Breaking News

Pandemiya AQShdagi o’zbekistonliklar uchun ham sinov bo’ldi


Nyu-Yorkdagi vatandoshlarning pandemiya davridagi hayoti
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:56 0:00

Nyu-York va uning tevaragida 50 ming atrofida o'zbekistonlik yangi immigrantlar yashaydi. Koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan sinovlar ana shu o'zbekistonlik amerikaliklarni ham chetlab o'tmadi. Ular orasida virusni yuqtirib tuzalganlar qatorida o'lganlar ham oz emas. Taxminlarga ko'ra o'lganlar soni 15 dan oshgan.

AQSh bo’ylab koronavirus tarqalishda davom etmoqda. Nyu-yorkliklar jamoat joyda yuziga niqob taqib yurishi va o'zaro ikki metrlik masofa saqlashi talab etiladi.

O’tgan ikki hafta davomida Nyu-Yorkdagi o'zbekistonliklar jamiyatining kamida ikki oilasi COVID-19 dastidan aza ochgan. Vafot etganlardan biri 44 yoshli, ikkinchisi 60 dan oshgan erkak. Biri grin karta sohibi, ikkinchisi bir necha yil oldin kelib shu yerda qolib ketgan vatandoshlardan. Har ikkisi Nyu-Jersi shtatidagi musulmonlar qabristonida dafn etilgan.

Nyu-Yorkdagi o’zbekistonlik vatandoshlarning pandemiya davridagi hayoti borasida jamiyat faoli Dilshod Zokirov bilan suhbatlashdik.

“Amerika Ovozi”: O’zbekistonliklar jamiyati uchun pandemiya davri qanday kechmoqda?

Dilshod Zokirov: Koronavirus balosi, pandemiya holati, albatta, AQShda boshqa davlatlarga nisbatan kechroq boshlandi. Lekin ming afsuslar bo’lsinki, mana shu holat juda ham tezlashib, kasallanganlar soni juda tez oshib ketdi AQShda. Ayniqsa episentr hisoblangan Nyu-Yorkda juda ham tez rivojlandi. Albatta, o’zbekistonliklarning ko’pi Nyu-Yorkda istiqomat qilgani uchun bizning jamiyatga ham o’z ta’sirini ko’rsatmasdan qolmadi. Ming afsuslar bo’lsin, ayni kuchaygan paytda vatandoshlar orasida, bizga ma’lum bo’lgan to’rt-besh kishi olamdan o’tganligi, aynan mana shu kasallik tufayli olamdan o’tganligi bizga ma’lum. Undan tashqari kasallanganlar soni aynan mart-aprel oylarida juda ham ko’p vahimaga tushgan vatandoshlarimiz bizga murojaat qilishdi.

“Amerika Ovozi”: Koronavirusga chalinganlar va undan halok bo’lganlar kimlar?

Dilshod Zokirov: Bu yo’qotishlar orasida turli kasb egalari bor. Aynan Nyu-York atrofini oladigan bo’lsak, kasblari nuqtai nazaridan qaraydigan bo’lsak, mashhur ovoz sohibi, san’at olamida o’ziga yarasha nom qozongan bir akamizni yo’qotdik. U inson bilan biz yaqindan tanish edik. Ancha vaqt kasallanib, ming afsuski o’sha sun’iy nafas olish uskunasidan chiqmadi u kishi. Ancha payt yotdi. Undan tashqari katta qurilish kompaniyasida ishlaydigan bir inson vafot etdi. Biz u insonni ham yaxshi tanirdik. Bundan tashqari mana shu qariyalarga qaraydigan bir ayol kishi vafot etdi. U kishining ham yoshlari ulug’ bo’lgani uchun, bilasiz qariyalarning immuniteti kuchsiz bo’lgani uchun ularda bu kasallik og’irroq kechayotgani ma’lum bo’ldi. U inson ham mana shu kasallikdan vafot etdi. Undan tashqari kasallanib og’ir ahvolga tushib qolgan va oylab yotib qolganlari bor. Turli sohalardan. Bizga ma’lum bo’lgan Uber haydovchisi, undan keyin maktab avtobusini haydaydigan vatandoshimiz, undan tashqari katta yuk mashinasini haydaydigan vatandoshimiz ham kasallanib juda ham og’ir ahvolda o’tqazdi. Lekin u bilan hozir xabarlashib turibmiz, u hozir o’zini ancha yengil his qilayotgani ma’lum bo’ldi.

“Amerika Ovozi”: “Mahalla USA” va o’zbekistonliklar jamiyati faoli sifatida shaxsan sizga bu qanday davr? Qanday xayriya ishlariga qo’l urgansizlar?

Dilshod Zokirov: Biz albatta ana shu kasallanganlar va ularning atrofidagi muammolarini hal qilish uchun o’zimiz xayriya tashkil qilganmiz. Bundan tashqari O’zbekistonga yordam berish uchun bilasiz, “Amerika Ovozi”da o’zingiz bu haqda intervyular olib dastur tayyorladingiz. “Biz O’zbekistonga befarq emasmiz” xayriya fondi asosida AQSh va Kanadada faoliyat yurituvchi nodavlat tashkilotlar ilk marta birlashib, demak O’zbekistonning AQShdagi elchixonasi va Nyu-Yorkdagi bosh konsulxona hamkorligida “Biz O’zbekistonga befarq emasmiz” xayriya fondi GoFundMe xayriya yig’ish tizimida tashkil qilindi. Xayriya yig’ish hozirgacha davom etyapti. Eng qizig’i, har bir hududiy o’zbekistonliklar uchun mo’ljallangan nodavlat tashkilotlar o’zlari turli videoroliklar, xayriyaga targ’ibot qiluvchi videoroliklar tayyorlashdi. “Mahalla USA” tashkiloti ham bundan mustasno emas, biz ham bir nechta videolarni joyladik. Mana shu xayriyaga o’z hissasini qo’shishni qiziqish bildirgan vatandoshimizga xabarlarni yetkazdik. U yerda ham anchagina pul yig’ilmoqda va o’ylaymizki bu vatanimizga yordam bo’ladi.

“Amerika Ovozi”: Jamiyat a’zolari orasida ishsizlik darajasi qanday? Ishini yo’qotganlar asosan qaysi kasb egalari?

Dilshod Zokirov: O’zbekistonliklar uchun ta’sir qilgan sohalarni sanab o’tadigan bo’lsak, birinchi o’rinda qurilishda ishlaydigan vatandoshlarimizga ta’sir qildi. Undan keyingi ta’sir doirasini sanab o’tadigan bo’lsak, albatta, taksi xizmatida ishlashni o’ta xavfli deb topishdi. Chunki 30 ta har xil mijozni olsangiz bu 30 ta mijoz, ularda qanaqa kasallik borligini o’sha haydovchi bilmaydi. Uberda ishlaydigan vatandoshlarimizga ham ta’sir qildi. Bundan tashqari qariyalarga xizmat ko’rsatish xodimlariyu xodimalari bor, HHA sohasi. O’sha qariyalarni parvarishlash bilan shug’ullanadigan ayollarimizga ham juda ham ta’sir qildi. Umumiy olganda, biz ko’p farzandli xalqmiz, maktabni mart oyidan yopilishi to’g’risini aytsam ko’plab vatandoshlarimizga farzandi bilan uyda qolishga va ishini vaqtincha yo’qotishiga sabab bo’ldi. Ishsizlik nafaqasini olishga topshirish o’zbekistonliklar orasida ham juda ko’pchilikni tashkil qilmoqda.

“Amerika Ovozi”: Ayni damda jamiyat a’zolarini qanaqa muammolar ko’proq qiynamoqda?

Dilshod Zokirov: Hozirgi kunda qiynayotgan savol keyingi vaqtda O’zbekistonga ketish qanaqa bo’ladi? Borib-kelish. Samolyotning aviachiptalarini uzaytirish. Masalan, ko’pchilik olib qo’ygan. Uni yangilash mumkinmi? Qachon yo’llar ochiladi? Borgandan keyin karantinda saqlanamizmi? Shunaqa savollar albatta ko’pchilikni qiynayapti. Lekin juda ham kichik guruh bor hozirgi kunda, aynan ishsizligi va ko’p farzandli bo’lgani uchun hali ham yordam pulini ololmagan insonlarga biz xayriya sifatida yordamni yo’lga qo’yganmiz.

“Amerika Ovozi”: Odatda yoz faslida ko’pgina o’zbekistonliklar, asosan, O’zbekistonga safar qilishardi yoki farzandlarini u yerga jo’natishardi. Sizningcha bu yil ahvol qanday bo’ladi?

Dilshod Zokirov: O’zbekistonda bizdagi ma’lumotlarga qaraganda O’zbekiston o’zining karantin qoidalarini kuchaytirgan va aynan qoidalarini kuchaytirganligi sababli O’zbekistonda juda ham muvaffaqiyatli kurashildi va kasallikni oldi ma’lum darajada olindi. Lekin bizdagi xabarlarga ko’ra, borgan odam albatta karantinda saqlanadi, kamida 14 kun. Bizga hozir murojaat qilayotganlar rejalashtiryapti, qaysidir ma’noda, lekin albatta men bolalarim bilan ketaman degan jiddiy bir rejalarini aytayotganlar kam. Chunki bu yerda ijtimoiy yordam bo’lyapti. Bu yerda ham kasallikka qarshi kurash kuchli davom etayotganligi uchun bu yerda turishni afzal bilayotganlar ko’pchilikni tashkil qiladi.

“Amerika Ovozi”: Pandemiya davrida qator vatandoshlar olamdan o’tganini aytdingiz. Ularning janozalarida qatnashdingizmi? Ular qanday kechdi?

Dilshod Zokirov: Biz janoza ishlarini “Mahalla USA” tashkillashtirishda faol ishtirok etdik. Lekin o’zimiz qatnashmaganligimizning sababi faqatgina yaqin qarindoshlariga 10 tagacha limit bilan janozalarni o’tkazishga ruxsat berganligi Nyu-York hukumati, qolaversa Nyu-Jersida qabristonda bu qoida kiritildi. 10 kishigacha bo’lgan. Shu sababli 10 kishilik limit bilan kichkina bir janoza tarzida imom borib, qarindoshlari bilan janozasini o’qib, yerga qo’ygan holatlar bo’ldi. Biz o’zimiz ishtirok etmadik, lekin asosiy tashkiliy ishlarni o’zimiz uyushtirib berdik, “Mahalla USA” tashkiloti tomonidan.

“Amerika Ovozi”: Shahar ochilishidan keyin odamlarimizni qanday tavsiyalar kutyapti?

Dilshod Zokirov: Bu narsa bir necha davlatlarda qaytalandi. Xitoy misolini keltiradigan bo’lsak, Xitoyda kasallik ancha kamaygan bo’lsa-da, karantin qoidalari juda ham qattiq. Ayniqsa maskada yurish, qo’lni sovunlab yuvish, maxsus qo’lqoplardan foydalanish. Undan tashqari, o’sha ijtimoiy masofani saqlashga bo’lgan qoidalar haliyam amalda. Mana shu qoidalarga “yo’llar ochildi, karantin yengillashdi, endi bemalol yursak bo’ladi” deb qo’l uchida, barmoqlari orasidan qaraydigan insonlarga maslahatim - bu qoidalarga hali uzoq vaqt amal qilishimizga to’g’ri keladi. Bu kasallik qayta qaytib kelishini isbotladi. Ko’pchilikda. Tuzalib, kasallanib, tuzalib ketganlar orasida yana kasallanganlar juda ham ko’pchilikni tashkil etadi. Shu sababli mana shu hukumat chiqarayotgan qoidalar bekorga emasligi isbotlangan. Uyda oddiy gigiyena qoidalariga amal qilgan holda harakatlanish tavsiya qilinadi. Chunki oilalarni farzandlarni, o’zlarini sog’ligi albatta muhim. Biz xohlamaymiz vatandoshlarimiz, umuman, insonlar orasida kasallanganlar bo’lishini. Shu sababli qoidalarga amal qilishingizni so’rab qolamiz.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG