Kapitoliy Tramp tarafdorlarining hujumiga uchragan 6-yanvardan 7-yanvarga o’tar kechasi, tongga taqin AQSh Kongressi qo‘shma majlisi Jo Baydenning prezident saylovlaridagi g‘alabasini rasman tasdiqladi.
Saylov natijalarini rad etishi kutilgan bir necha respublikachi senator natijalarni ma’qullab ovoz berdi. Bu bilan ular Prezident Tramp tarafdorlarining Kongress sessiyasini to‘xtatib qolishga urinishlarini rad etdi.
Vakillar palatasi va Senat respublikachilarning Arizona va Pensilvaniya shtatidagi saylovchilar hay’ati bergan ovozlar yuzasidan bildirgan e’tirozlarini qabul qilmadi.
Odatda rasmiyatchilikdan iborat bo‘lgan saylovchilar hay’ati bergan ovozlarni tasdiqlash jarayoni bu yil favqulodda e’tiborni tortdi. O’nlab Vakillar palatasining respublikachi a’zolari va senatorlar bir necha shtatda ovoz berish tartibi buzilganini aytib, natijalarni tan olishdan bosh tortdi. Ular tekshiruv o‘tkazish uchun maxsus komissiya tuzishni taklif qilishgan.
6-yanvar kunining ikkinchi yarmida Kongress yig‘ilishi Tramp tarafdorlarining Kapitoliyga bostirib kirishi ortidan to‘xtatildi. Bir necha soat o‘tib, Kongress binosi va atrofi zo‘ravon namoyishchilardan tozalanganidan so‘ng kongressmen va senatorlar majlisni qayta boshlashdi.
Qonun chiqaruvchilar Kongressdagi zo‘ravonliklarga qaramasdan, ayni sessiyada Bayden prezidentligini tasdiqlash jarayonini oxiriga etkazishda qat’iyat ko‘rsatgani uchun olqishlanmoqda.
Jo Baydenni qasamyodga keltirish marosimi 20-yanvarga belgilangan.
Yirik ijtimoiy tarmoq saytlari Trampni bloklab qo‘ydi
Ayni paytda Amerikaning yirik ijtimoiy tarmoq saytlari prezident Donald Trampga qarashli akkauntlarni muzlatib qo‘ydi. Facebook, Instagram, Twitter va Snapchat, shuningdek, YouTube prezidentning videomurojaatini tarmoqdan olib tashladi. Videomurojaatda Tramp Kapitoliy binosiga bostirib kirgan tarafdorlarini uylariga tarqatishga chaqirgandi.
Trampning “Twitter”dagi akkaunti kamida 12 soatga bloklab qo‘yildi. «Vashingtonda davom etayotgan mislsiz zo‘ravonliklardan so‘ng biz @realDonaldTrump akkauntidan uchta tvitni olib tashlashni so‘radik", –deyiladi “Twitter” e’lon qilgan rasmiy bayonotda.
Unda Tramp AQSh prezidentlik saylovlari soxtalashtirilganini da’vo qilgan. Bundan tashqari, Tramp tarafdorlari foydalanib kelgani aytilgan #StormTheCapitol («Kapitoliyni zabt et») xeshtegi ham olib tashlangan.
Facebook prezidentning ikkita postidagi qonun buzilishlari haqida xabar berdi, Instagram ham bu qarorga qo‘shildi. Snapchat vakili esa “TechCrunch” nashriga Trampning akkaunti chorshanba kuni muzlatilgani, ushbu qaror mamlakatdagi vaziyatdan kelib chiqib bekor qilinishi mumkinligini aytgan.
“The Verge” nashrining xabar berishicha, “YouTube” ijtimoiy tarmog‘i Trampning Kapitoliyga bostirib kirgan tarafdorlarini uylariga tarqalish va zo‘ravonliklardan tiyilishga chaqirgan videomurojaatini olib tashlagan. “YouTube”ga ko’ra, videomurojaat AQShdagi prezident saylovlari haqida soxta ma’lumotni o‘z ichiga olgan.
Nashrning qayd etishicha, “YouTube”, shuningdek, Kapitoliyga bostirib kirgan namoyishchilarning videolarini ham bloklagan. Ayni paytda boshqa ommaviy axborot vositalariga bu kabi videolarni ishlatishga ruxsat berilgan.
“Facebook” va “Twitter” ham Trampning o‘z tarafdorlarini Kapitoliyni tark etishga chaqirgan videomurojaatini prezident saylovlariga doir ishonchsiz ma’lumot tarqatgani vajidan bloklagan. O‘z videomurojaatida Tramp "Bizning ovozlarimini o‘g‘irlashdi, biz ularni tor-mor qildik, hamma buni biladi, ayniqsa, qarshi tomon”, deya iddao qilgan edi.
"AQSh demokratiyasiga qilingan hujum"
Jahon davlatlari liderlari Prezident Tramp tarafdorlari AQSh Kongressiga bostirib kirgani va tartibsizlik uyushtirganini qoraladi.
Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson “Twitter”da “AQSh Kongressida sharmandali manzara. Qo‘shma Shtatlar butun dunyoda demokratiyani qo‘llab-quvvatlaydi. Hozir hokimiyat tinch va tartibli ravishda o‘tkazib berilishi juda muhim”, deb yozdi.
Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dimitro Kuleba esa G‘arb rasmiylarining fikrlariga hamohang tarzda Vashingtonda qonun ustuvorligi va demokratik tamoyillar tiklanishi kerakligini ayti.
“Bu nafaqat AQSh uchun, balki Ukraina va butun demokratik dunyo uchun ham muhimdir”, deb yozdi siyosatchi “Twitter”da.
Germaniya Tashqi ishlar vaziri Xayko Maas Tramp tarafdorlarini “demokratik qadriyatlarni oyoqosti qilishni bas qilishga” chorladi.
Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar mutasaddisi Jozep Borrel esa Vashingtondagi hodisalarni “AQSh demokratiyasiga qilingan hujum” deb atadi.
“Dunyo nazarida kecha Amerika demokratiyasi qamal ostida qolgandek ko‘rinyapti”, deb yozdi Borrel “Twitter” platformasida.
“Bu Amerika emas. 3-noyabrdagi saylov natijalariga to‘liq amal qilinishi kerak”, deya qo‘shimcha qildi u.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova AQSh jurnalistining “Amerika Qo‘shma Shtatlari bundan buyon jahonga demokratiya namunasi ekanini iddao qila olmaydi”, degan so‘zlarini iqtibos sifatida keltirdi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi Rossiya elchisining birinchi o‘rinbosari Dmitriy Polyanskiy esa Vashingtondagi manzaralarni “Maydon uslubida” deb atadi. Polyanskiy bu bilan 2014-yilda Ukrainaning Moskvaga do‘stona prezidenti Viktor Yanukovichni hokimiyatdan ag‘dargan xalq qo‘zg‘olonini nazarda tutdi.
Polyanskiyning ushbu tvitini Rossiya Tashqi ishlar vazirligi qayta ulashdi.
Kapitoliy Tramp tarafdorlaridan tozalandi, 4 kishi halok bo‘ldi
Vashington politsiyasi tartibsizliklarda ishtirok etgan to‘rt kishi “tez tibbiy yordam ko‘rsatish” jarayonida o‘lgani va 52 kishi qamoqqa olinganini bildirdi.
Senat yig‘ilishini Vitse-prezident Mayk Pens ochib berdi. U Kongress binosi Tramp tarafdorlari tomonidan bosib olinganini qoraladi.
“Bugun Kapitoliyda xaos uyushtirganlar bilingki, siz yutqazdingiz”, - dedi Pens.
Xabarlarga qaraganda, tartibsizlik paytida ko‘ksidan o‘q yegan ayol kasalxonada vafot etgan.
Xabarlarda aytilishicha, halok bo‘lgan ayol Trampning ashaddiy tarafdori va AQSh harbiy havo kuchlari veterani bo‘lgan.
Vashington politsiyasi tartibsizliklarda ishtirok etgan yana uch kishi “tez tibbiy yordam ko‘rsatish” jarayonida o‘lganini va 52 kishi qamoqqa olinganini bildirdi.
Senatorlar majlisni boshlagan paytda, Vashingtonda soat 18:00 dan boshlab komendantlik soati joriy etilgani va politsiyaning ko‘pligiga qaramasdan, Kongress binosi oldida Trampning yana yuzlab tarafdorlari qolayotgan edi.
Kapitoliy Tramp tarafdorlari bostirib kirganidan to‘rt soat o‘tganidan so‘ng “xavfsiz” deb e’lon qilindi.
Kapitoliyda tartib o‘rnatish uchun Milliy gvardiya kuchlari safarbar qilindi. Kongress binosida xavfsizlik qayta tiklangan. Kongressga bostirib kirganlarga nisbatan ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llanildi.
Zo‘ravonliklar boshlanganidan ko‘p o‘tmay AQSh jamoatchiligiga jonli tarzda murojaat qilgan Jo Bayden Prezident Trampni zudlik bilan o‘z tarafdorlarini zo‘ravonlikni to‘xtatib¸ uyiga qaytishga chaqirishga da’vat qildi.
Bayden chiqishidan ko‘p o‘tmay Tramp “Twitter” orqali qisqa videomurojaat chiqarib, “saylovlarning o‘zidan o‘g‘irlangani” haqidagi asossiz bayonotini yana takrorladi, ayni paytda o‘z tarafdorlaridan “uyiga qaytish”ni so‘radi.
6-yanvar kuni kech soat 20:00 dan so’ng Kongressning har ikki palatasi saylovchilar hay’ati tomonidan tasdiqlangan prezident saylovi natijalarini ma’qullash uchun qayta to‘plandi. Tongga yaqin saylov natijalari tasdiqlandi. Bu yangi saylangan prezidentning qasamyod marosimidan oldin o’tkazilishi kerak bo’lgan eng so‘nggi protsedura hisoblanadi.
Facebook Forum