaroga Anqarani aralashtirmaslik haqida Trampga yo‘llagan chaqirig‘i turk matbuotida tanqidga uchradi. Avvalroq Bayden Istanbuldagi “Ayo Sofiya” muzeyining masjidga aylantirilishiga qarshi chiqqan edi. U 2019-yilning dekabrida bergan intervyusida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘anni saylovda mag‘lubiyatga uchratish uchun turk muxolifatini qo‘llab-quvvatlash haqida gapirgani oshkor bo‘lgach, Anqaradan jiddiy e’tirozlar yangradi.

Vaziyat shunday ekan, AQShdagi saylovdan keyin Anqara ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochilishiga umid qilsa bo‘ladimi?

Tahlilchilarning aytishicha, davlatlararo munosabatlarda ziddiyatlar kuzatilsa-da, Tramp va Erdog‘an yaqin shaxsiy munosabatlar o‘rnatishning uddasidan chiqdi. Aynan shu yaqinlik AQSh-Turkiya aloqalari butkul sovib ketishining oldini oldi. O‘z vaqtida Erdog‘anning yaqin safdoshlaridan biri bo‘lgan va bosh vazir lavozimida ishlagan, ayni paytda muxolifatchi “Kelajak” partiyasiga yetakchilik qilayotgan Ahmet Dovudo‘g‘li esa Tramp va Erdog‘an ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni shaxsiy munosabatlar darajasiga tushirgani uchun ham muammolar kelib chiqdi degan fikrda. U AQShdagi saylov Vashington-Anqara rishtalariga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqida shunday dedi:

“Turkiyaning iqtisodiy, siyosiy va boshqa masalalardagi pozitsiyasi, umuman olganda, boshqa davlatda kimning saylangani yoki saylanishiga bog‘liq emas. Turkiya-AQSh o’rtasidagi asosiy muammo bu munosabatlarning shaxsiylashtirilgani bilan bog‘liq… Bunday munosabatlarda har qanday vaqtda har qanday inqiroz kelib chiqishi mumkin (Erdog‘an va Tramp orasida oxirgi uch yilda kuzatilgani kabi…) Bayden saylovda yutib chiqsa, munosabatlar uning o‘zini qanday tutishiga bog‘liq holda rivojlanadi. Baydenning “Turkiya demokratiyasi uchun Erdog‘anga qarshi muxolifat bilan birga ishlaymiz” degan gapiga keladigan bo‘lsak, muxolifat yetakchilaridan biri sifatida aytamanki, bizning chet el davlatlari rahbarlarining yordamiga ehtiyojimiz yo‘q. Turk siyosatchisi sifatida halollik va hurmat bilan harakat qilamiz. Turkiya mustamlaka davlat emas. Erdog‘anni har kuni tanqid qilaman, agar uni to‘ntarishga urinish bo‘lsa, saylangan prezident bo‘lgani uchun uning tarafida bo‘laman”.

AQSh Marshall nemis jamg‘armasining Anqaradagi vakolatxonasi rahbari O‘zgur Unluhisarjikliga ko‘ra, agar saylovda Jo Baydenning qo‘li baland kelsa, Turkiyaga nisbatan tanqidlar yanada ortadi.

“Bayden boshqaruvi inson huquqlari, demokratiya, qonun ustuvorligi, so‘z erkinligi singari masalalarga ko‘proq e’tibor qaratadi. Bu ma’noda Barak Obama davriga qaytish bo‘ladi va Turkiya AQShdan jiddiy tanqid eshitadi. Aytishimiz mumkinki, Turkiyadagi rahbariyat tashqaridan bo‘ladigan bunday tanqidlarga iliq qaramaydi. Ammo Turkiyaning foydasiga xizmat qiladigan jihatlar ham bo‘ladi… Demokratlar partiyasi hokimiyatga kelsa, AQShning Rossiyaga bosimi ortadi, bu vaqtda Turkiyaning AQSh nazaridagi qiymati ortadi. Bayden davrida Tramp davridagi kabi iliq (shaxsiy) munosabatlarni ko‘rmasak-da, real siyosat tufayli munosabatlarning birdaniga bir chetga uloqtirilishi ehtimoli yo‘q. Ehtimol, Bayden boshqaruvi, har bir yangi boshqaruvda bo‘lgani singari, Turkiya bilan aloqalarni izga solishga qaratiladi. Ya’ni AQSh rahbariyati bir ittifoqdoshini nega dushmanga aylantirsin?..” – deydi ekspert.

Vashingtondagi Yaqin Sharq tadqiqotlari instituti Turkiya dasturi direktori Soner Chag‘aptay AQShdagi saylovda kim yutib chiqishidan qat’iy nazar, ikki davlat o‘rtasidagi ittifoqchilik davom etishini aytadi.

“Ta’kidlash kerakki, balki Turkiyaning Amerika nuqtai nazaridan eng muhim jihati – bu uning geografik joylashuvi. Qo‘shnilari Eron, Iroq, Suriya va Qora dengizning ortida Rossiya, bir tomondan yaqin paytgacha IShID nazoratida bo‘lgan hududlar. Shunday ekan, Amerikadan qaraganda, har doim Turkiya bilan bog‘liq muammolar, masalalar bo‘lishi mumkin”, – deydi Chag‘aptay.

Uning fikricha, Tramp va Erdog‘an munosabatlari yaxshi bo‘lgani sababli aloqalar bundan keyin ham yaxshi bo‘ladi. Biroq AQSh Kongressining Turkiya borasidagi fikrini o‘zgartirish uchun Anqara jiddiy qadamlar tashlashi zarur.

Soner Chag‘aptayga ko‘ra, Amerikada kim prezident bo‘lsa-da, Turkiya AQShga yaqin bo‘lishni va ikki o‘rtadagi ittifoqni mustahkam ushlab turishni istaydi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG