“Dunyo bolalari” notijorat tashkiloti ma’lumotiga ko’ra, 21 million inson odam savdosi qurboni bo’lgan. Ular orasida hujjatsiz ispanzabon ayollar ko’p. Bunday muhojirlar qonuniy maqomga ega bo’lmagani uchun yuz bergan jinoyatlar haqida shikoyat qilmasligi aytiladi.
AQShda hujjatsiz ispanzabon ayollarning odam savdosi qurboni bo’lishi ehtimoli yuqori. Chunki, deydi ekspertlar, ular panada yuradi va jinoyatchilar uchun tayyor o’ljaga aylanadi.
“Ba’zi ayollar uylarda xizmatkor bo’lib ishlaydi. Ish beruvchi ularning pasportini olib qo’yadi. Oila a’zolari bilan gaplashishiga ruxsat berishmaydi. Biz uchratgan ayollarning aksariyati ispanzabonlar”, - deydi ijtimoiy yordam loyihasida ishlovchi Xaydi Alvarez Miranda.
Xaydi Alvarez Merilend universiteti tashkil etgan ijtimoiy xizmatlar dasturi rahbari. Loyiha majburiy mehnat va odam savdosi qurbonlariga yordam ko’rsatadi.
“Ba’zan odamlar, agar hujjatsiz bo’lsa, politsiyaga borishdan, yordam so’rashdan qo’rqishadi”, - deydi Xaydi.
AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi hisobotga ko’ra, 2018-yilda jinoiy to’dalar odam savdosidan 150 milliard dollar ishlab topgan. Ishonch telefoniga 41 mingdan ortiq qo’ng’iroq bo’lgan.
“Erkaklar orasida ham qurilish yoki qishloq xo’jaligi sohalarida majburiy mehnatga tortilganlar bor. Ayollar esa, ko’pincha, uylarda yoki massaj bizneslarida ishlashga majburlanadi”, - deydi vazirlik rasmiysi Jo Jeronimo.
Tergovlar bo’yicha Ichki xavfsizlik vaziri o’rinbosari Jo Jeronimoning aytishicha, jinoyatchilar qo’liga ko’proq hujjatsiz muhojirlar tushadi.
“Odam savdosi bilan shug’ullanadigan to’dalar immigratsion hujjati yo’q odamlarni qidiradi. Chunki hujjatning yo’qligi zaiflik hisoblanadi va bunday odamlar tez o’ljaga aylanadi”, - deydi u.
Merilend shtatining, asosan, ispanzabonlar yashovchi Montgomeri okrugida aholi bu muammoning qanchalar jiddiy ekanini yaxshi biladi.
“Odamlarni urishadi, narkotik berishadi; uzoq oylar va yillar noixtiyoriy jinsiy aloqaga yoki ishlashga majburlashadi. Ular bizning yordamga juda muhtoj va jamoatchilik bu muammoning belgilaridan ogoh bo’lib, bunday holatlar haqida politsiyaga va mahalliy hukumatga darhol xabar berishi kerak”, - deydi Montgomeri okrugi kengashi a’zosi Tom Xaker.
Rasmiylar ijtimoiy tarmoqlarda ham ehtiyot bo’lishga chaqiradi. Chunki, deydi ular, jinoiy to’dalar mo’may daromad va’da qiluvchi ish e’lonlarini qo’yib, o’zlariga o’lja qidiradi.
Facebook Forum