Breaking News

Janubiy Texasda "Mars darvozasi" qurilmoqda


Texasdagi raketalar shaharchasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:15 0:00

“SpaceX”ning Marsga uchish uchun mo’ljallangan fazo kemasi Texas janubidagi Boka Chika qishlog’ida qurilmoqda. Kompaniya asoschisi Ilon Mask bu hududni “Mars darvozasi” deb ataydi.

Texasning Boka Chika qishlog’ida Amerika Fuqarolar urushining so’nggi tarixiy jangi bo’lib o’tgan. Bir necha chaqirim narida yana bir tarix bunyod bo’lmoqda: bu yer o’zga sayyoralarga uchish imkonini beruvchi fazo portiga mezbonlik qiladi.

“SpaceX” kompaniyasi odamlarni Oy va Marsga tashuvchi “Starship” kemasini shu yerda qurib, sinovdan o’tkazmoqda.

“Ko’pchilik buni tomosha qilish uchun keladi. Odam aqliga sig’maydigan ishlar yuz beryapti”, - deydi sobiq pilot Deyvid Santilena.

Santilena pandemiya tufayli hozir ishsiz. “SpaceX” fazo porti uchun janubiy Texasni tanlaganda, u biznes uchun yangi imkoniyat paydo bo’lganini ko’rdi.

“Hayotda bir marta yashaymiz. Shu joyni sotib oldim. Juda ko’p ish qilindi, hammasi rejadagidek ketyapti”, - deydi u.

Santilena fazo portiga yaqin yerda sayyohlar uchun tomoshagoh qurmoqda. Bu yerda lager va so’qmoqlar bo’ladi.

“Agar raketa qo’na olsa, juda soz. Portlab ketsa, bu ham ajoyib tomosha. Har ikki holatda ham tomoshabin bo’lamiz”, - deydi u.

Mahalliy aholi bunga ko’nikib qoldi. Yaqinda o’tkazilgan so’nggi sinov ham qo’nish paytida raketaning portlab ketishi bilan tugadi.

Shunga qaramay, “SpaceX” asoschisi Ilon Mask jamoasini qutlab, barcha kerakli ma’lumotlar qo’lga kiritilganini aytdi.

Mask janubiy Texasni “Mars darvozasi” deb ataydi. U olti yildan so’ng odamzot qizil sayyoraga yetib borishiga ishonadi.

“SpaceX” janubiy Texasda 2014-yildan beri “Starship” kemasini sinovdan o’tkazmoqda. Maqsad Marsgacha boruvchi va qayta foydalanish mumkin bo’lgan raketalarni yaratish. Loyiha hududga yangi ish o’rinlari ham olib keldi.

Ammo norozilar ham yo’q emas. “SpaceX”ga joy berish maqsadida ba’zi odamlar o’z uyini sotishga majbur bo’ldi. Ularning o’rniga kompaniya ishchilari ko’chib kirdi.

“Uyimiz “SpaceX”ga kerak bo’ldi. Kema quriladigan joyning o’rtasida edi. Bu qurilishlardan chetda qolishimiz mumkin emas edi”, - deydi Maria Pointer ismli ayol.

Maria “SpaceX” bilan kelishib, mart oyida uyini tark etdi. Ketishi bilan kompaniya ishchilari ko’chib kirdi.

“Hamma narsamni olib qo’yishdi, deb qo’l qovushtirib o’tirmadim. Chunki oilamni yana oyoqqa turg’azishim kerak edi”, - deydi Maria.

Ammo bu oson kechmadi. Hududga yaqin joydan yangi uy oldi. U yerdan turib qurilishlarni kuzatadi, “SpaceX” haqida blog yozadi. Ammo uyidan ayrilgani, tabiatga zarar yetkazilgani uchun ko’ngli o’ksigan.

Maria “SpaceX” haqida maqolalar yozishni davom ettirmoqchi. Santilena esa raketa oromgohida bo’lajak sayyohlarni qabul qilish umidida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG