AQShning Afg'onistondagi harbiy kuchlari juma kuni hukumat xavfsizlik kuchlarini himoya qilish uchun Tolibon isyonchilariga qarshi tunda havo hujumi uyushtirilganini aytdi.
AQSh harbiylari vakili polkovnik Sonni Leggetning “Twitter”da yozishicha, janubiy Qandahor viloyatida amalga oshirilgan hujum fevral oyida imzolangan AQSh-Tolibon kelishuviga zid emas. Uning so'zlariga ko'ra, Tolibon jangarilari Jari tumanidagi Afg'oniston xavfsizlik punktiga hujum qilgan va shundan so’ng havodan nishonga olingan.
Legget amaliyot tafsilotlariga to’xtalmadi, ammo tinch aholi orasida o'lganlar borligi haqidagi isyonchilar da’vosini "yolg'on" deb atadi.
O'z navbatida Tolibon reydni AQSh bilan tuzilgan shartnomani buzish deb qoraladi va bu hujum "ko'plab oddiy fuqarolar uylarini" vayron qilganini hamda 10 ga yaqin odam o’lganini ta’kidladi.
Qandahordagi afg'on rasmiylarining aytishicha, toliblar xavfsizlik kuchlariga qarshi "muvofiqlashtirilgan hujumlar" uyushtirayotgan paytda AQSh harbiylari ularni bombardimon qilib, kamida 30 nafar isyonchini o'ldirgan.
Isyonchi guruh vakili Qari Yusuf Ahmadiy ushbu hududda hech qanday harbiy harakatlar yoki janglar bo'lmaganligini da'vo qildi. Unga ko’ra, AQSh bilan tuzilgan kelishuv jangovar harakatlar olib borilmayotgan hududlarda havo hujumlari amalga oshirilishini taqiqlaydi.
"Bunday mas'uliyatsiz harakatlarning davom etishi mujohidlarning (Tolibon jangarilari) javobini qo'zg'atishi mumkin. Buning javobgarligi Amerikaning zimmasiga tushadi", - dedi Ahmadiy.
AQSh askarlari sonini qisqartirish
So’nggi hujum AQSh mamlakatda qo'shinlar sonini kamaytirayotgan va Tolibon hamda Afg'oniston hukumati vakillari o'rtasida tinchlik muzokaralari davom etayotgan bir paytda yuz berdi.
Afg'onistonda hozir 4500 AQSh askari bor. Prezident Donald Tramp kelasi oy ularning sonini 2500 ga tushirishni rejalamoqda.
AQSh-Tolibon kelishuviga ko’ra, barcha Amerika va koalitsiya kuchlari 2021-yil maygacha mamlakatdan chiqib ketishi kerak.
Buning evaziga Tolibon Afg'oniston zaminida terrorizmga qarshi kurash olib borishni va raqib guruhlar bilan siyosiy tinchlik kelishuviga erishishishni va'da qilgan.
Tinch aholi orasidagi qurbonlar
Tinchik muzokaralari boshlanganiga qaramaym, oddiy aholi orasida qurbonlar soni oshishda davom etmoqda.
Juma kuni o'tkazilgan yangi so'rovda aytilishicha, so'nggi bir necha oy ichida zo'ravonlik avj olgani sababli afg'onistonliklar orasida AQSh vositachiligidagi tinchlik jarayoni borasida umidvorlik sezilarli darajada pasaygan.
Kobulda joylashgan Urush va tinchlikni o'rganish instituti 29-sentabrdan 18-oktabrgacha o'tkazgan so’rovga ko’ra, optimizm 57 foizgacha pasaygan. Bu avgust oyida e'lon qilingan 86 foizlik ko’rsatkichdan ancha kam.
So'rovda qatnashgan respondentlarning qariyb 76 foizi tinch aholining halok bo'lishiga yo'l qo'ymaslik uchun muzokaralarda sulh bitimi eng muhim ustuvor vazifa bo'lishi kerakligini aytgan.
Facebook Forum