Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Islomni “dunyo bo’ylab tanazzulga yuz tutayotgan din” deb atadi. Parijga yaqin Le-Myuro shahrida 2-oktabr kuni so’zlagan Makronga ko’ra, Fransiya musulmonlari jamiyatida “separatizm” avj olgan.
“Islom butun jahonda, hatto aholisining aksariyati musulmon bo’lgan davlatlarda ham, jiddiy inqirozga uchramoqda. Chunki fundamentalizm va siyosiy boshqaruv o’rtasida keskin tanglik yuzaga kelgan. Natijada, dinning radikallashuvi kuzatilmoqda”, - dedi prezident.
Makronning ta’kidlashicha, Fransiyada radikal musulmonlarning “parallel jamiyati” shakllanmoqda. Bu separatist guruhlar mamlakat qadriyatlarini toptamoqda. Ayrim hududlarda avj olgan radikallar harakati mahalliy aholiga o’z g’oyasini singdirishga urinmoqda, dedi Makron.
Prezident nazdida, mamlakatda separatizmning shakllanishida barcha aybdor.
“Biz separatizm uchun o’zimiz zamin yaratdik. Avvaliga eng ezgu umidlarda bo’lgan respublikamiz diniy ayirmachilik shakllanishi jarayonining tomoshabiniga aylanib qoldi”, - dedi u.
Makronning aytishicha, Fransiyada aholining etnik kelib chiqishiga qarab alohida hududlarga jamlanishiga yo’l qo’yilgan. Natijada, jiddiy masalalar, xususan, ta’lim va iqtisod bilan bog’liq muammolar ham yuzaga kelgan.
Dunyoviy jamiyat musulmonlarning yosh avlodidan uzilib qolgan bo’shliqni radikallar egallab olgan, deydi prezident.
Uning ma’lum qilishicha, hukumat dekabr oyida “dunyoviy jamiyat va respublika tamoyillarini mustahkamlash”ga doir qonun loyihasini taqdim etadi.
“Dunyoviy jamiyat Fransiyani birlashitirib turadigan tamal toshidir. Musulmonlarni o’z ta’sir doirasiga olishga urinayotgan ekstremistlar tuzog’iga tushib qolmaylik”, - dedi Makron.
Fransiyada 2015-yilda “Sharli Ebdo” satira jurnali va yahudiylar do’koniga hujum qilgan islomiy jangarilarga aloqador odamlar ustidan sud jarayoni o’tayotgan bir paytda mamlakat rahbari ana shunday bayonot bilan chiqdi. O’tgan haftada pokistonlik shaxs jurnalning eski binosi qarshisida ikki kishini pichoqlagan. Bunga jurnalning Muhammad payg’ambar karikaturasini chop etgani sabab bo’lgan edi.
Facebook Forum