AQSh Kongressining bir qator nufuzli a’zolari Prezident Donald Trampni ishdan olish taklifi va talablari bilan chiqmoqda.
Yuqori darajali demokrat, saylovdan keyingi Senat tarkibida ko’pchilik yetakchisi bo’lishi kutilayotgan Chak Shumer Kapitoliy binosiga uyushtirilgan qonli hujumdagi ishtiroki uchun Trampni, Oq uydagi faoliyati tugashiga 13 kun qolishiga qaramay, zudlik bilan lavozimidan chetlatishni talab qildi.
"Kecha AQSh Kapitoliysida sodir bo'lgan voqea prezident tomonidan AQShga qarshi qo'zg'atilgan g’alayon edi. Bunday prezident o'z lavozimida bir kun ham qolmasligi kerak”, - dedi Nyu-Yorkdan saylangan senator Chak Shumer.
Shumerga ko’ra, Trampni Oq Uydan haydashning "eng tezkor va eng samarali usuli" Vitse-prezident Mayk Pens va Tramp kabinetining aksariyat qismi tomonidan AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan 25-tuzatishni ishga solishdir. Bu moddaga ko’ra, mehnatga layoqatsiz va o'z lavozimini davom ettirishga qodir emas deb topilgan davlat rahbari ishdan olinishi mumkin.
"Buni bugunoq qilish mumkin, - dedi Shumer. - Agar vitse-prezident va vazirlar oyoqqa turishdan bosh tortsa, Kongress prezidentga qarshi impichment e'lon qilish uchun qayta yig'ilishi kerak".
Bir qator boshqa qonunchilar, shu jumladan, Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi ham Trampni konstitutsiyaviy qoida asosida ishdan olish yoki ikkinchi marta impichment qilishga chaqirdi.
Bu chaqiriqqa ba’zi respublikachilar ham qo’shilmoqda.
"Barcha ko'rsatkichlar prezidentning nafaqat o'z vazifasidan, balki haqiqatdan ham uzilganini ko’rsatmoqda", - dedi Illinoys shtatidan saylangan respublikachi kongressmen Adam Kinzinger.
Trampning yana bir ashaddiy tanqidchisi, Vakillar palatasining nyu-yorklik a'zosi Aleksandriya Okasio-Kortez Trampga qarshi impichment bandlarini tayyorlaganini aytdi.
Ommaviy axborot vositalarining yozishicha, Oq uyda Trampning ba’zi yordamchilari prezidentni ishdan olish yo’llarini muhokama qilgan.
6-yanvar kuni Tramp tarafdori bo’lgan namoyishchilar Kongress binosiga bostirib kirishi ortidan prezident oldindan yozib olingan qisqa videomurojaatini chiqardi. Unda Tramp namoyishchilarni "uyga qaytinglar" deb da'vat etdi, ammo zo’ravonlikni qoralamasdan, namoyishchilar bilan birga ekaniga ishora qildi.
"Biz sizni yaxshi ko'ramiz. Siz juda qadrlisiz", - dedi Tramp tarafdorlariga qarata.
Kongressga uyushtirilgan hujum bostirilgach, 6-noyabr tunida qonunchilar qo’shma majlisni qayta boshlab, Jo Baydenning prezidentlik saylovida g’alaba qozonganini tasdiqladi.
Shundan so’ng Prezident Tramp murojaat e’lon qilib, 20-yanvar kuni hokimiyatni belgilangan tartib asosida topshirishini aytdi, ammo saylov natijasini hanuz tan olmasligini ta’kidladi.
Kapitoliyda yuz bergan hujum ortidan Tramp ma'muriyatidagi bir necha kishi iste'fo berdi. Transport vaziri Eleyn Chao 7-yanvar kuni iste'foga chiqqanini e’lon qildi.
Oq Uyning sobiq boshqaruvchisi, yaqinda Trampning Shimoliy Irlandiyadagi vakili bo'lgan Mik Malveyni hamda Trampning bir martalik matbuot kotibi Stefani Grisham ham iste'foga chiqdi. Grisham chorshanba kunigacha birinchi xonim Melaniya Trampning ish boshqaruvchisi edi.
Prezident Tramp 7-yanvar oqshomida "Twitter"dagi sahifasi orqali yana bir videomurojaat e'lon qildi. Bu safar u Kongress binosida yuz bergan zo'ravonliklarni qoraladi.
"Amerika har doim qonun va tartib o'rnatilgan mamlakat bo'lishi kerak. Zo'ravonlik va buzg'unchilikka qo'l urganlar bu mamlakatni ifodalamaydi va qonunni buzganlar badalini to'laydi", - dedi.
U, shuningdek, saylov natijalari bo'yicha Kongress tasdig'ini qabul qilishini, 20-yanvar kuni Oq uyda yangi ma'muriyat ish boshlashini aytdi.
Koronavirusga qarshi kurashish hamda iqtisodiyotni qayta tiklash uchun hammamiz birga ishlashimiz kerak, deya qo'shimcha qildi u.
Facebook Forum