Breaking News

Nyu-York: Virus avjiga chiqqan kunlarda vatandoshlarni quvvatlagan ko’ngillilar


Nyu-Yorkdagi vatandoshlar pandemiyaning og’ir pallasidan qanday o’tib oldi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:29 0:00

Pandemiya davrida koronavirus o’chog’i Nyu-York va uning tevaragida yashaydigan vatandoshlar orasida virusdan talafot ko'rganlar oz emas. Ularning bir qismi bilan o'zbekistonlik immigrantlar tashkiloti “Mahalla USA” faollari doimiy muloqotda.

Nyu-Yorkdagi o'zbekistonlik immigrantlar nodavlat tashkiloti “Mahalla USA” koronavirus pandemiyasi davrida ham vatandoshlar bilan ishlashda davom etmoqda. Pandemiya davridagi bosh shart - yakkalanish va uyda qolish - bu vazifani murakkablashtirgan. “Mahalla USA” faollari vatandoshlar bilan virtual aloqa o'rnatib, Telegram tarmog'ida “Koronavirus o'zgarishlari” guruhiga asos solishgan.

“Butun dunyo bo’ylab koronavirus tarqalgandan keyin, albatta Nyu-Yorkda ilk kasallangan aniqlangandan keyin, mart oyining boshida mana shu guruh tashkil qilindi. O’zbekistonliklar orasida to’g’ri, ishonchli ma’lumotlarni tarqatish zarurati tug’ilishini biz inobatga olgan holda mana shu guruhni tashkil qilgandik. Mana shu insonlarimizga manbali, ishonchli xabarlarni, AQSh va Nyu-York hukumati tomonidan chiqarilayotgan qoidalarga to’g’ri amal qilib, favqulodda holatda qanday harakatlanish kerakligini ularga uqtirish, tushuntirish maqsadida ushbu guruh tashkil qilindi”, - deydi “Mahalla USA” vitse-prezidenti Dilshod Zokirov.

“Koronavirus o'zgarishlari” Telegram guruhini u boshidan yuritib kelmoqda. Shu bois pandemiya davrida boshiga musibat tushgan o'zbekistonlik vatandoshlarining aksariyati uchun yaqin insonga aylangan.

“Haqiqatda bizga ko’nglini ochib, yuragini ochib, yig’lab bizga meni O’zbekistonga olib keting, bu yerda mening tanam qolishini xohlamayman deb yig’lab murojaat qilganlar bo’ldi. Soat ikki, uch, to’rt... Masalan, isitmasi baland bo’lib, aka men qanday qilib o’zimni oxirgi gaplarimni qarindoshlarimga yetkazsam bo’ladi deb uyida turib, baland isitmada telefon qilganlar bo’ldi. Ularni eshitish juda ham og’ir”, - deya tushuntiradi Dilshod Zokirov.

Nyu-Yorkda virus tarqalishi avjiga chiqqan kunlar og’ir kechgan.

“Boshida biz bu darajada savollar ko’payib ketadi deb o’ylamagandik. Lekin shunday insonlar murojaat qildiki, ularning dardini eshitib qaysidir ma’noda biz ham ruhshunosga aylandik. Chunki u kasallangan odam, yoki vasvasaga tushgan odam, yoki [virus yuqqanligi] alomatlari bor odam. Masalan, o’zining qo’shnisi kasallangan, yaqin qarindoshi kasallangan. Eri yoki xotini, farzandi kasallangan insonlar bilan gaplashganda, albatta, ulardan siz quvonchli xabar olmaysiz. Ularni birinchi o’rinda hurmat qilgan holda uzoq muddat, ba’zida bir soatgacha eshitgan holatlarimiz bo’ldi. Ularni eshita bilish, dardiga malham beruvchi bir gaplarni topib gapirish, o’sha holatdan qanday to’g’ri chiqarish yo’llarini qidirdik. Bizlarni qaysidir ma’noda immigrantlar bilan ishlash tajribamizga ijobiy tajriba sifatida qo’shildi”, - deydi Dilshod Zokirov.

Telegramdagi muloqot o'zbekistonlik vatandoshlarni saxovat yo'lida ham o'zaro birlashtirgan.

“Bu guruh insonlarni eng qiyin paytda bu xalq, o’zbekistonlik sifatida birlasha olishini ko’rsata oldi, deya qo’rqmasdan aytishim mumkin. Chunki qo’li ochiq xalq ekanligimizni ham isbotladi bu guruh. Ko’pchilik oilalarda, masalan, o’ylashi mumkin admin o’zi yordam beryapti deb. Men bir kishiga yordam berishim mumkin, ana boring 5-10 kishiga. Lekin bu guruhda 3 200 ta a’zolari orasida haqqoniy yordamga muhtojlarni men o’zim eplolmasdim. Shu sababli biz ora-orada yordamga muhtoj insonlarga yordam bermoqchi bo’lgan, xayriya qilmoqchi bo’lgan insonlarni ro’yxatini tuzib, topib, ularni [homiy va muhtojlarni] bir-biri bilan bog’lab ko’prik vazifasini bajardik. Bu ish berganidan biz xursandmiz”, - deydi Zokirov.

“Mahalla USA”ning Telegram guruhi, shuningdek, vatandoshlarning mahalliy idoralar bilan bog’lanishida zarur maslahatchiga aylangan.

“Amerika hukumati bir qancha yordamlarni aholiga taklif qila boshladi, biz o’sha aynan vatandoshlarimiz orasida ko’pchilik ingliz tilida so’zlasha olmasligini inobatga olib berilayotgan ma’lumotlarni o’zbek tilida berib borishni boshladik. “Food Stamps” [oziq-ovqat kuponlari] deymiz, bolalar va kattalarga oziq-ovqat uchun ajratiladigan yordamlar. Undan tashqari ishsizlik nafaqasi - mana shu haqdagi ma’lumotlarni, uy uchun, ijara uchun ajratilgan yordamlar haqida ma’lumotlarni tez-tez yangilab turdik. Buning natijasida hozirgi kunda mana shu guruhda Nyu-York va uning atrofida 3200 dan ziyod a’zolar mavjud va bu son oshib bormoqda, chunki haqiqatdan qiynalib qolgan oilalar mavjud”, - deya tushuntiradi Dilshod Zokirov.

Guruh faoliyati o'zbekistonliklarning Amerikadagi hayoti yo'lida uchrayotgan boshqa muammolarni ham tashkilot uchun ochiqlagan.

“Guruhni ochganimizdan keyingi kuzatishlarimiz natijasida juda ham ko’p vatandoshlarimiz o’zini huquqini bilmasligi ma’lum bo’ldi. Umuman, pandemiyagacha bo’lgan holatda ham ko’p vatandoshlarimiz aldanganligi, ishxonasidan oylik masalasida, ish haqi masalasida pullarini ololmaganligi, o’zini huquqini bilmasligi uchun ozgina hadik bilan, AQShda o’zini hujjati bo’lsa-da, mana shu yurtda qonuniy bo’lsa-da, harakatlanishda noto’g’ri tushunish bo’lganligini ko'pini ko’rdik”, - deya tushuntiradi Dilshod Zokirov.

Asl mutaxassisligi huquqshunos bo'lgan Dilshod Zokirov guruh orqali vatandoshlarining oz bo'lsa-da huquqiy savodxonligini oshirayotganidan mamnun.

“Bu guruh insonlarni o’z huquqini bilishga, o’zini xatti-harakatlarini va o’zini anglashga ma’lum darajada yordam beryapti. Guruhni boshida biz faqat vaqtincha tashkil qilgandik, lekin ko’rinib turibdi ko’pchilikning xohishiga binoan keyichalik ham faoliyatini davom ettiradi. Chunki haqiqatdan foydali guruh sifatida faoliyatini davom ettirmoqda. Bundan keyin ham o’ylaymanki, mana shu o’zbekistonliklar uchun, ayniqsa yangi kelganlar uchun yordamchi vazifasini o’taydigan manbaga aylanadi”, - deydi o'zbekistonlik immigrantlar faoli.

Ishsizlik avjiga chiqib, uyda yakkalanishlar ortidan aholi orasida ruhiy toliqish hollari endi bo'y ko'rsatmoqda. Bu o'zbekistonliklar jamoasiga ham ta'sirini ko'rsatmay qolmaydi. “Mahalla USA” faoli mazkur guruh oldida hali tog'dek vazifalar turganiga ishora qiladi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG