C5+1 diplomatik muloqoti - Markaziy Osiyoning besh davlati hamda AQSh orasidagi dialog. Navbatdagi sessiyada Vashington, Toshkent, Nursulton, Bishkek, Dushanbe va Ashgabatdan bosh diplomatlar regional masalalarni virtual muhokama qildi. Bundan oldingi uchrashuv Toshkentda shu yilning 3-fevral kuni kechgan edi.
Muloqotda Vashingtondagi idorasida o'tirib ishtirok etgan AQSh davlat kotibi Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari bilan gaplashganidan mamnun.
"AQSh Markaziy Osiyoning bu besh respublikasi mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini quvvatlashda davom etadi", - deydi Mayk Pompeo.
Uning qayd etishicha, Amerika C5+1 formatidagi dialogga ulkan umidlar bog'lagan va mintaqa bilan hamkorlikda o'zaro maqsadlarni amalga oshirishiga ishonadi. Dialogga 2015-yilda, Barak Obama prezidentligi va Jon Kerri davlat kotibligi davrida, asos solingan.
Vashington bu yildan e'tiboran yangilangan strategiya asosida harakat qilmoqda. Unga ko'ra, Afg'oniston ham Markaziy Osiyoning ajralmas qismi. Bu davlatda tinchlikka erishish uchun AQSh mintaqa bilan bamaslahat ish yuritadi, deydi diplomatlar.
Bugungi video muloqotdan region bosh diplomatlari ham mamnun ekanini bildirishgan. Jumladan, O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Muxtar Tleuberdi, Qirg'iziston Tashqi ishlar vaziri Chingiz Aydarbekov, Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Aslov va Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov.
Bu dialogda odatda bosh diplomatlar o'z davlatlarining regional masalalar yuzasidan pozitsiyasini bayon qilib, fikr almashadi. Afg'onistondagi vaziyat va koronavirusga qarshi kurash bu safar kun tartibidagi asosiy mavzular bo'ldi.
Davlat departamenti so'zlovchisi Morgan Ortegus deydiki, muloqotga davlat kotibining Siyosiy masalalar bo'yicha muovini Deyvid Xeyl raislik qilgan.
Davlat kotibi Pompeo o'z murojaatida xavfsizlik, Afg'onistonda barqarorlik yo'lida turgan to'siqlar, shuningdek, Markaziy Osiyoda savdo va iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish xususida gapirgan. Amerika har jihatdan ko'makka tayyor va davlatlarni yaqindan tinglagan holda ish ko'radi, degan u.
Pandemiya davrida oziq-ovqat xavfsizligi va ta'minoti haqida so'z ketgan. Hukumatlar oldilaridagi eng asosiy vazifa bugun koronavirus iskanjasidan chiqish va o'tgan oylar ichida ko'rilgan iqtisodiy zararni bartaraf etib, savdo va ishlab chiqarishni qayta oyoqqa turg'azish ekaniga urg'u bergan.
O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mintaqaviy birdamlik ahamiyatiga to'xtalib, Afg'onistonda tinchlikka erishish uchun Mirziyoyev ma'muriyati qo'ldan kelgan barcha qadamlarni tashlashini ta'kidlagan. Uning so'zlariga ko'ra, Toshkent diplomatiya kuchiga ishonadi; afg'on xalqini quvvatlashda davom etib, aloqalarni mustahkamlayveradi.
C5+1 muloqoti kechgan kun Toshkentda AQShning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod boshliq delegatsiya ham mehmon bo'ldi.
Halilzod regional dialogga ham qo'shilib, Afg'onistondagi xatti-harakatlar haqida gapirgan. Mintaqa hukumatlariga AQSh bilan bu borada ishlayotgani uchun rahmat aytgan.
Tashqi ishlar vazirligidan tashqari delegatsiya O'zbekiston Oliy Majlisi, Investitsiyalar va Tashqi savdo vazirligida ham bo'lib, AQSh-O'zbekiston-Afg'oniston siyosiy va iqtisodiy hamkorligi borasida loyihalar va tashabbuslarni muhokama qilgan. Halilzod bilan Toshkentga AQSh Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Adam Boler ham borgan.
C5+1 muloqotida Qirg'ziston Tashqi ishlar vaziri Chingiz Aydarbekov mintaqaviy transport va kommunikatsiya tizimlarini taraqqiy ettirish eng dolzarb vazifalardan biri, deya ta'kidlagan.
Aydarbekov xalqaro avtomobil magistrallari va temir yo'llar barpo etish, logistika markazlari ochish va tranzit bilan bog'liq infrastrukturalarni yangilash zarurati haqida gapirgan.
Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Muxtar Tleuberdi esa e'tiborni investitsiya zaruratiga qaratgan.
Amerika sarmoyasi va texnologiyasiga talab katta ekanini aytar ekan, Ostona xalqaro moliya markazi regional xizmatga tayyor, degan Tleuberdi.
Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Aslov koronavirusga qarshi kurash, xususan, C5+1 guruhining iqtisod va ekologiya bo'yicha ishchi guruhlari oldidagi vazifalar to'g'risida so'zlagan.
Aslov pandemiyaning yangi to'lqinlarini bartaraf etish uchun birgalikda ko'proq choralar ko'rish kerak, deya undagan.
Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov Afg'onistondagi muammolarni hal etishda BMT yetakchilik qilib, tinchlik muzokaralari uchun ham aynan BMT asosiy platforma sifatida xizmat qilishi kerak, degan. Ashgabat azaldan bu taklifni olg'a surib keladi.
Shuningdek, Meredovga ko'ra, Turkmaniston Amerika bilan aloqani kuchaytirish bilan birga mintaqa davlatlari, jumladan, Afg'oniston bilan transport, savdo, energiya va sog'liqni saqlash sohalarida hamkorlikni oshirishga shay.
Facebook Forum