Prezident Donald Tramp ma'muriyati xalqaro talabalar va immigratsiya bo’yicha qo’ygan cheklovlar yangi saylangan prezident Jo Bayden davrida bekor qilinishi kutilmoqda.
"Xalqaro talabalar endi AQShda o'zlarini xavfsizroq his qiladi", - deydi Jorjiya davlat universiteti talabasi, ukrainalik Roman Ivasiy.
COVID pandemiyasi mart oyidan beri AQSh bo'ylab kollejlar va universitetlar yopilishiga sabab bo’ldi va chet ellik talabalar bir muddat talabalik vizasi maqomidan mahrum bo’lish xavfi ostida ham qoldi.
Tramp ma'muriyati chet ellik talabalarga AQShda o'qishni tugatgandan so'ng uch yilgacha qolib ishlash imkoniyatini beradigan OPT dasturini cheklash niyatida ekanini e’lon qildi.
"AQShda o'tkazilgan saylovlarni kuzatish juda og'ir bo'ldi. Yilning ko'p qismini AQShda o'tkazadigan kishi sifatida menga muqarrar ravishda ta'sir qiladigan jarayonda ishtirok eta olmaslik haqiqatdan ham qiyin", - deydi Kornell universitetining braziliyalik talabasi Mariana.
Xalqaro talabalar Tramp ma'muriyati davrida talaba vizalari qoidalarining bir necha bor o'zgarishiga duch keldi; bu esa millionlab xorijliklarning o'qishlarini uzluksiz davom ettirish rejalariga xavf soldi.
Sentabr oyida Ichki xavfsizlik vazirligi F yoki J talabalik vizalarini uzog’i bilan to'rt yillik muddatga berish bo’yicha yangi qoidani taklif etdi. Vaholanki, ba’zi o'quv dasturlari to’rt yildan uzoqroq davom etdi.
Agar talaba viza muddati o’tib qolib ketuvchilar miqdori 10 foizdan yuqori bo’lgan yoki terrorizm ro’yxatida turadigan davlatdan bo’lsa, u holda viza maksimum ikki yilgacha beriladi, xolos.
Avgust oyida Immigratsiya va bojxona nazorati pandemiya yoki deportatsiya paytida AQSh universitetlari va kollejlarida faqat onlayn kurs olayotgan xalqaro talabalardan o’z mamlakatiga ketishni talab qildi. Ushbu qoida universitetlar va talabalarning keskin noroziligiga duch kelgandan keyin bekor qilindi.
Shuningdek, Tramp may oyida xitoylik aspirantlarni AQShdan noqonuniy ravishda intellektual mulk o’g’irlayotganlikda ayblab, ularning Amerikaga kirishini taqiqlash to'g'risida buyruq chiqardi.
"Trampning xalqaro talabalar huquqlarini cheklashga bir necha bor urinishini asabiy holda kuzatdim, - deydi Minnesota universitetida o’qiyotgan rossiyalik talaba Anna Shchetinina. - Ammo men Bayden davrida Rossiya va AQSh o'rtasidagi munosabatlar yanada murakkablashishi mumkinligini ham tushunaman”.
"Biz Fulbrayt dasturi qatnashchilari sifatida imtiyozga egamiz, chunki biz to'g'ridan-to'g'ri Davlat departamenti homiyligidamiz, - deydi Vashington davlat universitetida tahsil olayotgan dominikalik talaba Xose Almodovar. - Ammo ko'plab xalqaro talabalarda bunday emas va ular prezident Tramp davrida hech qanday sababsiz viza imtiyozlari bekor qilinishi xavfi bilan yuzlashdi".
Ba'zilar saylovdan so’ng xalqaro talabalarga doir siyosatda katta o'zgarishlarni kutmayotganini aytadi.
“Menimcha, Bayden yanada mo'tadil bo'ladi, ammo viza tizimida ijobiy tub o'zgarishlarni amalga oshirmaydi. Shunday qilib, uning ma'muriyati kamroq ksenofobik siyosat olib boradi, ammo bu yerda chet ellik talabalar foydasiga viza qoidalarini ham keskin o'zgartirmaydi ”, - dedi Nyu-Yorkdagi Stoni Bruk universitetining misrlik talabasi, 26 yoshli Muhammad Badaviy.
"Men uchun, jamoat salomatligi bo'yicha talaba sifatida, Oq uyda butun mamlakat bo'ylab sog'liqni saqlash mutaxassislarining ishini obro'sizlantirmaydigan va pandemiyaga qarshi kurashda qo'llaniladigan ilmiy tajribani hurmat qiladigan odamni ko'rish afzalroqdir", - deydi Ivasiy.
"Federal fondlar xalqaro talabalar uchun ham moliyaviy yordam ajratsa, yaxshi bo’lardi - deydi yana bir talaba Ayesha-Virasto.
Xalqaro talabalar federal hukumatdan emas, balki boshqa kichik moliyaviy yordam dasturlaridan o’qish uchun mablag’ olishlari mumkin. Xalqaro ta'lim instituti ma'lumotiga ko'ra, chet ellik talabalarning 60 foizdan ortig'i o'qish va yashash to'lovlarini o’z hisobidan qoplaydi.
Facebook Forum