Breaking News

Qirg’iziston: Nogironlar BMT konvensiyasi tatbiq etilishini kutmoqda


Qirg’iziston: Nogironlarning ish topishi juda qiyin
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:37 0:00

Hasanboy Xolboʻtayev - birinchi guruh nogironi. U Oʻsh shahriga yaqin Narimon qishlogʻida yashaydi. Oʻrta taʼlimni Oʻzbekistondagi maxsus maktabda olgan. Keyinchalik Oʻsh davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. Oilali. Hasanboy oʻz kasbi boʻyicha qisqa vaqt ishladi, ammo keyin boshqa biror ishga joylasha olmayapti.

U oʻzi kabi imkoniyati cheklangan insonlarning Qirgʻizistonda ish topishi juda qiyin ekanini aytadi.

“Bir muddat Oʻshdagi “Intimoq” radiosida imkoniyati cheklangan insonlar haqida radio dastur tayyorladim. Dastur oʻz samarasini berdi deb oʻylayman. Lekin keyinchalik rahbarlar nimagadir bu dasturni yopishdi. Shundan beri biror yerdan ish topa olmadim. Balki men jurnalistikaga oʻqib xato qilgandirman deb oʻylab qolaman. Chunki jurnalistika tezkorlik kabi bir qator biz kabilarning imkoni boʻlmaydigan sifatlarni talab qiladi. Ammo boshqa tomondan oʻz kasbining ustasi boʻlgan, ammo imkoniyati cheklangani uchun ish topolmay ishsiz yurgan tanishlarim ham koʻp. Hatto ular ham Qirgʻizistonda ish topa olishmayapti”, - deydi u.

Rasmiy maʼlumotga koʻra imkoniyati cheklangan odamlar Qirgʻizistondagi umumiy aholining uch foizini tashkil etadi. Boshqacha aytganda, mamlakatda Hasanboy Xolboʻtayev kabi 180 ming nafardan ortiq imkoniyati cheklangan fuqarolar bor. Ularning 30 mingga yaqini balogʻat yoshiga yetmagan.

Bir yarim yil avval Qirgʻiziston nogironlarning huquqlari to’g’risidagi BMT konvensiyasini ratifikatsiyaladi. Garchi Qirgʻiziston hukumati mazkur konvensiyaga 2011-yili imzo chekib, unga qoʻshilish niyatini bildirgan boʻlsa ham, shartlarni amalga oshirish uchun mablagʻ yoʻqligi bois ratifikatsiya 8 yilga choʻzilib ketgan. Bu haqda Oʻsh shahrida imkoniyati cheklangan fuqarolarning huquqlari va konvensiya mavzusida oʻtgan brifingda aytib oʻtildi.

Tadbirda ishtirok etgan BMTning inson huquqlari boʻyicha qo’mitasi vakili Zohid Madrahimovning aytishicha, konvensiyaning bosh maqsadi imkoniyati cheklangan odamlarning teng huquqliligini himoya qilish va taʼminlashdan iborat.

“Qirgʻiziston hukumati konvensiyani ratifikatsiya qilish yoʻli bilan oʻziga bir qator majburiyatlarni oldi. Bu kelishuvni amalga oshirish uchun davlat ko’plab ishlarni amalga oshirishi va bu boʻyicha BMT qoʻmitasi huzurida hisobot berishi lozim. Konvensiyaga koʻra, davlat imkoniyati cheklangan odamlarning teng huquqliligini himoya qilishi va taʼminlashi kerak. Mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida ishtirok etish kabi imkoniyatlarni yaratishi kerak. Shuningdek, boshqa koʻplab konvensiyada yozilgan talablarni bajarishi lozim”, - deydi Madrahimov.

Konvensiyada 51 modda mavjud. Jumladan, davlat imkoniyati cheklanganlarga inklyuziv taʼlim olish imkonini berishi kerak. Shartnoma talablarini barcha davlat idoralari bajarishi lozim.

“Imkoniyati cheklanganlarning inklyuziv taʼlimi boʻyicha bir qator ishlarni qilib kelmoqdamiz. Ammo buni amalga oshirish birgina nodavlat tashkilotlar yoki yana boshqa qaysidir idorada ishlagan odamlarning qoʻlidan kelmaydi. Bu mamlakat darajasida koʻtarilishi kerak boʻlgan masala. Inklyuziv taʼlimni, tadbirlarni uyushtirish uchun barcha bolalar birdek boʻlishi kerak. Qandaydir jihatdan imkoniyati cheklangan bolaning maktabga borishi yoki teatr, kutubxonaga borishi uchun jismoniy tomondan toʻsqinlik boʻlsa, u bola boshqalardek u yerlarga bora olmaydi. Biz dastlab inklyuziv jamiyatni qurish uchun ularga toʻsiq boʻluvchi muammolarni bartaraf qilish ustida ishlashimiz kerak. Ammo hozirda bu faqatgina gapligicha qolmoqda. Inklyuziv jamiyat Qirgʻizistonda hozirgi kunda rivojlanmagan”, - deydi “Qoʻl tabi” jamoat xayriya jamg'armasining vakili Suusar Saginbayeva.

Qirgʻiziston 10 yilda konvensiyaning talablarini amalga oshirish uchun 6 milliard so’mdan ortiq mablag’ sarflashi kerak. Ayni vaqtda mamlakatning bir yillik byudjeti 160 milliard so’mga yaqin.

Mutaxassislarning aytishicha, konvensiyaning ratifikatsiyalanishi katta gʻalaba. Ammo davlat bu borada zaruriy tadbirlarni amalga oshirishni ortga surib kelmoqda.

“Bunga sabab hozirgi kunga qadar mamlakat tomonidan konvensiyani amalga oshirish uchun birinchi galda qilinishi kerak boʻlgan tadbirlar boʻyicha hujjat rasmiylashtirilmagan. Agar bu hujjat qabul qilinsa, har bir tashkilot oʻziga javobgarlikni oladi”, - deydi “Jangʻiriq” Milliy tarmogʻining vakili Zaynab Eshmuratova.

Uning qoʻshimcha qilishicha, agar qonun ishlab tursa, imkoniyati cheklanganlar oldidagi taʼlim olish, koʻchada erkin harakatlanish, ishga joylashish kabi koʻplab muammolar asta-sekin boʻlsa ham hal boʻlib boradi.

Ammo mutaxassislar pandemiya, mamlakatdagi siyosiy vaziyat hamda iqtisodiy tanglik birinchi galda hal qilinishi kerak boʻlgan tadbirlar boʻyicha hujjatning qabul qilinishini kechiktirayotgan bo’lishi mumkin deb hisoblaydi.

Hasanboy Xolboʻtayevning fikriga koʻra, imkoniyati cheklangan fuqarolarning jamiyatga moslashishi, oʻzini boshqalar bilan teng huquqli sezishi uchun davlat koʻmagi bilan birga imkoniyati cheklanganlarda oʻziga boʻlgan ishonchni oʻstirish zarur.

“Imkoniyati cheklangan insonlarda oʻziga boʻlgan ishonch shakllanmas ekan, ular oʻzini erkin his qilishi, biror yerda ishlab ketishi juda qiyin. Bu ishonchning paydo boʻlishi uchun esa ota-ona nogiron farzandiga nisbatan qanday munosabatda boʻlayotganini qayta oʻylab koʻrishi kerak. Ortiqcha ehtiyotlash, haddan ortiq mehribonlik ham farzandiga zarar berishi mumkinligini tushunishlarini istardim”, - deydi u.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG