Markaziy Osiyo liderlari Qirg’iziston voqealariga zudlik bilan munosabat bildirishi kerak, deydi vaziyatni kuzatayotgan ekspertlar.
O’zbekistonlik tahlilchi Baxtiyor Ergashevning yozishicha, aks holda Qirg’iziston janubida 2010- yilda kuzatilgan etnik qirg’inlar takrorlanishi ehtimoli bor.
“Ma’no” tadqiqot tashbbuslari markazi direktori Baxtiyor Ergashev Qirg’izistondagi namoyishlar ortidan etnik to’qnashuvlar yuzaga kelishi xavfini O’shdan olgan so’ngi xabarlari bilan izohlaydi.
“6-oktabr kuni ertalabdan O’sh va Jalolobodda mahalliy aholiga notanish bo’lgan odamlar oynalari qoraytirilgan avtomobillarda, dollar to’ldirilgan diplomatlarda yurib, Jeenbekovni qo’llab-quvvatlash evaziga o’zbeklar jamoasi yetakchilariga pul taklif qilishmoqda. Ammo ular kim? Rostdan ham Jeenbekovning odamlarimi? Yoki bu yana noma’lum guruhlarning mavhum o’yinimi? ”, deb yozadi ekspert.
Ergashevga ko’ra, Qirg’izistondagi vaziyat xavotirli tus olmoqda, O’shdagi mitinglarda etnik qirg’inlardagi o’rni bahsli baholangan sobiq hokim Melis Mirzakmatovni lovozimga qaytarish chaqiriqlari bo’lmoqda. Bunday paytda Markaziy Osiyo davlatlari tashqaridan munosabat bildirilishini kutmasdan zudlik bilan hamjihatlikda vaziyatni barqarorlashtirishga doir bayonot bilan chiqishlari kerak, deydi Ergashev.
Qirg’izistonda yakshanba kuni o’tgan parlament saylovlari natijasiga qarshi noroziliklar davom etmoqda. Namoyishlar ortidan Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini bekor qildi, ammo norozilik tinchigani yo’q.
So’nggi vaziyatga ko’ra, hokimiyat idoralarining aksariyati namoyishchilar tomonidan egallangan, ayrimlari yoqib yuborilgan. Mamlakat prezidenti Sooronboy Jeenbekovning qayerdaligi noma’lum.
Mamlakat parlamenti spikeri, bosh vazir va bir necha muhim lavozimdagi shaxslar iste’foga chiqqani, ular o’rniga muxolifat vakillari yoki ularga xayrixoh shaxslar vaqtincha vazifaga tayinlangani xabar qilinmoqda.
Prezident Qosim-Jo’mart Tokayevning matbuot xizmati bidirgan munosabatda Qirg’izistondagi voqealar mamlakatning ichki ishi ekanligi, Qozog’iston tomoni vaziyatning tinch, qonuniy yo’l bilan yechim topishiga umid qilayotgani aytiladi.
Rossiya hukumati tomonlarni konstitutsion yo’ldan borib, mojaroga tinch yechim topishga chaqirdi.
Toshkent ham oradan ikki kun o'tib vaziyatga munosabat bildirdi.
"Oʻzbekiston yaqin qoʻshni va strategik sherik sifatida qardosh Qirgʻizistondagi vaziyatning mamlakat Konstitutsiyasi va milliy qonunchiligi normalariga muvofiq tez orada barqarorlashuviga umid qiladi", - deyiladi Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
O’zbekiston - Qirg’izistonning yaqin qo’shnisi, shuningdek, Qirg’iziston janubida o’zbeklarning yirik jamoasi yashaydi. Bu aholi muntazam siyosiy silkinishlardan aziyat chekib kelgan. 2010-yilda kuzatilgan O’sh qirg’ini ham siyosiy to’ntarishlar ortidan boshlangan edi.
Shu ma’noda mahalliy ekspert Baxtiyor Ergashevning chaqirig’i, avvalo, rasmiy Toshkentga qaratilgan deyish mumkin. Ayni paytda O’zbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdos’tligiga raislik qilmoqda.
Qirg’iziston tomonidan tarqatilayotgan xabarlarga ko’ra, O’zbekiston 6-oktabrdan boshlab o’zbek-qirg’iz chegarasini kesib o’tishda Qirg’iziston, shuningdek, uchinchi mamlakat fuqarolari uchun cheklovlar joriy etgan.
Qirg’izistonda yakshanba kuni o’tgan parlament saylovlariga nisbatan boshlangan norozilik Bishkekda hokimiyat, jumladan, prezident ma’muryati binosining namoyishchilar tomonidan egallanilishi bilan yakunlandi.
Ayni paytga kelib parlament saylovlari ortidan norozilikka chiqqan siyosiy partiyalar Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzgan.
Kengash parlametiga amaldagi hukumatni iste’foga chiqarish va yangi hukumatni shakllantirish talabini qo’ygan.
Parlament saylovlariga qarshi noroziliklar ortidan Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini bekor qildi.
Qirg’izistonda mamlakat boshqaruvi kimning qo’lida ekanligi hozirda aniq emas. Mahalliy ommaviy axborot vositalari Qirg’izistonda de fakto hokimiyat almashgani haqida yozmoqda.
Qirg’iziston Xavfsizlik kengashi raisi o’rinbosari Omirbek Suvanaliyev “Ozodlik” radiosining qirg’iz xizmatiga bergan intervyusida ayni paytda Prezident Sooronboy Jeenbekov qayerda ekanini bilmasligini aytgan.
Facebook Forum