Breaking News

Afg'oniston: Vashington, Kobul va Toshkent birga harakat qiladi


AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo 2020-yilning fevralida O'zbekistonga tashrif buyurganida, Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilova Toshkent va Vashingtonda orasida biror masalada kelishmovchilik yo'q, deya ta'kidlagan edi
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo 2020-yilning fevralida O'zbekistonga tashrif buyurganida, Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilova Toshkent va Vashingtonda orasida biror masalada kelishmovchilik yo'q, deya ta'kidlagan edi

27-may kuni Vashington, Toshkent va Kobul orasida yuqori darajali diplomatik video anjuman kechdi. Uch davlat yangi kelishuvni muhokama qilgan: Afg'oniston kelajagi borasida birga ishlash.

AQShdan Davlat kotibining siyosiy masalalari bo'yicha muovini Deyvid Heyl, Afg'oniston Tashqi ishlar vaziri Muhammad Hanif Atmar va O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov olib borgan muloqotda siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot va taraqqiyot bilan bog'liq masalalar xususida gap ketdi.

Nima uchun bu muloqotda Turkmaniston va Tojikiston yo'q? Bu davlatlar Afg'oniston bilan O'zbekistonga qaraganda uzunroq chegaraga ega.

Davlat departamentida Markaziy Osiyo bilan aloqalarga mas'ul Jonatan Henik (Jonathan Henick) "Amerika Ovozi" bilan muloqotda deydiki, Vashington Turkmaniston va Tojikiston bilan ham Afg'oniston yuzasidan o'ziga xos hamkorlik qilib keladi va ular bilan dialog davom etadi.

"O'zbekiston, AQSh va Afg'oniston orasidagi bu yangi tashabbusga eksperiment sifatida qarayapmiz. Uchala taraf ham bunga tayyor va birga ishlash istagi kuchli. Hozirgi iroda va xohishdan kelib chiqqan holda shu ishga bel bog'ladik", - deydi Henik.

Bu tashabbusning C5+1, AQSh va Markaziy Osiyoning besh davlati ishtirokidagi platformadan nima farqi bor? Unda ham yuqoridagi maqsadlar olg'a surilgan. Unda ham Afg'onistonda tinchlikka erishish uchun birga harakat qilish ustuvor yo'nalish sifatida belgilangan.

"Uch tomonlama hamkorlik, tabiiyki, C5+1 ga qaraganda kichikroq doira va diplomatik jihatdan aynan shu uch davlat uchun muhim ishlarni birga qilishni osonlashtiradi. Ya'ni, AQSh shu paytgacha qo'shilgan biror davradagi rolini pasaytirmaydi, balki bu yangi tashabbus bilan uni oshirish niyatida", - deydi Henik.

Deyvid Heyl, AQSh Davlat kotibining Siyosiy masalalar bo'yicha muovini
Deyvid Heyl, AQSh Davlat kotibining Siyosiy masalalar bo'yicha muovini

Tomonlar qator yo'nalishlarda o'zaro kelishuv asosida qadam tashlashini qayd etdi, jumladan:

  • Afg'onistonda tinchlikka erishish uchun xalqaro hamjamiyat bilan birga ishlash va shu kungacha erishilgan yutuqlarni saqlab qolish uchun hamkorlik qilish.
  • 17-may kuni e'lon qilingan siyosiy murosani quvvatlab, Milliy birdamlik oliy kengashini quvvatlash.
  • Qurolli muxolifat va markaziy hukumat orasida murosa qilinishi uchun hissa qo'shish.
  • Afg'oniston hukumati va Tolibon til topishishi uchun harakat qilish va 29-fevralda toliblar va Vashington orasida imzolangan bitimga ko'ra ish tutish.
  • Afg'onistonda koronavirusga qarshi kurashni birga olib borish, yordam ko'rsatish va tinchlik sari harakatlarda bu baloga ham alohida e'tibor berish.
  • Afg'oniston yana terror o'chog'iga, terrorist tashkilotlar uchun boshpanaga va ekstremistlar hukmron hududga aylanib qolmasligi borasida Tolibon bilan shu paytgacha erishilgan kelishuvni mustahkamlash va bu maqsadlar yo'lida bir yoqadan bosh chiqarish.
Muhammad Hanif Atmar, Afg'oniston Tashqi ishlar vaziri
Muhammad Hanif Atmar, Afg'oniston Tashqi ishlar vaziri

Koronavirus Afg'onistonni yanada qashshoqlashtirgan, uning sog'liqni saqlash tizimi talabga javob bermaydi va butun tizim ko'makka muhtoj. O'zbekiston va AQSh bu davlatga yordamni shuni hisobga olgan holda muvofiqlashtiradi.

Uch davlat quyidagi maqsadlar yuzasidan ham birga ishlaydi:

  • O'zbekiston-Afg'oniston chegara hududlari himoyasini kuchaytirish; terrorizm, qoradori savdosi, odam savdosi, qurol savdosi va boshqa noqonuniy harakatlarning oldini olish.
  • Koronavirus pandemiyasi paytida va undan keyingi davrda tranzit, tijorat va qatnovni tekis va samarali yo'lga qo'yish. Zarur yuklar o'z vaqtida xavfsiz yetkazilishini ta'minlash.
  • O'zbekiston va Afg'oniston orasida savdoni kengaytirish, buning uchun zarur qonunchilik, texnologiya, sarmoya va infrastruktura, qolaversa, inson kapitali bilan bog'liq muammolarni hal qilish. Termizda erkin iqtisodiy zonani ravojlantirish.
  • O'zbekistonni temir yo'l orqali Pokiston bilan bog'lash. Mozori-Sharif - Hirot - Bahramcha orasida, Mozori-Sharif - Kobul - Torxam yo'nalishlarini ishga tushirish.
  • Oziq-ovqat ta'minoti yuzasidan muammolarga barham berish.
  • CASA-1000, Markaziy Osiyo - Janubiy Osiyo energiya uzatish loyihasi, shuningdek, CAREM, Markaziy Osiyo Mintaqaviy Energiya Bozori loyihasi, Turkmaniston-Afg'oniston-Pokiston-Hindiston (TAPI) gaz quvurini bitirish, 500 kilovattli Surxon-Puli-Xumri energetik ta'minot tizimini ochish.
  • Termizda afg'onlar uchun hunar o'rgatish va o'quv markazi ochish.
  • Sog'liqni saqlash tizimini rivojlantirish va favqulodda vaziyatlarga tayyor turish.
  • Xotin-qizlar rolini oshirish, ayniqsa pandemiya oqibatlariga qarshi kurashda ularni barcha sohalarga jalb etish.
  • Yuqoridagi maqsadlar amaliyotini kuzatib, tahlil qiib hisobot beruvchi maxsus guruh tuzish.
Jonatan Henik, AQSh Davlat departamentida Markaziy Osiyo bo'yicha bosh diplomat
Jonatan Henik, AQSh Davlat departamentida Markaziy Osiyo bo'yicha bosh diplomat

Vashington nazarida O'zbekistonda islohotlar davom etishi, koronavirusga qarshi kurash jarayonida tizimni yangilash, sistematik o'zgarishlar qilish uchun shijoat susaymasligi zarur. Biroq, deydi Henik, har bir hukumat uchun xalq salomatligini ta'minlash og'ir vazifa ekan, AQSh ham bu masalada madad ko'rsatishga intilaveradi.

"Pandemiya keltirgan iqtisodiy zarar va iqtisodiy muammolarni bartaraf etish, shuningdek, sog'liqni saqlash tizimini takomillashtirish borasida yordamlashish Vashington uchun ham yuqori o'ringa chiqdi. O'zimiz ham koronavirusga qarshi kurashdamiz. Biroq bu sinovlar mintaqaga e'tibor pasayadi yoki ko'mak qisqaradi, degani emas".

Henikning aytishicha, 2020-yil va kelasi yil uchun rejalangan yordam va dasturlar o'zgarmagan. Koronavirusga nisbatan chora-tadbirlarni quvvatlash uchun millionlab dollar qo'shimcha mablag' ajratilayapti.

Chegaralar yopiq ekan, dunyo hamon favqulodda holatda kun kechirayotgan ekan, sayohat qilish cheklangan ekan, diplomatiya ham susaygan. Faoliyat va aloqa asosan virtual.

"Ammo biz barcha texnologik imkoniyatlarni ishga solgan holda muloqotni aslo to'xtatmaymiz. Hukumatlar doimiy aloqada. Yuzma-yuz uchrashuvlar, bir davrada o'tirishni ko'zlovchi tadbirlar kechiktirildi albatta lekin ular ortidagi maqsadlar ustida ter to'kishdan to'xtaganimiz yo'q".

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG