6-noyabr kuni oqshom Amerika xalqiga murojaat qilar ekan, prezidentlikka nomzod demokrat Jo Bayden g'alaba qilishiga ishonch bildirib, yakuniy natijadan umidvor ekanini aytdi.
"Biz yutishimiz aniq. Ovozlar sanab bo'linmagan shtatlarda oldindamiz. Bizga 74 milliondan oshiq amerikalik ovoz berdi. Tarixda demokratlar bu qadar ko'p ovoz olmagan", - dedi Bayden.
"Prezident Trampga berilgan ovoz bilan qiyoslaganda, biz 4 milliondan ko'proq ovoz olganmiz. Raqamlar daqiqa sayin o'zgarmoqda. G'alaba biz tomonda, lekin yakuniy natijani kutamiz. Sabr qilamiz."
Nomzod Amerikani birdamlikka, hamjihatlikka undadi.
"Biz dushman emasmiz, raqiblarmiz", - deydi Bayden Prezident Trampga ishora qilib.
"Bizga ovoz bermagan fuqarolar dardini ham tinglaymiz va ularga ham xizmat qilamiz".
Olti shtatdan hamon yakuniy natijadan darak yo'q: Pensilvaniya, Jorjiya, Arizona, Nevada, Alyaska va Shimoliy Karolina.
Pochta orqali va erta berilgan ovozlar sanalar ekan, oxirgi ikki kunda Bayden bu shtatlarning aksariyatida Trampdan o'tib ketdi.
Ularning har biri Saylov kollegiyasining ovozi kimga ketishini hal qilmasdan turib, aniq g'alaba haqida xulosa qilish qiyin.
Ammo Bayden hisobida hozir Saylov kollegiyasining 253 ovozi bor. Trampda esa 213 ovoz. Yutish uchun Baydenga yana 17 ovoz kerak. Demokratlar ular yaqin orada qo'lga kiritiladi, degan ishonchda. 270 ovoz olgan shaxs - g'olib.
Prezident Tramp esa yuqorida qayd etilgan shtatlar va Amerikaning boshqa qismlaridagi saylov tizimi yuzasidan shikoyat qilib, ovozlar qayta sanalishini talab qilmoqda. Uning advokatlari bu borada harakat boshlagan.
Barcha shtatlar o'zini himoya qilmoqda. Biror shtat jarayonda jiddiy kamchiliklarga yo'l qo'yilgani yoki nodemokratik qadam tashlangani haqida da'volarni qabul qilmayapti.
Ovozlar borasida nimaiki arz bo'lsa, yakuniy natija chiqqanidan keyin tegishli organlarga murojaat qilish mumkin, deya eslatmoqda mutasaddilar.
Respublikachi arboblar ham Prezident Trampni tizimga ishonishga undab, nimaiki tekshirilishini xohlasa, natijadan so'ng kuchli asos bilan arz qilish mumkin, deya eslatmoqda.
Bayden fikricha esa Amerika demokratiyasi qanchalik kuchli va samarali ekanini bu saylov yaqqol ko'rsatmoqda.
Amerikada 240 millionga yaqin odam ovoz berish huquqiga ega bo'lsa, shulardan 160 millionga yaqini bu yil saylovda qatnashgan. Uchdan ikki qismi pochta orqali yoki erta ovoz bergan. Amerikaliklar o'tgan bir asr davomida hech bir saylovda bu qadar katta sonda ishtirok etmagan.
Facebook Forum