Chet eldagi uyg'urlar hamjamiyati faollarining aytishicha, Xitoy hukumati Shinjon mintaqasida bir necha yillar oldin g'oyib bo'lgan, lagerlarga tashlangan ko’plab insonlarning o’limi yoki ularga qo’yilgan rasmiy ayblovlar haqida endi ma’lum qilmoqda.
"Amerika Ovozi" yaqinda uyg’urlar diasporasinin xorijdagi besh vakili bilan suhbatlashdi. Ular Xitoy rasmiylari bilan to'g'ridan-to'g'ri bog'lanish orqali yoki xorijiy vakolatxonalar, BMTning ishchi guruhlari, Xitoy hukumatining matbuot anjumanlari orqali yaqinlari shubhali ayblov bilan qamalgani yoki kasallik tufayli vafot etgani haqida xabar topgan.
Niderlandiyada yashovchi 44 yoshli Abdurahim G’anining aytishicha, Shinjondagi oilasi bilan aloqa 2017-yilda uzilgan. Uning so'zlariga ko'ra, Xitoy elchixonasi Niderlandiya Tashqi ishlar vazirligiga ikki akasi, jiyani va ikki ukasi ijtimoiy tartibni buzish kabi jinoyatlarda ayblanib, 3 yildan 16 yilgacha ozodlikdan mahrum qilingani haqida xabar bergan. Elchixonaning ta'kidlashicha, uning qolgan oilasi "jamiyatda normal hayot kechirmoqda".
Niderlandiya fuqaroligini olgan G’ani boshqa oila a’zolarining tazyiqlardan xoli hayot kechirayotganiga ishonmaydi.
U 2018-yildan beri Amsterdamda g’oyib bo’lgan oila a’zolari uchun har hafta bir kishilik namoyish o’tkazib keladi.
G’ani yo'qolgan oila a'zolarining qayerdaligi haqida xabar olgan yagona uyg'ur emas.
Xitoyning Anqaradagi elchixonasi 32 yoshli Nursiman Abdurashidga uning 2017-yil o'rtalarida g'oyib bo'lgan ota-onasi va aka-ukalari terrorizm jinoyatlarida ayblanib, qamalganini aytgan. Elxhixonaning aloqaga chiqishi fevral oyidan beri oilamni ozod qilish uchun olib borgan faol tashviqotim natijasidir, deydi u.
“Malaka oshirish markazlari"
Abdurashid magistraturada o'qish uchun 2015-yilda Shinjondan Turkiyaga kelgan va shundan beri vataniga qaytmagan. U do'stlari va uzoq qarindoshlaridan butun oilasi “qayta o’qitish” da’vosi bilan lagerlarga majburan olib ketilgani haqida eshitgan.
"Bir necha bor takrorlangan tvitlar va jamoaviy iltimoslardan so'ng, nihoyat, 15-iyul kuni Xitoy elchixonasidan menga qo'ng'iroq qilishib, ota-onam va ikki akam 13 yildan 16 yilu 11 oygacha qamoq jazosiga hukm qilinganligini aytishdi", - dedi u "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.
Elchixona uni Shinjonga qaytib borishga va mahalliy ma'murlardan ayblovlar haqida batafsilroq ma'lumot so'rashga undagan.
"Har qanday uyg'ur uchun Xitoyga qaytish - so'roq qilinish, shuningdek, aybsizligi isbotlangunga qadar hibsda qolish demakdir", - dedi Abdurashid.
Xitoy Shinjonda milliondan ziyod musulmon uyg'urlar va boshqa ozchilik elatlar ommaviy hibsga olingani haqidagi ayblovlarni rad etadi va uyg'urlar "kasbiy tayyorgarlik markazlari"da radikalizmga qarshi hamda yangi ish malakalarini o'rganish uchun saboq olayotganini aytadi.
Sidneylik uyg'ur Fotima Abdulg'afurning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, uning 67 yoshli otasi 2016-yilda g'oyib bo'lgan. U keyinchalik lagerga olib ketilganini eshitgan. Avstraliyada yashovchi Fotima o'tgan oy Birlashgan Millatlar Tashkilotining majburiy yoki noixtiyoriy yo'qolish bo'yicha ishchi guruhidan otasi 2018-yilda "og'ir pnevmoniya va sil kasalligi" tufayli vafot etgani haqida xabar oldi.
"Men otamning o'limiga oddiygina tabiiy kasallik emas, balki lagerlardagi chidab bo'lmas qiynoqlar sabab bo'lgan deb o'ylayman", - dedi u "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.
Ba'zi huquq himoyachilarining aytishicha, lagerlarda saqlanayotgan uyg'urlar qiynoqqa solinmoqda va majburiy mehnatga jalb qilinmoqda. Lagerlar tashqarisida ular qattiq nazoratga olinadi; u yerlarda diniy marosimlar o’tkazish yoki ibodat qilish taqiqlangan.
Xalqaro so'rovlar
Xitoy mustaqil huquq tashkilotlarining qonunbuzarliklarni tekshirish bo'yicha chaqiruvlarini bir necha bor e'tiborsiz qoldirgan va boshqa davlatlarning tanqidlarini uning ichki ishlariga aralashish deb biladi.
Jorj Vashington Universitetining xalqaro aloqalar bo'yicha professori Shon Robertsning aytishicha, Xitoyning BMT so'roviga bergan javobi mamlakat xalqaro tizimni o’zi xohlagan holatlarda ishlatishga jazm etganidan dalolat beradi.
“Ushbu turdagi xalqaro so'rovlarga yana shunday javoblar chiqsa, hayron bo'lmayman. Biroq davlat uyg'urlarning inson huquqlarini buzayotganligini inkor etishda davom etmoqda. Ayniqsa, Xitoy BMTning Inson huquqlari kengashida tobora faol ishtirok etib borayotgan bir paytda", - dedi Roberts.
O'tgan hafta Xitoy BMTning Inson huquqlari kengashi a’zoligiga saylandi. Bu 39 davlat, jumladan, AQSh Shinjonda inson huquqlari buzilayotgani uchun Pekinni qoralashidan bir hafta o’tib yuz berdi.
"Biz siyosiy qayta tarbiyalash lagerlarining katta tarmog'i mavjudligidan jiddiy xavotirdamiz. U yerlarda, ishonchli hisobotlarga ko’ra, milliondan ortiq odam o'zboshimchalik bilan hibsda ushlab turilgan", - dedi 39 davlat nomidan gapirgan Germaniyaning BMTdagi elchisi Kristof Xayzgen.
Xitoyning so’zlovchisi Xua Chuning bu xabarlarni Xitoyni bulg'ashga qaratilgan muvaffaqiyatsiz urinish deb atadi.
"Tashqi kuchlarning oz sonli qismi g'arazli niyatlardan kelib chiqib, inson huquqlari nomi ostida ichki ishlarimizga aralashuvni amalga oshirmoqda", - dedi u.
Xitoyning qarama-qarshi ayblovlari
Virjiniya shtatining Manassas shahrida yashovchi 32 yoshli uyg'ur amerikalik Subi Mamat Yuksel ochiq faollik olib borgani bois Xitoy hukumati yo'qolgan otasi Mamat Abdulla qayerdaligini e'lon qilishga majbur bo’lganini aytadi.
"Men deyarli uch yil jim turdim, chunki gapirish unga xavf solishi mumkin deb qo'rqdim", - dedi u.
Uning otasi 2017-yilda AQShga rejalashtirgan safari oldidan hibsga olingan.
Yuksel Shinjon o'rmon xo'jaligi departamentini boshqargan otasi “munofiqlik”da va "bo'lginchi kuchlar bilan til biriktirganlik"da ayblangani haqida 2019-yilda xabar topdi. Uning so'zlariga ko'ra, otasi lagerdan turib unga va AQShdagi akasiga Xitoyga qaytishni va mamlakatdan kechirim so'rashni so'rab xat yozishga majburlangan.
Shinjon hukumati vakili Elijan Anayt bu da'voni rad etib, Abdulla pora olgani uchun umrbod qamoq jazosiga hukm etilganini aytdi.
"Qizining gaplari butunlay to'qib chiqarilgan va xalqaro fikrni chalg'itishga, otasini qo'llab-quvvatlashga hamda Xitoyning Shinjonga nisbatan siyosatiga hujum qilishga qaratilgan", - dedi Anayt iyun oyida bo'lib o'tgan brifingda.
Yevropada yashaydigan yana bir uyg’ur ayolning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, Xitoy rasmiysi unga videomuloqot orqali aloqaga chiqib, ikki yil oldin g’oyib bo’lgan otasi 10 yillik qamoqqa hukm qilinganini aytgan.
"Rasmiy menga “WeChat” ilovasi orqali video qo'ng'iroq qildi va qarindoshlarimning “normal hayot kechirishlarini” istasam, ota-onamning qamoqqa tashlanganligini e'lon qilmasligim kerakligini aytdi", - dedi u.
Facebook Forum