Breaking News

AQShdagi qirg'izistonliklar: vatanimizdagi voqealardan xavotirdamiz


AQShdagi qirg'izistonliklar: Tomonlar o'zaro murosaga kelsin
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:21:33 0:00

Shu kunlar jahon hamjamiyati Qirg’izistonda bo’lib o’tayotgan voqealar rivojini diqqat bilan kuzatmoqda. Mamlakatdagi vaziyat AQShda yashayotgan qirg’izistonliklarni ham befarq qoldirgani yo’q. Nyu-Yorkda faoliyat ko’rsatayotgan Qirg’iz- Amerika jamg’armasi nodavlat tashkiloti prezidenti Azamat Siddiqov bilan Qirg’izistondagi vaziyatni muhokama qildik.

Amerika Ovozi: Suhbatimiz boshida Qirg’iz-Amerika jamg’armasi qachon faoliyat boshlagani, tashkilot maqsad va vazifalari xususida qisqacha ma’lumot bersangiz.

Azamat Siddiqov: Suhbatga chorlab, Qirg’izistondagi vaziyatni sharhlash, bu borada bizning fikrimizga qiziqish bildirganingiz uchun rahmat. Qirg’iz-Amerika jamg’armasi 2017-yilda AQSh va Qirgiziston xalqlari o’rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, AQSh va Qirg’izistonda amalga oshiriladigan madaniyat, ta’lim va fan sohalaridagi dasturlar hamda o’zaro almashinuv dasturlarini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan. Bizning jamg’arma nodavlat va notijorat tashkiloti. Jamg’armaning Qirg’iziston davlati yoki AQSh hukumati bilan aloqador joyi yo’q va u to’liq mustaqil faoliyat yuritadi.

Amerika Ovozi: Siz Qizr’g’izistonda shu kecha-kunduzda bo’layotgan voqealarni kuzatyapsizmi? Nimalar bo’lyapti u yerda?

Azamat Siddiqov: Bu kabi dramatik voqealar Qizg’iziston Respublikasi tarixida ilk bor ro’y bermayapti. Bunday voqealar aslida mamlakatda kuchlar orasidagi mavjud muvozanat buzilsa, adolat hissi yo’qolsa, ro’y beradi. Mamlakatda yaqinda parlament saylovlari bo’lib o’tdi. Ammo hammasi yana takrorlandi. Biz saylovlar adolatli, bosimlar va o’yinlarsiz bo’lib o’tadi deb umid qilgandik. Afsuski, ko’pgina partiyalar zarur foizlarni yig’a olmadi, parlamentga o’tmadi. Pirovardida ular o’z tarafdorlari mafaatlarini namoyish etish va partiyalari dasturlarini o’tkazish imkonidan mahrum bo’lgan. Vaziyat ancha murakkab.

Qirg’izistonda 2005, 2010- yillarda bo’lib o’tgan voqealar inobatga olinsa, hozirgi Qirg’iziston prezidenti va uning hukumati o’tgan yillarda yo’l qo’yilgan xato-kamchiliklarni hisobga olishi shart edi. Bugun chetda yashayotgan qirg’izistonliklar ushbu murakkab vaziyatni tashvish bilan kuzatib turishibdi. Biz chetdagilar Qirg’izistondagi siyosiy holatga ta’sir o’tkaza olmaymiz, biz hech qanday tavsiyalar ham bera olmaymiz. Qiladigan yagona ishimiz esa kelishuv va tinchlikka chorlashdir. O’zaro kelisholmay turgan kuchlar munozara uchun bir stol atrofida yig’ilishsin va tinch yo’l bilan murosaga kelishsin.

Amerika Ovozi: Sizning nazaringizda Qirg’izistonda qanday voqea yuz berdi? Bo’lgan voqealarni qanday tasniflagan bo’lardingiz? Inqilobmi, to’ntarish yoki boshqa narsa?

Azamat Siddiqov: Umuman olganda, Qirg’iziston siyosati betakrordir. U yerda bo’layotgan voqealarni G’arb standartlari asosida belgilash amri mahol. Bu voqealarni inqilob, to’ntarish yoki isyon deyishni ham bilmaysan. Qirg’iz jamiyatida shunday o’ziga xoslik borki, jamiyatda adolatsizlik hissi kuchaygach, so’nggi yillarda biz xalqaro miqyosdagi korrupsiya va jinoyatchilikka aralashgan kuchlar faollashganini kuzata boshlagandik, bizning odamlar esa erksevar va ular bu kabi og’ishlarga toqat qila olmaydi. Har gal mana shunday xavotirli hissiyot kuchaygach, yig’ilgach, qirg’iz jamiyatida shu kabi hodisalar yuz beradi. Buni to’ntarish desa ham, inqilob desa ham bo’ladi. Menimcha, esa bu norozilik namoyishi. Ma’lum kuchlarning, jamiyat ma’lum qismining noroziligi alal-oqibat odatdagidek ko’cha namoyishlariga yetaklaydi va ularning militsiya tomonidan tarqatilishiga.

Menimcha, agarda militsiya shahar maydonida yig’ilgan odamlarni tarqatmaganida vujudga kelgan holat yuz bermasdi. Axir, parlamentga o’tmagan siyosiy partiyalar vakillari u yerda yig’ilib o’z noroziliklarini bayon qilishayotgan edi, xolos. Maydonda bir necha ming odam yig’ilganda avvalgi deymizmi yoki amaldagi hokimiyat deymizmi, bu hozir murakkab bir savol, ular eski uslubdan foydalandilar. Namoyishchilarni tarqatib yuborish uchun tutun hosil qiluvchi shashkalardan, yorug’lik va shovqin chiqaruvchi granatalar, rezina tayoqlari va o’qlardan foydalanganlar.

Afsuski, yo’qotishlarsiz bo’lmadi. Namoyishchilardan biri halok bo’ldi. Menimcha, agarda hokimiyat tomonidan namoyishchilarga ana shunday munosabat qilinmaganida bugungidek oqibatlarga olib kelmaslikning iloji bor edi. Darrov muzokaralar stoliga o’tirishlari lozim edi. Prezident turli tomonlarning noroziligini eshitishi kerak edi va ushbu muammoni nima qilib bo’lsa ham hal etishi zarur edi. Nimalar qilish kerakligi haqida gapirish vaqti o’tdi. Hozir esa oldinga intilish kerak. Ana shu kuchlar avvalgi holatlarda yuz berganidek hokimiyatni, mamlakat resurslarini bo’lib olish o’rniga bir stol atrofida o’tirib kelishuvga erishishsin.

Amerika Ovozi: AQShda yashayotgan qirg’izistonliklar Bishkekda va umuman mamlakatdagi vaziyatga qanday munosabat bildirishyapti?

Azamat Siddiqov: Qirg’izistondan ketayotgan va yangi hayotlarini boshqa mamlakatlarda boshlayotgan immigrantlar Qirg’izistondagi asl vaziyatni yaqqol aks ettiradi. Axir, agarda mamlakatda hammasi yaxshi bo’lganda ular o’z vatanlarini tashlab ketishmas edi. Bizning vatanimiz esa juda chiroyli. Havosi toza, suvi totli. Bizda hayot uchun hamma narsa bor. Ammo shunday bo’lsa-da, odamlarimiz chiqib ketishga majbur. Amerikada yashayotgan qirg’izistonliklar hozir xavotirlanyaptilar.

Uchoqqa minib okean, tog’u-toshlar osha bu yerga kelganlarining asosiy sabablaridan biri ham hozirgi bo’layotgan voqealar. Beqarorlik, iqtisodiyotdagi muammolar, ish topishda qiynalishlar - bularning hammasi hozirgi vaziyatda yana tilga olingan. Bir narsa aniq, barchamiz tashvishga tushganmiz. Biz Qirg’izistonga ezgulik tilaymiz. O’rtaga chiqqan kuchlar xalq manfaatlarini, kelajak avlod manfaatlarini hisobga olib, o’zaro murosaga kelib muammoni tinch yo’l bilan hal etishlari umididamiz.

Amerika Ovozi: Yana qanday xavotirlar bor va nimalar u yerdagi vaziyat yaxshilanishiga umid bag’ishlayapti?

Azamat Siddiqov: Shaxsan menda xavotirlar bor. Jamg’armada ishlashdan tashqari men ijodkorman, musiqachiman. Yoshlik davrimda Qirg’izistonning jamiyat ishlarida ham faol qatnashib kelganman. Turli loyihalarni amalga oshirganman. 2010-yilda Qirg’iziston janubida etnik nizo kelib chiqqandi. O’shanda O’sh shahrida o’zbek va qirg’iz millatiga mansub Qirg’iziston fuqarolari orasida fojeali hodisalar yuz bergandi.

O’shanda “Aprel inqilobi” to’lqinida hokimiyatga kelganlar vaziyatni nazardan qochirib qo’yishdi. Ular shunda qariyb mamlakat, xususan, janubda boshqaruvni qo’ldan chiqargandilar. Buning ortidan qon to’kilgan edi. Hozirgi xavotirim shu bilan bog’liq. Vaziyatdan mamlakat ichidagi va tashqarisidagi destruktiv kuchlar foydalanib qolmasinlar. Va yana qardosh xalqlar orasida qon to’kilishlar bo’lmasin.

Amerika Ovozi: Sizning xavotirlaringiz nimalarga asoslangan?

Azamat Siddiqov: Tarix shuni ko’rsatayaptiki, siyosiy va ijtimoiy voqealar ortidan, namoyishkorona harakatlar, unga militsiyaning munosabati, uning ortidan davlat idoralari egallanishi yuz bermoqda. Buni inqilob deyishingiz mumkin yoki istasangiz to’ntarish deng, bular texnik jihatlar, tarix va tajriba asosida ko’ryapmizki, Qirg’iziston Respublikasida bunday hodisalar ortidan millatchilik ruhidagi qarashlar, hissiyotlar urchiydi. Darvoqe, O’zbekiston bilan chegaradosh O’sh viloyati ham bundan mustasno emas, shunindek, shimolda ham millatchilik negizida to’qnashuvlar yuz bergandi. Shuning uchun men ijodkor shaxs, o’z ijodi orqali tinchlik va totuvlikka chorlovchi inson sifatida tashvishdaman. Chunki ana shunday hodisalar sababli bizda juda ham fojiali voqealar yuz bergan va ular norozilik namoyishlaridan-da fojialiroq kechgan.

2010-yilni eslang. O’sh shahrida odamlar halok bo’lishdi. O’zimizning vatandoshlar. Ularning millati qirg’iz va o’zbek edi. O’shanda bizning hukumat odamlarimizni millatchilikning bosimidan qutqara olmadi. Umid qilamanki, biz endi o’xshash hodisa takrorlanishiga yo’l bermaymiz. Biz qirg’iz jamiyati ancha yetilganini ko’ryapmiz. Men kechagina “Twitter”da video va suratlarni ko’rdim, u yerda drujinachilar militsiya va maxsus xizmat harbiylarisiz ham o’zlari vaziyatni nazoratga olib do’konlarni, muhim bino va inshootlarni himoyalariga olishgan. Shu qatorda an’anaviy kuchlar bo’lmish qaroqchilarni va kelib chiqqan vaziyatda boylik orttirmoqchi bo’layotganlarni ham ko’ryapmiz. Spirtli ichimliklar ichib olib yurgan to’dalarni ham ko’rib turibmiz. Lekin ular maqsadlariga erisholmayapti.

Aytmoqchimanki, fuqarolar o’zlarini o’zlari himoyalashni o’rganishgan. Umid qilamanki ana shu safarbarlik bois 2010-yil respublikada kuzatilgan voqealar bu gal takrorlanmaydi. Jamiyatdagi mavjud millatlararo totuvlikka putur yetmaydi. Mening nazarimda qirg’iz jamiyati siyosiy jihatdan va o’zini-o’zi boshqarish masalasida shu qadar yetilganki, ayni vaqtdagi sharoitda bizga hatto prezident ham talab etilmaydi. Biz uni mana bir necha kundirki ko’rmayapmiz. Biz parlament va turli siyosiy guruhlarni ko’ryapmiz, xalq drujinalarini ko’ryapmiz. Ya’ni tashkilotchilik, tartibni saqlash mexanizmlari bor, bu katta yutuq, meni aynan ana shu jihati quvontirmoqda. Ular, albatta, hammasini hal qilishadi, prezidentni ham, bosh vazirni ham, hokimiyatning boshqa organlarini ham saylaydilar.

Ammo Qirg’iz jamiyatining eng katta yutug’i bu ochiq, mas’ul jamiyat. Ko’pchilik tartibsizliklar kelib chiqishini istamaydi va uyda o’tirmasdan qo’shnilarini himoyasi uchun ko’chaga chiqadi. Shuning uchun ham ana shu mukammal mexanizm nafaqat xususiy yoki davlat mulkini asrashda, balki Qirg’izistondagi etnik ozchiliklarning hayotini saqlab qolishda ham ish berishi kerak. Chunki Qirg’izistonda o’zbeklar va qozoqlardan tashqari rus va slavyanlar hamda boshqa ko’plab millatlar bor. Agarda ana shu kabi drujinalar jamiyatimizning zaif, himoyaga muhtoj qismini muhofaza qila olsa, davlatning kelajagi yorug’ bo’ladi. Shunda bu masala prezidentlar yoki hokimiyat tepasidagi shaxsga bog’liq bo’lmaydi. Hokimiyat to’liq xalq tasarrufida bo’ladi. Biz hozir ana shu jarayonning kurtak yozayotganiga guvoh bo’lib turibmiz.

Yangi kuchlardan esa mening umidim ulkan emas. Chunki bu kuchlarning aksariyati eski hokimiyatning kadrlari. Ularning aksariyati hokimiyat tarkibida bo’lgan. Ularning qo’li korrupsiya va boshqa turdagi jinoyatlarga belangan. Shuning uchun aynan ulardan katta narsalarni kutmayapman.

Ammo, umuman olganda, qirg’iz jamiyati to’g’risida gap ketganda menda umid paydo bo’ldi. Ayniqsa, so’nggi uch yil davomida menda shunday hissiyot bor ediki, qirg’iz jamiyatining erksevarligi, ochiqlikka intilishi kuchli bosim ostida qolayotgandek edi. Zero, ko’pgina odamlar ijtimoiy tarmoqlarda yozgan so’zlari uchun qamoqqa olinayotgandi. Muxolifat rahbarlarini ta’qib qilishayotgandi, qamashayotgandi. Shuning uchun bo’layotgan voqealar umuman olganda qirg’iz jamiyatiga hushyor tortiruvchi ta’sirga ega.

Uchinchi marta yuz berayotgan, inqilob deysizmi, to’ntarish yoki norozilik namoyishidan so’ng endi hech kim Qirg’izistonda hokimiyatni uzurpatsiya qilolmasligi aniq. U qanday oqibatlarni keltirib chiqishini hamamiz ko’rib turibmiz. Shuning uchun mening nazarimda yosh kuchlar, ayniqsa, yaqinda vujudga kelgan va yosh professionallarni birlashtirgan siyosiy harakatlar faolroq birlashishlari kerak va yuzaga kelgan vaziyatdan unumli foydalanishlari va o’z dasturlarini amalga oshirishgacha olib borishlari darkor. Uzoq vaqt davomida hokimiyat tepasida turgan odamlar esa o’z ambitsiyalarini endi tiyib joylarini yoshlarga bo’shatishlari lozim.

Amerika Ovozi: Sizningcha Qirg’izistonni allqachon tark etganlar nimalarni kutishyapti?

Azamat Siddiqov: Immigratsiya va migrasiya xususida to’xtalsak, bu kabi hodisalar migratsiyaning katalizatori sanaladi. Ushbu voqealar oqibatida jamoat tashkilotlari ishdan to’xtashi, transport xizmatlariniku gapirmayapman va yana qancha davlat idoralari, bino va inshootlar bosib olinyapti, o’zboshimchalik bilan mulkni egallash ketyapti. Xullas, shunday jarayon kechyaptiki, u aqlli odamlar ko’chib ketishiga omil bo’lmoqda. Hafsalasi pir bo’lganlar endi boshqa mamlakatda o’z o’rinlarini topish uchun yangi yo’llarni qidirishga tushadilar. Bu voqealar immigratsiyaning kuchayishiga yetaklaydi. Mening prognozim shunday, qirg’izistonliklar qayerda bo’lishmasin, o’z mamlakatlarini qo’llashadi.

Mening kuzatuvlarim shuni ko’rsatayaptiki, muvaffaqiyat qozongan qirg’izistonlik yoshlar, Kaliforniyada ishlaydigan, AQShning universitet tizimi, madaniyat tizimida faoliyat yuritayotganlar ham o’z birdamliklarini, vatanlariga qo’llovlarini faol bayon qilishmoqda. Albatta, bunday voqealar immigratsiyaga to’g’ridan-to’g’ri ta’sir qiladi, lekin ikkinchi tomondan qirg’iz immigratsiyasi, Qirg’iziston aholisining 2 milliondan ortig’i hozir chet davlatlarda, qayerda bo’lmasin, ular o’z mamlakatlarini qo’llab-quvvatlashadi.

Amerika Ovozi: Sharhlaringiz va savollarimizga bergan javoblaringiz uchun katta rahmat.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG