Breaking News

AQSh diplomatlari Trampni ayblamoqda


Kapitoliy binosida tartibsizliklar. 6-yanvar, 2021, Vashington shahri.
Kapitoliy binosida tartibsizliklar. 6-yanvar, 2021, Vashington shahri.

AQSh diplomatlari Davlat departamenti ma’muriyatiga Prezident Donald Trampdan arz qilib murojaat qildi. Diplomatlar yo’llagan ikki maktubda Kapitoliyga uyushtirilgan bosqin, o’limlar, jarohatlar va binoga yetkazilgan zarar uchun Tramp aybdor ekani ta’kidlangan. Ma’muriyatdan AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan 25-tuzatish asosida prezidentni lavozimidan bo’shatish tashabbusiga qo’shilish so’ralgan.

Diplomatlar AQSh poytaxtida yuz bergan fojiali bosqin xorijda demokratik qadriyatlarni himoya qilish va targ’ib etish missiyasiga jiddiy ziyon yetkazishini ta’kidlagan. Tartibsizliklar AQSh nufuzi va unga bo’lgan ishonchning zaiflashuviga sabab bo’lishidan ogohlantirgan.

“Prezidentga nisbatan oshkora chora ko’rilmasa, demokratiyaga ziyon yetadi, mamlakatning xorijiy missiyalarini munosib ado etish imkoniyati boy beriladi”, - deyiladi maktublarning birida.

Zotan, Tramp ma’muriyati diplomatlarning tashqi siyosatdagi roli va tajribasini inobatga olmayotgani borasida allaqachon shikoyat qilingan edi. Diplomatlardan tushgan arz amaldagi prezident faoliyatining mamlakat uchun xavfli ekaniga qaratilgan va mohiyatan AQSh diplomatiyasi tarixida qayd etilgan sensatsion voqelikni aks ettiradi.

Maktublarda, xususan, Trampga sadoqat bilan xizmat qilayotgan Davlat kotibi Mayk Pompeoning Kapitoliy bosqiniga munosabatiga norozilik bildirilgan.

Pompeo poytaxtda yuz bergan tartibsizliklarni qoralagan. Biroq Tramp o’z tarafdorlarini tartibsizliklarga undaganiga doir biror bayonot bermagan. Bosh diplomat, shuningdek, bosqin oqibatlariga to’xtalmagan. Xorijda demokratiya targ’iboti zaiflashishi ehtimolini tan olmagan.

Maktublarni aynan necha diplomat imzolaganiga doir aniq ma’lumot yo’q.

Davlat departamenti arzlarga javob bermagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG