Breaking News

Dunyoda ayollarga nisbatan zulm qoralandi


Venesuela ayollari namoyishda
Venesuela ayollari namoyishda

Hafta boshida Yevropa mamlakatlari va boshqa davlatlarda ayollar ko’chaga chiqib, xotin-qizlarga qarshi zulmni qoralab namoyish qildi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko’ra, dunyodagi ayollarning uchdan bir qismi hayoti davomida jismoniy yoki jinsiy tajovuzga uchrab turadi. Zo’ravonliklarda nobud bo’lgan ayollarning yarmi odatda o’z oila a’zosi yoki erkak sherigi qo’lidan o’ladi. BMT 25-noyabrni Ayollarga qarshi zo’ravonlikka barham berish xalqaro kuni deb e’lon qilgan.

Ushbu sanani nishonlash maqsadida turli mamlakatlarda turfa tadbirlar o’tkazildi. Kimdir namoyishda qatnashdi, kimdir ko’rgazma uyushtirdi, kimdir esa zo’ravonliklardan o’lgan ayollarni xotirlash uchun qizil rangli poyabzallarni ko’chada terib chiqdi.

BMTning ogohlantirishicha, ayollarga qarshi zulm dunyo tinchligi va barqarorligiga ham tahdid solmoqda.

“Ayollarga qarshi zulm qashshoqlikni yo’qotish va ayollarning jamiyatdagi faolligini oshirish hamda barqaror rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan harakatlarimizga pand bermoqda”, - deydi BMT bosh kotibi vakili Mariya Luiza Ribeyro Viotti.

Fransiya hukumati shu fursatdan foydalanib, ayollar himoyasiga qaratilgan yangi choralarni e’lon qildi.

“Kelasi yildan boshlab hukumat ayollar va erkaklar o’rtasidagi tenglikni ta’minlashga qaratilgan barcha harakat va dasturlari uchun bir milliard yevro ajratadi. Shundan 360 million yevro 2020-yilda ayollarga nisbatan zo’ravonlikka qarshi kurashga sarflanadi”, - dedi Fransiya Bosh vaziri Eduard Filipp.

Interpol odamlar xotin-qizlar savdosi va ekspluatatsiyasiga guvoh bo’lganda darhol xabar berishi kerakligini eslatdi.

“Dunyo bo’ylab inson savdosi jabrdiydalarining 71 foizini ayollar tashkil etadi. Shularning 75 foizi jinsiy ekspluatatsiyaga uchraydi”, - deydi Xalqaro politsiya bosh kotibi Yurgen Stok.

Hafta boshida Nigeriya ilk bor jinsiy tajovuzkorlar reeyestrini ishga tushirdi. Chora tarafdorlari bu jabrdiydalardan ko’ra tajovuzkorlarni himoya qilish amaliyotiga chek qo’yishini aytmoqda.

“Ayollar tashkilotlari, erkaklar tashkilotlari va umuman, har qanday ma’noli tashkilot o’z a’zolariga jinsiy tajovuzning ilohiyotga aloqasi yo’qligini tushuntirib qo’yishi kerak. Ularni xudoga solib qo’yish bilan cheklanmay, jazolash ham kerak”, - deydi Tinchlik uchun Nobel mukofotining 2011-yil sovrindori Leyma Roberta Gbovi.

Biroq hamma ham ayollarni himoya qilishga qaratilgan yangi choralarni olqishlamayapti. Ispaniyaning ultra-millatchi “Boks” yoki “Ovoz” partiyasi ayollarga qarshi zo’ravonlikni qoralovchi bayonotni imzolashdan bosh tortgan yagona siyosiy guruh bo’ldi.

“Ayollar zo’ravonligidan aziyat chekayotgan erkaklar, xotinlari qo’lidan o’layotgan erlar ham bor. Ularni ham himoya qilish kerak”, - deydi partiya faoli Xavyer Ortega.

Turkiya hukumati Istanbulda ayollar namoyishini avval taqiqlab qo’ydi, ammo keyin uni cheklangan ravishda o’tkazishga ruxsat berib, cheklovni buzgan ayollarni ko’zni yoshlantiruvchi purkagichlar bilan tarqatdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG