Breaking News

Myanmadagi siyosiy beqarorlik ayollar ahvolini og'irlashtirgan


Myanmada harbiylar va Kachin mustaqillik armiyasi o’rtasida kechayotgan qurolli ixtilof iqtisodiy qiyinchiliklarga sabab bo’lmoqda: odamlar yerlari va oilalaridan ayrilmoqda, uy-joyini tashlab chiqishga majbur.

Xalqaro hayot - 27-sentabr, 2019-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:05 0:00

Ko’plab birmalik yosh juvonlar ish topish maqsadida qo’shni Xitoyga chiqib ketmoqda, bu esa inson savdosi, majburiy nikoh kabi illatlarga olib kelyapti.
“Amerika Ovozi” Myanma shimolida bo’lib, mahalliy faollar va sobiq jabrdiydalar bilan shu haqda gaplashdi.

Myanmaning Kachin shtatida uyidan va oilasidan ajralgan minglab ishsiz odam pul ishlash maqsadida qo’shni Xitoyga borib turadi. Xitoyning 2015-yilda to’xtatilgan “Bir oila – bir bola” siyosati mamlakatda erkaklar sonining ko’payishiga olib keldi. Natijada qizlar va ayollarga talab oshib, xitoylik erkaklar qo’shni mamlakatlardan uylanishga va xorijlik ayollardan farzand ko’rishga majbur bo’lmoqda. Ba’zi hollarda majburiy nikohgacha bormoqda.

Ayrim ayollar ish va’dalariga uchib, Xitoyda inson savdogarlari qurboniga aylanmoqda.

“Meni bir uyga qamab qo’yishdi. Sharoit og’ir edi. Istamasam-da, jinsiy aloqaga majburlashardi. Meni qo’yib yuborishlarini iltimos qilib yolvordim, ammo quloq solishmadi, zo’rlashda davom etishdi. So’ng homilador bo’ldim”, - deydi kachinlik bir ayol.

Ayrim harakatlar ochiqchasiga jinoiy bo’lsa, boshqa hollarda ota-onalar mo’maygina qalin va’dalariga uchib, qizlarini chiqarishadi.

Ayollar huquqlarini himoya qiluvchi mahalliy uyushmaga ko’ra, ba’zi ota-onalar yaxshi niyat bilan shunday qiladi, ammo kelishilgan nikoh doim ham baxt keltirmaydi.

“Ko’p ota-onalar “qizim Xitoyda turmushga chiqsa, hayoti yaxshi bo’ladi, Xitoy hukumati o’z fuqarolariga g’amxo’rlik qiladi” deb o’ylaydi”, - deydi uyushma vakili Sen Kxam.

Xitoyda makkajo’xori terish bilan kun kechirgan Sen Ro ishidan ayrilgach, 16 yashar qizini boy xitoylikka berishga rozi bo’ldi.

“Qizim hali yosh edi. Avvaliga uni erga berishni xohlamadim. Ammo kuyovning oilasi unga yaxshi qarashini aytdi. Qarindoshlarim bilan maslahatlashib, rozi bo’ldik, xitoylikka tegsa, turmushi yaxshi bo’ladi deb o’yladik”, - deydi ona.

Yosh kelinchak ikki yil uyda o’tirishga majbur bo’ldi. Ko’chaga chiqolmas, hech kim bilan aloqa qilolmas edi. Eri ota-onasidan xabar olishga ruxsat berganidan so’ng uyiga borgan qiz Xitoyga qaytmaslikka qaror qildi.

“Dugonalarim Xitoyda turmushga chiqish, u yerda yashash haqida mendan ko’p so’rashadi. Baxtlimisan deb qiziqishadi. “Yo’q” deb javob beraman. Turmushga chiqqanimdan afsusdaman”, - deydi yosh juvon.

Myanma hukumati va kachinlik isyonchilar o’rtasidagi yangi ixtilof tinchlik muzokaralarini yo’qqa chiqardi. Beqarorlik, kuzatuvchilar nazarida, ayollarga nisbatan jinoyatlarning ko’payishiga olib keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG