Breaking News

Pompeo: O'zbekiston inson savdosiga qarshi kurashda ildamladi


Davlat kotibi Mayk Pompeo
Davlat kotibi Mayk Pompeo

20 yildan oshibdiki, AQSh Davlat departamenti inson savdosiga qarshi kurash haqida yillik xalqaro hisobot chiqaradi. Bu yilgi tahlilnomada O'zbekiston namuna sifatida ko'rsatiladi. Lekin respublika hamon maxsus kuzatuvda, ya'ni vaziyat yaxshilanishda davom etmasa, yana qora qo'yxatga tushishi mumkin.

Davlat kotibi Mayk Pompeo deydiki, Tramp ma'muriyati uchun bu masala yuqori o'rinda va inson savdosidan jabr chekkanlarga ahamiyat katta.

Pompeo taqdimot marosimida Prezident Trampning qizi Ivanka Trampni ham tanishtirib, uni inson savdosiga qarshi kurashda yetakchi deb atadi.

Inson savdosi deganda odamlarni o'zlari xohlamagan ishlarga majburlash, shu maqsadda ularni boshqa davlatlarga olib borib qul sifatida pullash va shunday qora bizneslar bilan bog'liq boshqa faoliyatlar tushuniladi.

AQSh tashqi siyosatida ham, ichki siyosatida ham bu muammo aslo chetda emas, deydi Pompeo.

Kongress bu borada Oq uy bilan hamfikr. Hisobot asosan qonunchilar uchun tayyorlanadi. Tashqi siyosatni belgilashda bu borada davlatlarda vaziyat qanday ekaniga ahamiyat qaratiladi. Inson savdosiga nisbatan chora ko'rmayotgan hukumatlar cheklovlar bilan yuzlashadi.

"Dunyo bo'ylab 25 million inson qul sifatida yashaydi", - deydi Pompeo.

Amerikaga ham har yili minglab odamlar qul sifatida olib kelinadi yoki bu yerdan boshqa mamlakatlarga o'zi xohlamagan tarzda olib ketiladi.

2019-yilda Prezident Tramp 15 davlat bilan hamkorlikni aynan shu masala sabab cheklagan.

Aksariyat davlatlarda odam savdosi, xususan, bolalarni majburlagan holda internetda turli bizneslar qilish man etilgan. Lekin qonun bilan muammo barham topmaydi. Amerikaning o'zida ham onlayn odam savdosiga qarshi har kuni kurash olib boriladi, deyiladi tahlilnomada.

Global kurash uchun AQSh 500 million dollar ajratgan.

"22 davlatda vaziyat yaxshilangan, ulardan 13 tasi Afrikaning quyi Saxara mintaqasida. Namibiya bu kurashda haqiqiy namuna", - deya maqtadi Pompeo.

Singapur va Boliviyada ham progress katta, dedi davlat kotibi. Har ikkisida odam savdosiga qarshi real choralar ko'rilib, jamoatchilik orasida ham targ'ibot ishlari samarali kechmoqda.

Xitoyda esa aksi, deydi Pompeo. Yirik qurilish ishlarida odamlar zo'rlab ishlatilayotgani, og'ir sharoitlarda ekspluatatsiya qilinayotgani ma'lum. Ishshilar qullar kabi pullanadi, deydi AQSh bosh diplomati.

Davlat departamentiga ko'ra, Kubadan 50 mingga yaqin shifokor chet elda majburan ishlatiladi. Ular topgan pul hukumatga keladi va rahbarlar huzurini ko'radi, deydi Pompeo, ya'ni hukmron doira mamlakatning iqtidorli qatlamini o'zi uchun ishlatmoqda.

Markaziy Osiyo davlatlari uzoq davr odam savdosiga jiddiy e'tibor berilmayapti deya tanqid ostida edi. Qishloq xo'jaligida, xususan, paxta dalalarida insonlar quldek ishlatiladi, deya yuzlab bet hisobotlar taqdim etilgan.

O'zbekiston bir paytlar qora ro'yxatda edi - hozirda undan chiqib, maxsus kuzatuvdagi davlatlar qatorida.

"O'zbekiston odam savdosiga qarshi kurashni sezilarli darajada kuchaytirib, mintaqada boshqalarga o'rnak bo'lmoqda", - deydi Pompeo.

Paxta dalalarida majburiy mehnat tan olingani, xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik kengayib, yangi qonun va qarorlar qabul qilingani hamda inson savdosiga nisbatan nohukumat tashkilotlar orqali kurash samara berayotgani, deyiladi hisobotda, O'zbekistonda vaziyat yaxshilanganidan darakdir. Biroq bu kurash to'xtamasligi, jadallashishi va e'tiborda turishi lozim.

O'zbekistonlik ayollar va balog'atga yetmaganlar Yevrosiyo, Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlarda fohishalikka jalb etiladi. Respublikadan erkaklar Rossiya, Qozog'iston, Turkiya va Yevropa davlatlarida majburan ishlatiladi.

O'zbekiston huquq-tartibot tizmlari bu muammoga qarshi qanchalik kurashmasin, uning ortidagi omillar hal etilmas ekan, vaziyat yengillashmaydi, deyiladi AQSh hisobotida. Ishsizlik, imkonsizlik, cheklangan axborot va loqaydlik.

"Qo'shma Shtatlar bu borada ijobiy qadam tashlayotgan davlatlarga yordam beradi. Fuqarolari chet elda qul sifatida ishlatilayotgan mamlakatlar bilan hamnafasmiz. Kimki bu masalaga ko'z yumsa yoki inson savdosi ortida tursa, unga qarshi chora ko'ramiz", - deydi Pompeo.

Vashington Toshkentga xususan quyidagilarni tavsiya qilmoqda:

- odamlarni majburiy mehnatga jalb qilgan mansabdorlar jazosiz qolmasin;

- odamlar majburiy mehnatdan bosh tortganida jazolanmasin;

- odamlar majburiy mehnatga chiqmasa, ulardan buning evaziga pul olinmasin;

- qonun ustuvorligi ta'minlansin; huquq va erkinlik e'zozlansin;

- mustaqil kuzatuvchilar jarayonni bemalol monitoring qila olsin;

- faollarning bosimga olinishiga yo'l qo'yilmasin; qo'yilsa, javobgarlar jazolansin;

- majburiy mehnatga qarshi chora-tadbirlar samara berishi uchun mahalliy va xalqaro tashkilotlar bilan yaqindan ishlang;

- odam savdosi va majburiy mehnat jabrdiydalariga yordam beruvchi tashkilotlarga mablag' ajratishda davom eting va bu insonlarga madadni oshiring;

- inson savdosi jabrdiydalari chegaralarni noqonuniy bosib o'tib, vatanga intilgani yoki jinoyatlarchilar qo'lidan qochib, hujjatsiz yurgani uchun jazolanmasin;

- inson savdosi va majburiy mehnat jabrdiydalarining shaxsiy huquqlari hurmat qilinsin;

- Prokuratura va huquq tartibot organlari jabrdiydalarni aniqlashi va huquqlarini tiklanishi uchun yordam bersin;

- Chet eldan ish va'da qiluvchi firmalar va mijozlar orasidagi moliyaviy aloqalarni tekshiring. Bu bizneslar ishchi topib bergani uchun korxonalar tomonidan haq to'lansin, ish va'da qilinayotgan odamlar tomonidan emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG