Breaking News

O'sh sobiq meri: O'zbeklar va qirg'izlar bir-biridan uzoq tursin


Xorijdan qaytgan sobiq merni O'shda minglab tarafdorlari kutib oldi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:17 0:00

Qirgʻizistonda 7-oktabr kuni ham mitinglar bilan oʻtdi. Bishkekdagi namoyishlar “eski siyosatchilar”ning hokimiyatga kelishiga yoʻl qoʻymaslik talabi bilan oʻtmoqda.

Oʻsh shahridagi markaziy maydonda esa Prezident Sooronbay Jeenbekovni qoʻllagan namoyishchilar paydo boʻldi. Keyinchalik ularning oʻrniga 6-oktabrda shahar merligidan olingan Taalaybek Saribashevning tarafdorlari toʻplandi. Ular Saribashevning qayta mer boʻlishini talab qildi.

6-oktabrdagi talashuvlardan keyin Oʻsh shahrining meri Taalaybek Saribashev kechga yaqin xizmatdan ketishi haqida ariza yozgan edi. Uning oʻrniga Duyshon Toʻroʻqulov oʻzini mer deb eʼlon qilgan.

Saribashevning tarafdorlari esa miting orqali uni qayta oʻz oʻrniga qoʻydi.

7-oktabrga oʻtar kechasi olti yildan beri chet elda yurgan Oʻsh shahrining sobiq meri Melis Mirzaqmatov Qirgʻizistonga qaytib keldi.

Mirzaqmatovning tarafdorlari uni Oʻsh aeroportida kutib olib, miting boʻlayotgan shaharning markaziy maydoniga olib keldi. Yigʻilganlar uni qarsaklar ostida kutib oldi.

Melis Mirzaqmatov miting ishtirokchilari oldida nutq qilib, mamlakatda barqarorlikni saqlab qolish kerakligini aytdi.

Shuningdek, u hozirgi inqilob talon-taroj qilishga aylanib ketmasligi kerakligini ta’kidladi.

“Ertadan boshlab men buyruq beraman, janub boʻyicha Qirgʻizistonning yaxlitligi uchun bir bayroq ostida toʻplanishimiz kerak”, - dedi u.

Bundan tashqari, sobiq mer “nomaʼlum kuchlar” hozirgi vaziyatdan foydalanib, millatlararo janjal chiqarishga harakat qilishi mumkinligini taʼkidladi.

“Oʻzbekni koʻrsang, bir kilometr uzoqdan aylanib oʻt, ertaga oʻzbeklarni koʻrsam ham aytaman, qirgʻizni koʻrsang bir kilometrdan aylanib oʻt deb”, - dedi sobiq mer.

Melis Mirzaqmatov 2009 - 2013-yillar Oʻsh shahrining meri boʻlgan. U Qirgʻizistonning sobiq prezidenti Kurmanbek Bakiyev davrida hokimiyatga kelgan, ammo 2010-yilda yuz bergan inqilobdan keyin ham bakiyevchilar qatori quvilmay, lavozimini saqlab qola olgan kam sonli amaldorlardan biri edi.

U millatchi va xalq siyosatchisi qatori tanilgan. Mirzaqmatovga kuchli lider, xalqni oʻz ortidan ergashtira olgan siyosatchi deb taʼrif beriladi. Shuningdek, u kutilmagan harakatlari bilan poytaxtga bosh egmasligini bir necha bor namoyish etgan.

Mirzaqmatov 2013-yili hukumat tomonidan xizmatdan olingan. Siyosatchining xizmatdan olinishi ortidan Oʻshda mitinglar oʻtgan. Ammo sobiq mer oʻzi tarafdorlarini tinchlikka chaqirib, ularni uylariga tarqashga undagan.

Keyinchalik u Qirgʻizistondan chiqib ketishga majbur boʻlgan. Sud uni sirtdan 7 yilga ozodlikdan mahrum qilgan.

Qirgʻizistonliklar orasida tunda Istanbuldan Oʻshga uchib kelgan Mirzaqmatovni millatchi siyosatchi qatori hurmat qiladiganlar bilan birga, uni shu sifati uchun yoqtirmaydiganlar ham bor.

Oʻsh shahrida ikki kundan beri siyosiy barqarorlik izdan chiqib, norozilik namoyishi davom etayotganiga qaramay,shaharda maishiy hayot davom etmoqda. Bozor, savdo markazlari faoliyatini davom ettirmoqda. Koʻchada harakatlanish xavfli emas. Biroq jamoat joylarida yurgan aholi soni boshqa kunlarga nisbatan kamaygan.

Mamlakat boʻyicha tijoriy banklar Qirgʻiziston Milliy bankining oʻz faoliyatini toʻxtatib, xavfsizlik choralarini kuchaytirish boʻyicha bergan tavsiyasiga binoan ishni nomaʼlum muddatga toʻxtatgan.

Ammo bugungi vaziyatdan xavotirlanayotganlar ham koʻp. Hozircha mahalliy oʻzbeklarning siyosiy voqealarga aralashayotgani sezilmaydi. Ismini aytishimizni istamagan oʻshlik tadbirkorlardan birining aytishicha, bugungi kunda oʻzbeklar siyosatga aralashmagan taqdirda ham, Oʻshda “iqtisodiy bosimlar” ortidan nizolar yuzaga chiqish ehtimoli bor.

“Men har revolyutsiya va bosholomonlikdan keyin boʻladigan qonunlar ishlamaydigan davrdan qoʻrqaman. Oʻsha paytda har kim oʻzi xohlaganini qiladi. Kimdir kimdandir qasd oladi, baʼzi kuchlar biznesmenlarning mulkiga koʻz olaytiradi. Hech kimga arz qilolmaysan shunday paytda. Hozir 2010-yildagi kabi millatlararo nizo chiqishi uchun asos boʻladigan Q.Botirovga oʻxshagan siyosiy ambitsiyalari bor oʻzbek liderlari yoʻq. Lekin, shunday boʻlsa ham, baʼzi bir kriminal kuchlar oʻzbek tadbirkorlariga «gruzit» qilishlari orqasidan nizo kelib chiqishi mumkin, degan xavotirdaman. Iloji boricha, tezroq davlatimiz huquqiy maydonga qaytishi kerak”, - deydi tadbirkor.

Qirgʻizistonda 4-oktabrda oʻtgan parlament saylovidan keyin ovoz berishning natijasidan norozi boʻlganlar norozilik namoyishlarini boshlagan. Saylov natijalarini bekor qilish talabi bilan boshlangan mitinglar to’polonga aylangan. 6-oktabrga oʻtar kechasi mitingchilar parlament va prezident administratsiyasining binosini egallab oldi.

Prezident Sooronbay Jeenbekov mazkur voqealarni hukumatni bosib olish harakati deya qoraladi. Prezidentning Bishkekda ekani aytilayotgan boʻlsa ham, u hamon xalq oldida koʻrinish bergani yoʻq.

Qirgʻizistondagi mitinglar toʻlqini 7-oktabr tunida ham davom etmoqda.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG