Breaking News

AQSh: Turkiya G'arbga qarshi harakatda


Rossiyaning S-400 raketa sistemasi Turkiyada samolyotdan tushirilmoqda, Anqara, 12-iyul, 2019
Rossiyaning S-400 raketa sistemasi Turkiyada samolyotdan tushirilmoqda, Anqara, 12-iyul, 2019

AQSh Turkiyani Rossiyaning S-400 havo mudofaa tizimini ishga solsa, oqibatlari salbiy bo'ladi, deya ogohlantirmoqda. Moskva bilan ittifoqchilik qimmatga tushadi, deydi rasmiylar.

Vashington va Anqara orasida anchadan beri sovuqlashgan aloqalar Prezident Rajab Toyib Erdog'an Rossiyadan olingan harbiy sistema sinab ko'rilganini tasdiqlagach, yanada keskinlashdi.

Pentagon, AQSh Mudofaa vazirligi, Anqara tutayotgan yo'lni qoralagan. Davlat departamenti esa sanksiyalar qo'yilishi mumkinligini bildirgan.

"Sanksiyalar masalasi ko'rib chiqiladi", - deydi Klark Kuper, Davlat kotibi muovini.

AQSh rasmiylariga ko'ra, Turkiya Rossiyadan olayotgan harbiy vositalar G'arb, va umuman NATO tizimlariga mos emas. Bunday sistemalarni ishga solishning o'zi cheklovlar qo'yishni talab qiladi, deydi ular, ya'ni Amerika chora ko'rishga majbur.

Turkiya 2017-yilda Rossiyadan S-400 havo mudofaa tizimini sotib olishga qaror qilgan. 2019-yilda birinchi qismi kelgan.

AQSh shundan beri Turkiyani F-35 jangovar samolyotlar mashqlaridan chiqargan.

AQSh Davlat kotibi muovini Klark Kuper
AQSh Davlat kotibi muovini Klark Kuper

Davlat departamenti qayd etishicha, Anqara NATO talablariga qarshi harakat qilmoqda. Turkiya Rossiya radar texnologiyasini ishlatib, NATO harbiy sistemalarini xavf ostiga qo'ymoqda. Xavotir shuki, deydi rasmiylar, Rossiya harbiy mahsulotlari Turkiyada NATOga qarshi qo'llanilishi mumkin.

Erdog'an Vashington xavotirlari va ogohlantirishlari uning uchun ahamiyatsiz ekanini aytgan.

Davlat kotibi muovini Kuper deydiki, Anqara tanlagan yo'l na o'ziga, na uning NATOdagi hamkorlariga naf keltiradi.

"Turkiyaning G'arbdan uzoqlashishi ulkan zarar keltiradi. Foyda ko'radigan bir tomon bor, u ham bo'lsa, Moskva".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG