Yevropa Ittifoqi hamjihatligi timsollaridan biri bo’lgan siyosatchi Angela Merkel faoliyatini yakunlash arafasida. “Yevropa Merkelsiz yashashga tayyor emas”, deb yozadi nufuzli “Politiko” nashri Germaniya kansleri haqida.
Yevropa ittifoqidagi birlik va hamjihatlik ramzi sifatida ko’riladigan Merkel kanslerlik muddatini yakunlashigacha hali vaqt bor. Germaniyada saylovlar sentabr oyida o’tadi. Ammo bundan qat’i nazar Merkeldan keyingi Germaniyada, Yevropa Ittifoqida siyosat qanday bo’lishi, vaziyat qanday rivojlanishi mumkinligi allaqachon muhokamaga chiqqan.
Bu mulohazalarga tayanilsa, Yevropa Ittifoqidagi o’zaro hamkorlik va hamjihatlik saqlanishida muhim o’rin tutgan Merkelning siyosiy maydonni tark etishi izsiz kechmaydi. Yevropa Ittifoqida tomonlarni o’zaro murosa, hamjihatlikka undovchi yetakchiga nisbatan ehtiyoj kuchayadi. Bu mas’uliyatning Fransiya prezidenti Makron zimmasiga o’tishi esa silliq kechmasligi mumkin. Ayniqsa, pandemiya inqirozi chekinmagan taqdirda.
Fransiyada yashayotgan o’zbek siyosatshunosi Kamoliddin Rabbimov nazarida, Merkelning siyosiy sahnadan ketishi Yevropa Ittifoqi miqyosidagi inqiroz nisbatan chekina boshlagan bir davrga to’g’ri keladi.
“Avvalo Merkelning o’rniga kelishi ehtimoli yuqori bo’lgan nomzod uning siyosatining davomchisi bo’lishi aytilmoqda. Ya’ni Germaniyaning Yevropa Ittifoqiga nisbatan siyosatida biror jiddiy o’zgarishlar kutilmaydi. Ayniqsa, ittifoqdagi siyosatni asosan Germaniya va Fransiya belgilab kelayotgani inobatga olinsa. Bundan tashqari, hozirga kelib Yevropa Ittifoqiga tahdid solib turgan inqiroz biroz chekindi. Merkel iste’fosigacha vaziyat yanada iziga tushishi mumkin. Buni ittifoqni uzil-kesil tark etgan Britaniya misolida ham ko’rish mumkin. Bu qaror Yevropa Ittifoqini zaiflashtirgani yo’q, aksincha bundan faqat Britaniya yutqazganini aytmoqda ekspertlar.
Qolaversa, Yevropa Ittifoqi uchun jiddiy muammo bo’lib turgan Donald Tramp boshqaruvi ham yakunlandi. AQShning yangi Prezidenti Jo Bayden davrida tomonlar o’rtasida hamkorlik, o’zaro qo’llov yana o’z izniga tushishi kutilyapti”, - deydi Rabbimov.
Germaniyada Merkelning o’rnini egallashi mumkin bo’lgan nomzod aniqlandi. Xristian-demokratlar ittifoqi (SDU) partiyasi o’ziga yangi yetakchi sayladi. Yangi lider Armin Lashet Merkel siyosatining davomchisi sifatida ko’rilmoqda. Ammo bu uning Germaniya kansleri sifatida saylanishi mumkinligini kafolatlamaydi.
Germaniyada kansler nomzodi parlament saylovlarida g’alaba qilgan partiya tavsiyasiga ko’ra prezident tomonidan parlamentga taqdim qilinadi. 50 foizdan oshiq ovoz nomzodning g’alabasini ta’minlaydi.
Angela Merkel to’rtinchi bor lavozimga saylanar ekan, amaldagi muddat yakunlangach iste’foga chiqishini ma’lum qilgan edi. Muddat sentabr oyida navbatdagi parlament saylovlari o’tishi ortidan nihoyasiga yetadi.
So’nggi yillar Yevropadagi vaziyat millatchi siyosiy guruhlar kuchayishi bilan kuzatildi. Yevropaning qator davlatlarida, jumladan, Germaniyada ham millatchi siyosiy kuchlar parlamentga saylanishga muvaffaq bo’ldi.
Bu ayniqsa Germaniya misolida yaqqol ko’rinadi, nemis millatchilarini namoyon etuvchi “Germaniya uchun muqobillik” (AFD) partiyasi parlamentdagi uchinchi yirik siyosiy kuchga aylandi.
Tanqidchilar buning sabablarini yuz minglab qochqinlar uchun Yevropa Ittifoqi, Germaniya eshiklarini ochgan Angela Merkel siyosatida, uning yetakchiligidagi partiya reytingi jiddiy tushib ketishida deb biladi. Ammo qochqinlar bilan bog’liq vaziyat ortda qolib, pandemiya inqiroziga qarshi kurash boshlanar ekan, Merkel yetakchiligidagi hukumat, jumladan, SDU partiyasi o’z reytingini tiklagan.
“Millatchilikka suyangan siyosiy kuchlar nafaqat Germaniya, balki butin Yevropa bo’ylab bir muddat avj oldi. Bugunga kelib bunday populistik chiqishlarga ishonuvchilar tobora kamayib bormoqda. Millatchilar yetakchiligida ikkinchi jahon urishini boshlagan Germaniya uchun esa bu ancha nozik mavzu. Nemislar buning uchun mas’uliyatni hamon unutgani yo’q. Merkelning siyosiy sahnadan ketishi millatchi guruhlar kuchayishiga olib kelmaydi. Germaniya aynan Merkel siyosatini davom ettiruvchi yetakchini tanlashi haqiqatga yaqin”, - deydi Rabbimov.
66 yoshli Angela Merkel dastlab 2005-yilda Germaniya kansleri lavozimini egallagan edi. Keyinchalik uning yetakchiligidagi partiya saylovlarda g’olib chiqishi ortidan yana uch bora bu lavozimga qayta saylangan.
Facebook Forum