Breaking News

Ozarbayjonliklar xarobaga aylangan Tog'li Qorabog'ga kirib bormoqda


Armanlar hududni tark etish oldidan ko'plab uylarga o't qo'ygan.
Armanlar hududni tark etish oldidan ko'plab uylarga o't qo'ygan.

Ozarbayjon chorak asr oldin boy berilgan hududlarini Armanistondan qaytarib olar ekan, bu yerlarda ilgari yashagan ozarbayjonliklarni sobiq vatanlarida urushdan qolgan vayronalar kutib turibdi.

Taxminan 600 ming ozarbayjonlik 1990-yillardagi urush tufayli Tog’li Qorabog’ni tashlab ketgan. Joriy yil olti hafta davom etgan janglar davomida Ozarbayjon Tog'li Qorabog'ning katta qismini qaytarib oldi.

Janglarni to'xtatish bo’yicha tuzilgan sulh bitimi doirasida yana qo’shimcha ba’zi hududlar ham qaytarilmoqda.

Ozarbayjon kuchlari juma kuni qo’lga kiritilgan birinchi hudud – Ag’dam shahriga kirib bordi. Bu yerdagi uylarning katta qismi yashashga yaroqsiz. Bir paytlar 50 ming kishi istiqomat qilgan Ag’dam shahri bugun xarobaga aylangan.

1992-yil birinchi urush paytida Tog’li Qorabog’ni tark etgan va hozir Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida yashayotgan 62 yoshli Adil Sharifov o’zi tug’ilib o’sgan Jabrayil shahriga qaytish orzusi bilan yashaydi.

Jabrayil yaqinda bo'lib o'tgan janglar tugamasdan Ozarbayjon qo'shinlari tomonidan qaytarib olingan chekka hududlardan biri. Olinganidan ko'p o'tmay, Sharifovning bir amakivachchasi u yerga borib, shahar vayron bo'lganini, shu jumladan, Sharifovning oilasi ilgari yashagan katta bog’li xonadon xarobaga aylanganini aniqladi.

Adil Sharifov (markazda) oilasi
Adil Sharifov (markazda) oilasi

Shunga qaramay, "qaytib borgan kunim men uchun eng katta baxt bo'ladi", deydi Adil Sharifov.

Uning so'zlariga ko'ra, ko'p yillar davomida uning oilasi internetda Jabrayil haqidagi xabarlarni kuzatib borgan. Ular vayronagarchilik dahshatli ekanini bilar edi, ammo Sharifovning aytishicha, marhum onasi doim uylari saqlanib qolgani haqidagi umid bilan yashagan.

"Men endi bundan ham yaxshiroq uy quraman", - deb qo’shimcha qildi u.

50 yoshli Ulviya Jumayeva olti haftalik urush ortidan Ozarbayjon kuchlari qaytarib olgan Shusha shahrida tug’ilgan. U yana ona shahriga qaytish umidida.

Uning ukasi Nasimi so’nggi janglarda qatnashdi. U opasiga telefon qilib, 1992-yilda oilasi tashlab ketgan uylari buzilmaganini aytdi. Lekin uydagi narsalar tashib ketilgan.

“Uning so'zlariga ko'ra, bizdan keyin u yerda armanlar yashaganligi aniq, keyin ular hamma narsani olib ketishgan. Ammo biz bolaligimizdan qarashni yaxshi ko'rgan dahlizdagi katta oynamiz qolibdi. Ehtimol, mening nabiralarim bu oynaga qarashar endi", - deydi Jumayeva.

"Bokuda hammamizning uyimiz bor, lekin hamma ularni doimiy emas deb hisoblaydi. Chunki biz yillar davomida Shushaga qaytamiz degan umidda yashadik, - deydi u. - Bizning yuragimiz, o’y-xayolimiz doimo o'z shahrimizda qolgan”.

Jumayeva ayni paytda armanlarga nisbatan fikri o’zgarganini ham aytadi.

“Maktabdagi do'stlarim asosan armanlar edi. Oddiy armanlarga hech qachon yomon munosabatda bo'lmaganman, chunki urushni boshlagan ularning jinoiy rahbarlari edi. Ular o'z xalqlariga ham qirg'in, urush va qayg'u olib keldi", - deydi u.

"Ammo hozirgi voqealardan so'ng, tinch shaharlarning o'qqa tutilishi, Qorabog'dan tashqarida bo'lgan bizning hududlarimizni tark etayotgan armanlar ozarbayjonlarlardan noqonuniy tortib olingan uylarni yoqib yuborishganlarini ko’rib, men ularga munosabatimni o'zgartirdim. Men, ozarbayjonliklar armanlar yonida tinch yashay olmasligimizni tushundim", - deya qo’shimcha qiladi ayol.

Sharifov bu masalada mo'tadil fikrda. U diniy urf-odatlari turlicha bo'lgan ikki etnik guruh hali ham hamjihatlikda yashash imkoniyatiga ega deb hisoblaydi.

"Agar armanlar Ozarbayjon qonunlariga rioya qilsa, bizni dushman sifatida ko’rmasa, u holda biz tinch yashay olamiz. Otishma vaqti tugadi. Qurbonlar yetarli darajada berildi. Biz tinchlik xohlaymiz, biz urush istamaymiz”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG