20-yanvar kuni AQShda rahbarligini boshlaydigan Jo Bayden prezidentligining ilk kunidayoq immigratsiyaga doir katta qonun loyihasini taqdim etishini bildirgan.
Loyiha Kongressda qabul qilinsa, mamlakatda noqonuniy yashayotgan 11 millionga yaqin kishi fuqarolikka erishish imkoniyatiga ega bo’ladi. Baydenning bu tashabbusi Donald Tramp joriy etgan tartiblardan keskin chekinish yuz berishini ko’rsatmoqda.
Qonun loyihasi Baydenning saylovoldi kampaniyasida bergan va’dalarini bajarishi yo’lida katta qadam bo’ladi. Xususan, unga ovoz bergan Lotin Amerikasidan kelganlar qatlami va boshqa immigrantlar jamiyati kutgan o’zgarish amalga oshishi mumkin. Tramp ma’muriyati qo’llagan immigratsion cheklovlar va ommaviy deportatsiyaga chek qo’yilishi millionlab odamlar taqdirida jiddiy burilish yasaydi.
Loyiha noqonuniy muhojirlarning legal statusga erishishi uchun imkoniyat yaratadi. Biroq unda aksariyat respublikachilar e’tiborida turgan chegara xavfsizligini ta’minlash masalasi aks etmagan. Kongress tarkibida kuchlar nisbati kichik farq bilan taqsimlangan bir paytda bahslar kuchayishi ham mumkin.
Qonun loyihasi 20-yanvar kuni Bayden prezidentlikka qasamyod qilgandan keyin Kongressga taqdim etilishi kutilmoqda. Bu haqda loyiha bilan tanish shaxs ismini oshkor qilmaslik sharti bilan ma’lum qilgan.
Bayden saylovoldi chiqishlarida Trampning immigratsiya bo’yicha qattiqqo’l siyosatini Amerika qadriyatlariga “ayovsiz hujum” deb baholagan. Saylovda g’alaba qozonsa, u o’rnatgan cheklovlarni bekor qilishini aytgan edi.
Qonun loyihasida qayd etilishicha, AQSh hududida noqonuniy yashab kelayotganlar 2021-yilning 1-yanvaridan boshlab besh yilda doimiy yashash va ishlash huquqi, ya’ni grin kartaga erishishi mumkin. Buning uchun murojaat qiluvchi shaxs xavsizlik xizmati tekshiruvidan o’tishi va soliqlarni o’z vaqtida to’lagan bo’lishi kerak. Grin kartaga erishgan shaxs uch yildan keyin fuqarolikka murojaat qilishga haqli bo’ladi.
Ayrim immigarnatlar qonuniy maqomga tezroq erishishi mumkin. Xususan, DAKA dasturi himoyasida bo’lgan, AQShga bolalik chog’ida noqonuniy yo’llar bilan kirib kelganlar. Shuningdek, vaqtinchalik himoya statusiga (TPS) ega shaxslar ham grin kartani qisqa fursatda olishi mumkin.
Bayden ayrim musulmon mamlakatlar fuqarolariga viza berishni taqiqlash bo’yicha Tramp joriy etgan cheklovga ham yakun yasashni rejalagan.
Facebook Forum