Qirgʻizistondagi norozilik namoyishlarining ishtirokchilari gʻalaba nashidasini surmoqda. Qonunchilar sobiq deputat Sadir Japarovni mamlakat bosh vaziri vazifasini bajaruvchi etib sayladi.
“Ala-Archa” davlat qarorgohida oʻtgan Jogorku Kengesh deputatlarining navbatdan tashqari yigʻinida Sadir Japarov hukumat rahbarligiga yagona nomzod sifatida koʻrsatildi.
Japarov yigʻin davomida oʻz dasturi bilan tanishtirib, hozirgi vaziyatga koʻra, hukumatning amaldagi tarkibi oʻzgarishsiz qolganini bildirdi.
Shuningdek, u prezident Sooronbay Jeenbekov bilan uchrashganini, u oʻz arizasi bilan lavozimidan ketish vaʼdasini berganini aytdi.
“Jeenbekov oʻz arizasi bilan ketsa, sobiq prezidentlik maqomi saqlab qolinadi. Impichment bilan ketadigan boʻlsa, jinoyat ishi qoʻzgʻalgan boʻlar edi”, - dedi Japarov oʻz nutqida.
Yangi hukumat rahbari oʻz soʻzida Rossiya Qirgʻizistonning strategik hamkori ekanini va mamlakat Rossiyaga koʻp tomonlama bogʻliq ekanini taʼkidladi.
52 yoshdagi Sadir Japarov siyosiy faoliyatini 2005-yilning martidagi davlat inqilobidan keyin, Qurmonbek Bakiyev prezidentlikka kelgandan soʻng boshlagan. 2012-yildan boshlab esa Japarov oʻzi tugʻilgan Issiqkoʻl viloyatida joylashgan “Qumtoʻr” konini milliylashtirishni talab qila boshlagan. Uning bu harakati hamshaharlari orasida qoʻllab-quvvatlangan va bugungi aksariyat aholining unga boʻlgan iliq munosabati ham shu bilan bogʻliq.
Japarov “Qumtoʻr”ga qarshi oʻtkazgan bir necha aksiyalar ortidan 2017-yili 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi.
4-oktabrda Qirgʻizistonda parlament deputatligi uchun saylov boʻlib oʻtgan. Uning natijasidan norozi boʻlganlar 5-oktabrdan norozilik namoyishlarini oʻtkaza boshladi. 6-oktabrga oʻtar kechasi esa prezident va parlament idorasi joylashgan bino norozilar tarafidan egallab olindi. Bu vaqtda esa qamoqda boʻlgan sobiq prezident Almazbek Atambayev, sobiq bosh vazir Sapar Isaqov hamda boshqa bir qator mahbuslar ozodlikka chiqarildi. Ularning orasida Sadir Japarov ham bor edi.
Milliy xavfsizlik boʻyicha davlat qoʻmitasi 10-oktabrda sobiq prezident Atambayevni yana qoʻlga oldi.
“Ozodlik”ning qirgʻiz xizmati maxsus xizmatga tayanib yozishicha, Atambayev bilan birgalikda uning sobiq maslahatchisi Farid Niyazov hamda ichki ishlar vazirining sobiq oʻrinbosari Qursan Asanov ham qoʻlga olingan.
Norozilik namoyishlari vaqtida qamoqdan chiqib ketganlar qayta ushlangan bir vaqtda bosh vazir etib saylangan Sadir Japarovga nisbatan qayta qamash chorasi qoʻllanilmadi.
Mamlakat Oliy sudi 6-oktabrda chiqarilgan qarorga koʻra, Japarov sud tarafidan oqlanmaganini, uning ishi aniqlangan yangi holatlar boʻyicha Bosh prokuraturaga sudgacha tergov olib borish uchun joʻnatilganini maʼlum qilgan.
Japarovning oʻzi esa jurnalistlarga Oliy sud qarori bekor qilingandan keyin shaxsning sudlangani ham bekor boʻlishini aytgan.
Qirgʻiziston prezidenti Sooronbay Jeenbekovning 9-oktabrda chiqargan qaroriga koʻra, 10-oktabrdan boshlab Bishkekda 21:00 dan 05:00 ga qadar komendantlik soati joriy qilindi.
Ammo komendantlik soatiga amal qilish vaqti kirganiga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolardan Bishkek maydonida toʻplanganlarning tantana qilayotganini koʻrish mumkin. Jonli tarzda eʼlon qilingan videolardan toʻplanganlar Japarovning bosh vazir etib tayinlanganidan xursand ekanini va ular bunga qadar norozilik namoyishini oʻtkazib, uni qoʻllayotgan guruh ekanini sezish mumkin.
Qirgʻizistonda besh kundan beri davom etayotgan norozilik namoyishlari parlament saylovining natijalaridan norozilik tufayli boshlangan edi. Keyinchalik Markaziy saylov komissiyasi 4-oktabrda oʻtgan saylov natijalarini rasman bekor qildi. Endi parlament saylovi qayta oʻtkaziladi, ammo muddati hali aniq emas.
Saylov natijasi bekor qilinganiga qaramay, mitinglar toʻxtamadi. Namoyishchilar bosh vazir va prezidentning isteʼfosini talab qila boshladi.
Bosh vazir Qubatbek Boronov oʻz arizasi bilan xizmatdan ketdi. Prezident Sooronbay Jeenbekov esa mamlakatda vaziyat qonuniy yoʻlga tushib, hukumat qonuniy maqomga ega boʻlgach, egallagan lavozimini tark etishini bildirgan.
Shu bilan birga, namoyishchilarning navbatdagi talabi - Sadir Japarovning bosh vazir etib tayinlanishi ham bugun amalga oshdi.
Miting ishtirokchilarining talablaridan yana biri esa avvalgi saylovda yuqori uch oʻrinni egallagan “Birimdik”, “Mekenim Qirgʻiziston” va “Qirgʻiziston” partiyalarini navbatdagi saylovda ishtirok etmasligiga erishish.
Facebook Forum