Breaking News

Pandemiya AQShdagi vatandoshlar biznesiga qanday ta'sir qildi?


Koronavirus: AQShda vatandoshlar ochgan bizneslar qay ahvolda?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:21:27 0:00

O’zbekistondan kelib Nyu-York va uning atrofida yashayotgan immigrantlar soni yildan yilga ko’paymoqda. Yangi joyda o’rnashib olgach, o’zbekistonlik immigrantlar vaqt o’tishi bilan o’z bizneslarini ham ochishyapti.

Bugungi kunda Bruklin tumani bo’ylab kezarkansiz, ular asos solgan korxonalarni ko’p uchratasiz. Oldinlari, ayniqsa, bunday bizneslarni o’zbekistonliklar zich istiqomat qiladigan tumanning gavjum Braytonidan tortib, Bensonxerst, Boro park kabi mavzelarida uchratgan bo’lsak, endilikda esa ular korxona va ofislarini yanada ichkariroq mavzelarda ham ochishayotganiga guvoh bo’lyapmiz.

O’zbekistonlik vatandoshlar yuritayotgan bizneslar uchun ham pandemiya davri oson kechmayapti.

Xo’sh, koronavirus pandemiyasi ularning faoliyatiga qanday ta’sir qildi? O’zbekistonliklar Qo’shma Shtatlarda, ayniqsa, qaysi sohalarda biznes boshlashda faol? Ularning pandemiya va undan keyingi davrdagi ahvoli qanday kechishi-yu, o’zbekistonlik immigrantlarga tegishli bizneslargagina xos muammolar nimalardan iborat? Qolaversa, ularning istiqboliga ta’sir qiladigan omillar haqida nimalarni bilishimiz kerak?

Ana shu savollarga javob topish uchun “Amerika Ovozi” biznes-maslahatchi Suhrob Ismoilov bilan muloqot o’tkazdi. Ismoilov asli o’zbekistonlik, bugungi kunda Nyu-Yorkda yashab faoliyat ko’rsatayotgan tajribali mutaxassislardan biri.

Quyida Suhrob Ismoilov fikrlari bilan tanishing.

Pandemiya va o’zbekistonlik muhojirlar bizneslari

Pandemiyaning aynan o’zbekistonliklarimiz kelib AQShda ochgan bizneslariga ta’siri juda katta, salmoqli bo’ldi deyish mumkin. Chunki uning nafaqat o’zbekistonliklar ochgan biznes turlariga, umuman, butun AQSh iqtisodiyotiga ta’siri katta bo’ldi. Biz shuni ko’zda tutishimiz kerakki, ko’pgina vatandoshlarimiz ochgan bizneslar kichik va o’rta biznes turkumiga mansub. O’zbekistonliklar ochgan bizneslar ichida ayniqsa kichik biznes juda ham ko’p. AQShda umuman olib qarasak, qariyb 99 foiz ish bilan ta’minlovchi, iqtisodiyotda bular kichik biznesga tegishli soha hisoblanadi.

O’zbekistonliklarimiz ochgan kichik biznes sohalariga pandemiyaning ta’siri juda katta bo’ldi. Va buning orasida biz aynan qaysi sohaga tegishli biznes ekanligini ham ajratib ko’rsatsak, uning ko’lami aniqroq bo’ladi. Masalan, shaxsiy xizmatlar ko’rsatish, xususan go’zallik salonlari, massaj salonlari, sartaroshxonalar, restoranlar sohalari, shunga o’xshagan sohalardagi kichik bizneslarni yurg’izayotgan vatandoshlarimizning ishlariga juda katta ta’siri bo’ldi, salbiy ta’siri. Chunki pandemiya birinchi kunlaridan mana shu joylar to’xtab qolishi, yopilib qolishiga sabab bo’ldi.

Lekin avtoxizmatlar ko’rsatish, oziq-ovqatlar sotish yoki logistika, transport sohasida xizmat ko’rsatayotgan bizneslarning egalari bo’lgan vatandoshlarga katta ta’siri bo’lmadi desak ham bo’ladi.

Restoranlar pandemiyadan eng ko’p zarar ko’rgan sohalardan. Ammo, o’zbekistonliklarning restoranlarida ahvoli o’zgacha. Nega?

Restoranlar umuman biznes turi sifatida pandemiyadan eng ko’p zarar chekkan biznes turiga mansub bo’lyapti hozir. Bu hozirgacha davom etyapti, shuni ham ko’zda tutishimiz kerak. Birinchi paydemiya sodir bo’lganda ko’pchilik buni nari borsa 3-4 oy davom etadi deb shunga tayyorgarlik ko’rishgandi. Ko’pchilik umuman tayyor ham emasdi. Nafaqat biznes egalari, balki davlat miqyosida gapiradigan bo’lsak hykumat ham, davlat ham tayyormasdi. Shundan kelib chiqib restoran egalari ham tayyor bo’lmaganlari allaqachon yopilib ketdi. Uzoqqa borish shart emas, Bruklin ko’chalari bo’ylab aylanib yursangiz juda ham ko’pchilik, ilgari restoran bo’lgan joylarda biz shu joyni ijaraga beryapmiz, degan yozuvlarni ko’rishimiz mumkin. Bunaqa joylar to’lib ketgan. Mana shu vaziyatga tez moslashib olgani, o’zlarining asosiy sotuv ko’lamini onlaynga, kelib olib ketishga, o’zlarining mijozlari olib ketishiga, yoki yetkazib berishiga moslasha olgani va shu narsalarga kerakli mablag’larini yo’naltirib investitsiya qila olgani hozircha turibdi. Lekin ularning ishlari juda ham yaxshi emas. Ular ham o’zlarining kundalik xarajatlarini zo’rg’a qoplashga pullari bor, xolos.

Men ko’pchilik biznes egalari bilan gaplashayapman, shu restoran sohasidagilari bilan, ko’plarining qo’llaridagi bor mablag’ nari borsa bir oylik biznes xarajatlarini qoplashlariga yetadi. Foydani gapirmasak ham bo’ladi. Ko’plari mana shunaqa mavhum holatda. Muallaq osilib turibdi desak ham bo’ladi.

AQShda bizneslarni eng ko’p monitoring qiladigan, ularning ishlarini monitoring qiladigan platformalardan biri bu YELP. Bizneslarga baho beradi, bizneslarning soatlarini ko’rsatadi. Ularning mijozlari fikrlarini o’rganadi, to’playdi. YELP oktabr oyida 2020-yilda hisobot chiqardi, pandemiyaning bizneslarga ta’sirini o’rganib. Mana shunda ham aytilyaptiki, shu kecha-kunduzgacha pandemiya boshlangandan hozirgi kungacha 190 mingga yaqin biznes o’zini yopdi, yopildi deb e’lon qildi. Shulardan 100 mingtasi doimiyga yopildi. 100 mingta doimiyga yopilgani ichidan 31 mingtasi, bu 30 foizdan biroz oshig’i aynan restoran sohasidagi bizneslar.

Lekin boshqa tararfdan men restoran sohasini salgina o’zbekistonliklarimiz ochgan turini ajratib ham ko’rsatgan bo’lardim. Boshqa restoran turlaridan ko’ra bizning o’zbekistonliklar ochgan va o’zimizning marketga, o’zimizning o’zbekistonliklar jamiyatiga mo’ljallangan restoranlarimizning ishlari baribir boshqa restoranlarga nisbatan yaxshiroq. Nega? Chunki bizning odamlarimiz shirin-shirin taomlarni yaxshi ko’radilar, bizning odamlarimiz tez-tez bazmlar qilib turadilar. Pandemiya davrida ham to’ylar to’xtagani yo’q. Hattoki, mana shu yerda [Nyu-Yorkda] ham. Mana shuning natijasida boshqa restoranlar bilan solishtirganda biznikilar ochgan restoranlar ahvoli sal yaxshiroq. Lekin ular ham baribir qiyin ahvolda.

Pandemiyadan keyin kichik biznesni nimalar kutyapti?

“Pandemiyadan keyin hamma bashoratlarimiz to’g’ri chiqmasligi mumkin, negaki pandemiyaning o’zi hali davom etib turibdi. Mana kuni kecha, bir hafta bo’ldi rasmiy xabarlar tarqala boshladi, Amerikaning 45 ta shtatida pandemiyaning o’sishi, yangi kasallanishlar holati aniqlanishi birdaniga keskin o’sdi. Va bu sohani kuzatib borayotgan ko’pgina mutaxassislar allaqachon ikkinchi oqim hozir boshlanayotgani to’g’risida gapirishyapti. Shuning uchun bu holat hali davom etib turibdi. Men o’ylaymanki, hali ko’proq kichik bizneslar yopilishini kutsak bo’ladi. Pandemiya boshlanganidan keyin vaqtincha ishimizni to’xtatdik, yopildik deb 190 mingtasi, qariyb 200 mingtasi e’lon qilgan bo’lsa, boyagi YELPning ma’lumotiga tayanadigan bo’lsak, shulardan 100 mingtasi doimiy yopildi. Mening o’ylashimcha, keyingi yil yana mana shu paytga kelib analiz qiladigan bo’lsak, 2021-yilning oxirigacha, hali 2021-yilda ham bu hali davom etadi, pandemiya. Vaksinalar kiritilgani bilan bu tez bo’lmaydi. Menimcha, yana 50 mingtaga yaqin eng ko’p tarqalgan, eng ko’p ish bilan ta’minlovchi kichik biznes holatlarini yopilishini biz kuzatishimiz mumkin bo’ladi. 100 mingga yana 50 ming qo’shilishi mumkin, kamida. Boshqa tarafdan ko’pchilik biznes egalari pandemiyaga allaqachon o’rganishdi. Pandemiya holatida o’zlarini qanday tutishlari, bizneslarini qanday yuritishlari kerakligini allaqachon o’rganishdi. Bu yerda bitta katta narsa kalit xulosa hisoblanadi. O’shani tushungan biznes egasi ilgarilaydi. Va bu davrlardan o’tib ketib ishlarini yaxshilab oladi. Shu narsani tushunmagan bizneslar bankrot bo’ladi va yopiladi. Kalit xulosa shundan iboratki, siz daromadlaringizni keskin tushib ketishi natijasida, pandemiyani ta’siri sifatida, chunki mijozlar kamaydi, daromadlar keskin tushib ketdi, daromadlar keskin tushib ketishiga qaramay ko’p bizneslarni xarajatlari muallaq qolyapti, o’sha darajada. Salgina, 20 foizga pasayish kuzatilishi mumkin, lekin asosiy qismi qolyapti baribir. Lekin daromad juda keskin tushib ketdi. Ko’pchilik mana shu holatda biznes egalari qanday qilib daromadlar tushib ketgan paytda xarajatlarni kerak bo’lmaganini qisqartirib, lekin daromadni o’stirishiga yangi davrda yordam beradigan xarajatlarga pul tikishni yaxshi yo’lini o’rganib olishgan bo’lsa, o’shalar yangi davrga mos va tayyor bo’ladi. Xarajatlarni qisqartirib daromadlarni ko’tarishga yordam beradigan yangi xarajatlar nima? Bu o’sha biznesni ko’proq onlaynga o’tkazishga tayyorlash, biznesda mijozlarga masofadan turib xizmat ko’rsatishga yoki mahsulotlarni kelib mijozni o’zimas, balki mijozga yetkazib berishga tayyorlash. Mana shunaqa platformalarga, xususan veb saytlarga, veb saytlari bo’lsa uni yaxshilash, optimizatsiya qilish, Google yoki Facebook yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlarda pulli reklama berishni o’rganish, buni ham bir test qilib ko’rish, mana shunaqa narsalarga moslasha olganlar tezroq bu davrdan o’tib ketadi va yaxshi foydaga kira boshlaydi. Lekin bu narsani, bu jarayonni hali biz yaqqol tugadi va uzil kesil oxirgi xulosalarni ayta olamiz, deyolmaymiz. Chunki bu hali davom etib turibdi.

Bruklin - o’zbekistonliklar eng ko’p restoran va oshxonalar ochgan hudud. Nega?

“Men boshqa shtatlardagi bizneslarni ham kuzataman. Aynan restoran sohasini ham. O’zbekistonliklarimiz ochganini, Nyu-Yorkdagi, Bruklindagi bilan, men Filadelfiyadagisini ham kuzataman, Ogayo va Chikagodagisini ham kuzataman. U yerlarda ham hozir ochilyapti. O’zbekistonliklarimiz restoranlar ochgan. Lekin market tomonidan, talab tomonidan, bozorbopligi tomonidan baribir Bruklin boshqacha. Nyu-Yorkni o’zi boshqacha, lekin Nyu-York ichida ham Bruklin va Kvins boshqacharoq. Bruklin baribir birinchi o’rinda turadi. Chunki Bruklinda Amerikaning boshqa joylaridan ko’ra sobiq SSSRdan chiqqan eng ko’p komyuniti to’plangan. O’sha xalqlar mujassamlashgan. Ular O’zbekistonda yashamagan bo’lsa-da, ichida O’zbekistonda yashaganlari ham ko’p, bu yerda to’plangan boshqa millat vakillari, O’zbekistonda yashamagan bo’lsa-da, lekin aynan bizning oshxonani, bizning taomlarni xush ko’radigan va ancha yillardan beri ko’ngil qo’yganlari ko’p. Shuning uchun bozorbopligi tarafdan, talab tomonidan baribir bu yoqda prioritetlar boshqacha bo’ladi. Shuning uchun boya boshqa savolga javob berish jarayonida ham aytib o’tdim, qisman, o’zbekistonliklarimiz ochgan restoran biznesida mana shuni o’ziga xos kuchli jihati bor. Boshqa millatlar ochgan restoranlarni ham o’ziga yarasha shunaqa tomonlari bo’lishi mumkin, lekin bu yerda bu kuchli. Bu yerda ayniqsa Bruklinning aynan mana shu qismida ochilgan restoranlarni ishlari ayniqsa yaxshi bo’ladi.

Qo’shma Shtatlarda o’zbekistonliklar ochayotgan qanday an’anaviy biznes turlari shakllangan?

“Avvalo aytib o’tish kerak, bizning vatandoshlarimiz tadbirkor xalq. Ko’pchiligimizni boshqa xalqlar bilan solishtiradigan bo’lsak, AQShga kelganimizga qisqa fursat bo’lganligiga qaramasdan muhojir, musofir sifatida, keliboq 2-3 yilda sharoitni o’rganib biror biznesni ochishga harakat qilamiz. Chunki qo’limizdan ish keladi. Mehnatkashmiz. Tez o’rganamiz va ko’pchiligimiz halol ishlaymiz. Mijozlarga xizmat ko’rsatishni o’rniga qo’ya olamiz. Shu jihatlarimiz kuchli tarafimiz. Mana shunga tayanib ko’pchilik vatandoshlarimiz asosan birinchi bizneslarini boshlayotganlarida o’zimiznikilar uchun an’anaviy bo’lgan sohalardan boshlashadi. Bu ham bo’lsa oziq-ovqat sohasi, restoran yoki oziq-ovqat do’konlari. Shunda ham o’zimizning taomlarga va o’zimizning xalqimiz sotib oladigan oziq-ovqat mahsulotlariga ko’proq urg’u beramiz. Bu juda ham to’g’ri, biznes tomonidan juda to’g’ri o’ylangan. Nimaga talab bo’lsa shuni taklif qilish kerak. Transport logistika sohasi juda ham kuchli. Juda ko’p shtatlarda 300-400 ta, 500 tagacha “truck”lar (katta yuk mashinalari) sonini yetkazayotgan, shuncha haydovchilarni ish bilan ta’minlayotgan biznes egalari ham bor. Ular o’zimizning o’zbekistonliklar. Logistika va transport sohasiga tegishli yana bir soha keyingi 3-4 yilda juda keng rivojlandi. Bu soha orqali ular nafaqat bu yerda, balki O’zbekistondagilarni ham qisman ish bilan ta’minlashga o’tishyapti. Kapitallari, valyutalarining bir qismi, bizneslarining bir qismi O’zbekistonga ham ketyapti. O’zbekiston iqtisodiyotiga. Bu ham bo’lsa “truck” logistikasining ba’zi bir yo’nalishlarini arzon ishchi kuchi hisobiga O’zbekistonda ochib, O’zbekistonga “outsorce” (ishning bir qismini tashqi yetkazuvchilarga bajartirish) qilishyapti. Masalan dispetcherlik xizmatlarini, buxgalteriya xizmatlarini, brokerlik xizmatlarini, Call-markazlarini. Shunga o’xshagan xizmatlar yo’nalishlarini shu soha biznes egalari, vatandoshlarimiz O’zbekistonga “outsorce” qilishyapti va [bizneslarini] kengaytirishyapti. Yaxshiroq yo’llariga o’tishyapti. Buning natijasida bizneslarini xarajatlari anchaga kamayapti.

Chunki bu yerda ham shu ishlar bilan ta’minlashsa va ishchi yollashsa bitta narx, o’zimizga “ousorce” qilib u yerda ochishsa boshqa narx. Bu soha rivojlanyapti. IT sohasini men alohida aytib o’tgan bo’lardim. IT sohasida o’zbekistonliklarimiz asosan ikkita yo’nalishda yangi-yangi bizneslar ochishyapti. Oxirgi 5 yilda bu kuchaydi. Birinchisi bu dastur ishlab chiqarish va shu bilan aloqador boshqa xizmatlarni ko’rsatish - boshqa katta-katta kompaniyalarga. Ikkinchisi shu soha mutaxassislarini tayyorlab berish.Ta’lim berish. Men mana shu ikki sohani istiqbolli deb ko’rsatgan bo’lardim. Va yana aytib o’tish kerak, O’zbekistonning ichida ham buni tashkil qilib kadrlarni bu yerga jo’natish yoki o’sha yerdan turib ham ish bilan ta’minlashning istiqboli juda katta. Chunki bu narsani bizdan ancha oldin boshlagan hindistonlik, o’zimizning regionni misol qiladigan bo’lsak, Ukraina, Belarusda faoliyat yuritayotgan firmalarning ishi juda ham yaxshi. Mana shu yo’nalishga hozir O’zbekistondan ham turib IT sohasidagi mana shu ikkita, asosan o’zlariga sohadagi talablarni qondirishga harakat qilayotgan biznes egalari istiqbollari menimcha juda yaxshi bo’ladi. Qolaversa, pandemiyadan keyin bu narsa yanada tezlashadi. Chunki hayotni raqamlashuvi ko’p narsalarni masofadan turib qila olishi imkoniyatlari, shu jarayonga o’tishi o’zi tezlashib kelayotgandi, pandemiya bunga yanada kattaroq turtki berdi. Bu narsa yana qariyb 10-15 yilga tezlashadi. Shuning uchun men o’ylaymanki, bundan oldin aytgan misolimiz, IT sohasidagi biznes ochayotgan vatandoshlarimiz istiqbollari ham juda yaxshi.

Vatandoshlarga mo’ljallangan bizneslarning AQSh bozoridagi kelajagi qanday?

Men o’ylaymanki, boshqa mamlakatdan kelib, ayniqsa bu yerda katta bo’lmagansiz, bir payt til ham muammo bo’ladi, mahalliy sharoitlarni bilmaslik ham muammo bo’ladi. Shuning uchun bunaqa sharoitda eng qisqa vaqtda biznesni yo’lga qo’yib olish, albatta oson joyidan boshlash. Ingliz tilida bir ibora bor, unda eng birinchi navbatda daraxtning eng pastki shoxlaridagi mevalarni tergin deyiladi. Chunki ularga qo’lingiz tez yetadi. Menimcha, bu ibora ham ana shu holatni tasvirlaydi. Bu yaxshi narsa, biznesning boshlanishi yillarida. Lekin ma’lum nuqtaga yetib kelgandan keyin, men buni ham ko’p kuzatyapman, biznes ochgan vatandoshlarimiz faoliyatida, ma’lum nuqtaga yetib olgandan keyin keyingi darajaga o’tishga qiynalib qolishadi. Keyingi darajaga chiqishga investitsiya qilishmasa, keyingi darajaga o’tishga kerakli bilim va qobiliyatlarini o’rganishmasa, maslahatlarni olishmasa, bitta darajada qolib ketishlari mumkin.

Nima uchun? Masalan restoran biznesini har bir shaharchada yoki shaharning bitta ko’chasida 1-2 ta ochish mumkin, lekin butun Amerika bo’ylab 15-20 ta bo’lib ketmaydi, “Olive Garden”ga (AQShdagi Italiya taomlariga asoslangan mashhur restoranlar tarmog’i) yoki boshqalariga o’xshab ko’payib ketmaydi.

Ana shu keyingi daraja hisoblanadi. Keyingi etap. Agarda ana shunga o’tish bo’lsa, o’sha etapga o’tishiga yordam beradigan bilimlarni, maslahatlarni, investitsiyalarni qilish kerak bo’ladi. Nafaqat tashqi narsalar bilan, tashqi omillar, kerak bo’lsa, o’sha biznes egasining o’zi ham sifatan juda ham o’zgarishi kerak, boshqa odamga aylanishi kerak bo’ladi. Bir xillar shuni qiladi, bir xillar esa qilmaydi. Shuning uchun bir xillar o’zlariga qulay bo’lgan qobiqda qolib ketadi. Yomon demayman, faqat ob’yektiv baho beryapmiz. Bir xillar esa ana shu qobiqdan chiqadi-da, keyingi katta bosqichlarga, marralarga ham erishadi. Men o’ylayman, shunaqa davrlarga hali endi kelyapmiz. Hali bunaqa darajada biznes yuritayotgan vatandoshlarimiz sanoqli. AQShda juda ham kam. Lekin chiqayapti. Men o’ylayman, bu yerda katta bo’layotgan, bu yerning nonini yeb, bu yerning tarbiyasini olayotgan, bu yerning maktabida bilim olayotgan yoshlardan umidlarimiz ancha katta bo’lishi mumkin, keyingi 10-15 yil ichida.

O’zbekistonliklar ochgan bizneslar qanday o’xshash muammolarga yo’liqmoqda?

Tarqoqlik, fikrning, planlarning tarqoqligi bor. Bu bir omil, ikkinchisi, masalan hali bu yerga to’liq kirishib ketmaganligi, bu yerning sharoitiga moslashib ketmaganligi. Mana shu narsalar ham juda katta ta’sir ko’rsatadi.

Asosiy sababi tarqoqlik. Masalan, bitta proyekt bu yerda, ikkinchi proyekt O’zbekistonda. O’zbekistonda ham bir narsalar qilish, uylar olish, joylar olib qo’yish. Bu bitta sabab bo’lsa, ikkinchisi yana aytib o’tganimiz - hali mahalliy sharoitlarni to’liq tushunib yetmaslik. Biznesda bo’lsa ham biznes insonni hamma vaqtini olib qo’yadigan narsa. Ruhan va jismonan ham zo’riqtiradi - biznes egasini. Shuning uchun hamma biznes egalarini eng katta muammosi vaqt yetishmasligi. Keyingi kattaroq ideyalar, biznes rejalar haqida o’ylash, ularni pishitish, ularni maromiga yetkazish to’g’risida kerakli bo’lgan vaqtning yo’qligi. Mana shu katta muammo. Biznesning kundalik ishlariga o’ralashib qolish. Yana bir boshqa sababi, boshlanishida zo’r yordam beradigan omil sizning keyingi marraga yetishingizga to’sqinlik qila boshlaydi. O’sha omil nima? Boshlanishida siz o’zimizning marketga, o’zimizning komyunitiga fokus qilasiz, biznesingizni zo’r ko’tarasiz, lekin kengayishga, keyingi kattaroq marraga erishish vaqti kelganda bu omil allaqachon oyog’ingizga to’siq berishni boshlaydi. Oyog’ingizdan ushlab sizni pastga torta boshlaydi. Masalan, bunga misol qilib restoran sohasini keltirish mumkin.

Siz zo’r ko’tarilib oldingizda faqat o’zimizning marketga yoqadigan taomlarni pishirdingiz, lekin boshqa marketdagi mijozlarni ham jalb qilmoqchi bo’lsangiz albatta sal o’zgartirish qilishingiz kerak, o’sishingiz kerak, o’rganishingiz kerak bo’ladi. Kerak bo’lsa ma’lum narsalarni oshxonangizga, oshpazlaringizga, mutaxassislaringizga investitsiya qilishingiz kerak bo’ladi. Pul ham sarflashingiz kerak. Kimdir tayyor shunga, kimdir hatto u haqda o’ylab ham ko’rmaydi. Yoki “Truck” sohasi. 50-100 ta, 200-300 ta qilib bemalol o’zimizning o’zbekistonlik yoki markaziy osiyolik yigitlardan ham “truck” kompaniyalari qilib olsa bo’ladi. Lekin uni 1000-2000 taga, 3000 taga yetkazib kompaniyani ertaga deylik butun mamlakat bo’yicha katta gigant kompaniyaga, korporatsiyaga aylantirish allaqachon fikrni ham, kerak bo’lsa, egasining fikrini ham, fikrlashini ham o’zgartirishini talab qiladi. Boshqacha o’ylashga majbur qiladi. Kimdir shuni qila oladi, kimdir qila olmaydi. Shuning uchun boshida bizga yordam beradigan, o’zimizning marketga tayanilgan omil ma’lum darajaga yetgandan keyin bizga ish bermay qoladi. Keyingi marraga o’tishga qo’ymaydi. Mana shundan ham o’tib ketish kerak bo’ladi. Shuning uchun men aytyapman, bu hali vaqt talab qiladigan jarayon. Baribir immigrant, muhojir xalq sifatida biz hali ko’pmasmiz, o’zbekistonliklar. Uzoq borsa 20 yillik tajribamiz bor. Boshqa xalqlar kabi 50, 60, 100 yillab yashab kelayotgainimiz yo’q. Shuning uchun, men o’ylayman, hamma narsa vaqt bilan bog’liq. Bu yerning nonini yeb, bu yerning tarbiyasini ko’rayotgan yoshlardan umid katta. Keyyingi 15-20 yillarda balki ularning ichidan ham butun AQSh, qolaversa, dunyo ko’lamida ish olib boradigan korporatsiyalar, biznes egalari chiqib qolishi mumkin.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG