Breaking News

Qish qochqinlar ahvolini yanada og’irlashtirmoqda


Juzjon viloyatining Shibirg’on shahriga qochib kelgan faryoblik 28 oilaga chodir, yoqilg’i, oziq-ovqat ulashildi.

“Mehr” tashkiloti rasmiylari ushbu yordam qiymati taxminan 150 dollar bo’lganini aytmoqda.

“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan urush jabrdiydalari juda og’ir ahvolda kun kechirayotganini aytadi.

Havo sovuqligi, boshpana, oziq-ovqat, kiyim-kechak yetishmovchiligi asosiy muammolardir.

“Har shirkat oz-oz yordam bermoqda. Xonasi obod, tashakkur aytamiz”,- deydi Qurbon Murod ismli qochqin.

Aksariyati bolalar va ayollardan iborat ushbu qochqinlar hukumatdan va insonparvar tashkilotlardan yordam so’raydi.

“Ahvolimiz yomon, kechalarni shu chodirlar ostida o’tkazamiz. Ertalabgacha yig’lab chiqamiz. Yegudek, ichgudek hech narsamiz yo’q. Bizga issiq kiyim va oziq-ovqat berishlarini so’raymiz”, - deydi Zikrullo.

Qish mavsumi yetib kelishi bilan havo sovuqlashishi qochqin bolalar sog’ligiga tahdid solmoqda.

“Hovlimiz vayron bo’lib, qochib kelganimizga ikki oy bo’ldi. Shu kecha chodirga sig’may, uxlay olmadik. U-bu narsalarni shu yerdagi odamlardan tilab oldik. Bolalarimning hech birining ust-boshi butun emas”, - deydi faryoblik ayol.

Hukumat rasmiylari insonparvar tashkilotlar bilan hamohanglikda darbadar oilalarga yordam ulashish ishi davom etayotganini aytadi.

"Jujzon viloyatining uch hududida lagerlar tashkil qilingan. Chodirlar ostida yashayotgan oilalar soni 150 tani tashkil etadi. Yana qo’shimcha chodirlar yetib kelishi bilan hamma qochqinlarni bir joyga olib boramiz, ichimlik suvi, hammom bilan ta’minlaymiz. Qishni tinch o’tkazishlari kerak”, - deydi Juzjon viloyatining qochqinlar ishlari idorasi raisi Abdul Malik Rustamiy.

Juzjonda 6600 qochqin oila ro’yxatga olingan. O’tgan yilga nisbatan qochqinlar soni 73 foizga kamaygan.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG