Breaking News

AQShdagi saylovlar Markaziy Osiyoga qanday ta'sir ko'rsatadi?


O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev (chapda) AQSh rahbari Donald Tramp bilan Oq uyda, Vashington, AQSh, 2018-yil, 16-may
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev (chapda) AQSh rahbari Donald Tramp bilan Oq uyda, Vashington, AQSh, 2018-yil, 16-may

AQShda davom etayatgan saylov jarayoni jahon matbuotida keng o'rin olar ekan, O’zbekistondagi jamoatchilik ham bunga befarq emas.

Siyosatshunos Farhod Tolipov AQShda borayotgan saylov kampaniyasini yaqindan kuzatmoqda.

Markaziy Osiyodagi geosiyosiy jarayonlar, yirik, qudratli davlatlarning mintaqadagi ishtiroki, manfaatlariga doir tahlillari bilan tanilgan Farhod Tolipov uchun bu muhim.

Siyosatshunosga ko’ra, saylovda kimning g’olib chiqishi AQShning Markaziy Osiyoga nisbatan umumiy siyosatida keskin og’ish qilmaydi, ammo o’zaro aloqada, geosiyosiy jarayonlarda, raqobatda ayrim o’zgarishlar kuzatiladi.

“AQSh bilan O‘zbekiston orasidagi munosabatlar oxirgi yillarda yangi darajaga ko‘tarildi. Ma'lumki, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQShga qilgan tashrifi chog‘ida ikki davlat orasidagi strategik sheriklikning yangi davri boshlandi, deb rasman e'lon qilindi. Bundan tashqari, shu yil boshida AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Markaziy Osiyoga, xususan, O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Nihoyat, shuni ham eslatib o‘tish zarurki, AQSh Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasini e'lon qildi. Amaldagi Prezident Tramp davrida erishilgan bu yutuqlar va qo‘yilgan yangi siyosiy qadamlar yangi istiqbollar ochmoqda. Agar Tramp yangi muddatga saylansa, ikki davlat orasidagi hamkorlik samarali davom etish shubhasiz. Ammo Bayden saylansa, u AQShning Markaziy Osiyo yo‘nalishidagi siyosatini o‘zgartirishi mumkin”, - deydi Farxod Tolipov.

Toshkentdagi universitetda talabalarga siyosatshunoslik fanidan dars berib kelayotgan Farxod Tolipov ayni paytda mintaqadagi geosiyosiy raqobat keskinlashganini qayd etar ekan, Tramp mintaqa bilan aloqalarni rivojlantrish qarorida bir qadar ishonchli ko’rinishini ta’kidlaydi.

“Tramp bir qadar ishonchliroq, izchilroq ko’rindi. Jo Baydenning mintaqaga nisbatan siyosati hali shakllanmagan, uning yoshi ham ancha ulug’ligini inobatga olsak, aloqalarni shakllantrish ancha vaqt talab etishi mumkin”, - deydi u.

Fransiyada yashayotgan o’zbekistonlik siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov nazarida Jo Baydenning sobiq ittifoq davlatlari, jumladan, mintaqaga nisbatan siyosati bir qadar oydinlashgan.

“Jo Bayden uchun sobiq ittifoq davlatlari bilan munosabat Rossiya bilan aloqalar ziddiyatlashgani nazaridan juda muhim. Baydenning g’alabasi Ukraina bilan munosabatlarda jiddiy o’zgarish qiladi, Ukrainani sobiq ittifoqdagi asosiy ittifoqchiga aylantirishi mumkin. Markaziy Osiyo bilan aloqalar ham Rossiya-AQSh qarma-qarshiligi soyasida qayta ko’rib chiqiladi. Tramp ma’muriyati uchun mintaqa bilan hamkorlikda Xitoy faktori kuchyib borayotgan bo’lsa, Bayden jamoasi uchun Rossiya asosiy o’ringa ko’tarilishini kutish mumkin. Umuman olganda, o’zbek hukumati uchun demokratlar bilan ishlash bir qadar qulayroq, har holda Maykl Pomeponing Toshkentda bo’lishi, mintaqa davlatlarini Xitoyga qarshi kampaniyaga qo’shilishga chaqirishi bir qadar xavotir bilan kutib olingan edi”, - deydi Rabbimov.

Markaziy Osiyodagi geosiyosiy raqobatning asosiy ishtirokchilari o’zgarmagan. Bular AQSh, Xitoy va Rossiya.

Xitoy va Rossiyadan farqli ravishda, AQSh jo'g’rofiy jihatdan mintaqadan ancha uzoqda; qolaversa, Xitoy va Rossiyaning mintaqaga nisbatan siyosati, bu mamlakatdagi rejimlar kabi o’zgarishsiz; inson huquqlari, demokratik qadriyatlar masalasi aloqalar uchun hech qanchon to’siq bo’lmagan.

AQShda siyosiy jarayonlar dinamikasi o’zgaruvchan, hokimiyatga kim kelishi, shuningdek, hamkor davlatlardagi inson huquqlariga oid vaziyat, ishlohotlarga qarab munosabatlarning o’zgarishlarga yuz tutishi ehtimoli kuchli.

Demokratlar tomonidan tanqid qilib kelinayotgan AQSh Prezidenti Donald Tramp inson huquqlari masalasida qat’iy pozitsiyasi bilan ko’zga tashlanmasa-da, uning nomzodini qayta prezidentlikka surgan respublikachilar uchun ham hamkor davlatlardagi inson huquqlariga oid vaziyat muhim.

Demokratlar vakili Jo Bayden hokimiyatga kelishi ortidan AQShda ham, AQShning global miqyosdagi siyosatida ham demokratik qadriyatlarga asosiy ustunlik berlishini va’da qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG