Yaqinda O'zbekistonda Shavkat Mirziyoyevning "Sogʼlom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida"gi Farmoni qabul qilindi. Unga ko’ra, shaharlarda piyoda va velosipedda yurish uchun "Salomatlik yoʼlaklari" tashkil etiladi. Velosipedlar hamda bolalar va nogironlar aravasining erkin harakatlanishi uchun "toʼsiqsiz muhit" tashkil etiladi.
Xo’sh, bu borada AQSh tajribasi qanday? Jamoat transport xizmati ehtiyojga mos ravishda yo’lga qo’yilganmi? Bekatlar, transport vositalari va yo’llar aholining barcha qatlamlari ehtiyojini qondira oladimi?
Bu mamlakatda ham barcha joylarda jamoat transport xizmati yaxshi yo’lga qo’yilgan deb bo’lmaydi, ayniqsa shahardan tashqarida, qishloqlarda. Lekin shaharlarda vaziyat ancha yaxshi.
Transport vositalarining turi, soni va maqbul yo‘nalishlari talabga mos ravishda yo’lga qo’yilgan. Masalan, poytaxt Vashingtonda ertalab va kechqurun ishga borish va qaytish vaqtida transport serqatnov bo‘ladi. Shu bilan birga, turli yo‘nalishlar bo‘yicha yo‘lovchilar oqimi va aholi ehtiyojlari muntazam o‘rganilib boriladi. Bu esa zarur yo‘nalishlarga ko’proq transport vositalarini chiqarish imkonini beradi. Qo‘shimcha yo‘nalishlar ochishga, bir-birini takrorlovchi yo’nalishlardagi transport vositalarini talab mavjud bo’lgan yo’nalishlarga olib o’tishga izn beradi.
Transport vositalari texnik jihatdan ham qulay. Barcha aholi qatlamlarining ehtiyojlari hisobga olingan. Ko’pgina metro bekatlarida lift va eskalatorlar mavjud. Qariya, nogiron yoki bola aravasini itarib ketayotgan ota-onalar uchun chiqib-tushish muammo emas. Poyezd vagonlari ichida ham arava uchun maxsus joy ajratilgan.
Avtobuslar maxsus ko‘tarma pandus-ko‘prikchalar bilan jihozlangan. Aytib o’tish kerak, masalan birgina Nyu-York shahrida bir kunda jamoat transportidan foydalanuvchi yo‘lovchilarning 11,2 foizi nogiron sanaladi.
Avtobuslar ob-havoga mos ravishda isitish-sovutish tizimi bilan ta’minlangan.
Velosipedlar uchun maxsus joy ham bor.
Ko‘pgina avtobus, bekat, chorrahalar ko‘rish va eshitish imkoniyati cheklangan yo‘lovchilarga har bir bekat nomini avtomatik tarzda aytib va ko‘rsatib turuvchi yorug‘ yozuvlar, ovozli texnik vositalar bilan jihozlangan.
Yo’llar nogironlar va yosh bolalar aravachasiga moslashtirilgan holda zinalarsiz, tekis qurilgan, bemalol harakatlanishga izn beradi.
AQShda velosiped va boshqa motorsiz transport turlari ham rivojlangan. Asosiysi, aholi o’rtasida bu transport turidan foydalanish ko’nikmasi shakllangan. Faqat jismoniy mashq uchungina emas, balki transport vositasi sifatida ham ishlatiladi.
Amerikada yo’llarni loyihalashda yana bir e’tiborli jihati shuki, yo’g’ingarchilik imkon qadar hisobga olingan. Yo’llarda suv to’planib, ko’lmakchalar hosil bo’lmasligi uchun, suv o’z vaqtida oqib ketishi uchun maxsus kanalizatsiya tizimi bor.
Umuman, AQSh shaharlarida jamoat transporti xizmatlari va yo’llar piyodalar va velosipedchilar uchun ancha qulay.
Facebook Forum