Breaking News

Bayden oldida xalqni birlashtirishdek murakkab vazifa turibdi


Tarqoq Amerika: Bayden xalqni birlashtira oladimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:49 0:00

AQShda o’tkazilgan so’nggi ommaviy so’rovga qaraganda, respublikachilarning 21 foizi Tramp tarafdorlari tomonidan Kongressga qilingan qonli hujumni ma’qullaydi. Undanda ko’proq odam saylov adolatli o’tganiga ishonmaydi.

Amerikaliklar 6-yanvar voqealaridan dahshatda. Ko’plab so’rovlarda aholining katta qismi o’sha kuni Tramp tarafdorlarining Kapitoliy binosiga bostirib kirganini qoralagan.

“Ertalab turib “CNN” telekanalida ko’rdim. Amerika tarixidagi eng qora kun bu. Asabim buzildi”, - deydi Jin Karkaff, Respublikachilar partiyasi tarafdori.

Ammo “CBS/YouGov” so’roviga qaraganda, respublikachilarning 21 foizi, bu degani millionlab amerikaliklar isyonda ishtirok etganlarni olqishlaydi.

Boshqa bir so’rovga (PBS/Marist) ko’ra esa amerikaliklarning 35 foizi saylov adolatli o’tganiga ishonmaydi. Vaholanki, firibgarlik bo’lgani haqida isbot-dalil yo’q.

“Bu qip-qizil yolg’on, lekin takrorlayversangiz odamlar ishonadi. Prezident va Kongressdagi ittifoqchilari yolg’on gapiryapti”, - deydi sharhlovchi Stiv Filips.

Jo Baydenning inauguratsiyasi paytida xavfsizlikni ta’minlash uchun poytaxtga 25 minggacha Milliy gvardiyachilar safarbar etilmoqda.

Bu orada, Vakillar palatasi Trampni ikkinchi marotaba impichment qildi. Prezident hukumatga qarshi g’alayon qo’zgatganlikda ayblanmoqda.

Trampning muddati yakunlanar ekan, mamlakat ikkiga bo’linib qolgan. Kuzatuvchilar Qo’shma Shtatlarga asos solingan yillar va fuqarolik urushi davrini yodga olmoqda.

“Ikkala davrda ham faqat oq tanlilar fuqaro deb ko’rilgan. Amerika xalqi deganda kim nazarda tutilishi asrlar osha o’zgarganiga e’tibor qaratamiz. Tarixdan saboq olib, o’zgarishlarga turtki beradigan islohotlar qilishimiz kerak. Oq uyni egallagan rahbar jamiyatning bir qismi emas, barcha amerikaliklarning vakili ekanini tushunishi lozim”, - deydi tahlilchi Vanessa Bizli.

Bayden saylov kampaniyasida birlik va murosa haqida bong urdi, ammo bo’linib qolgan xalqni birlashtirish oson bo’lmaydi.

“Fuqarolar urushidan keyingi davrni yodga solayapti. Qanday davlat bo’lish ustida bahslar va janglar kechgan. Hozir ham Rekonstruksiya davrida bo’lgani kabi barcha irq vakillarini o’z ichiga olgan demokratiya qurish haqida gapiryapmiz. Mamlakatimizda chuqur tengsizlik va adolatsizlik mavjud, bunga turli bahonalar bilan ko’z yuma olmaymiz”, - deydi Filips.

Bu orada, inauguratsiya marosimiga tayyorgarlik avjida. Jo Bayden 20-yanvar kuni prezidentlikka kirishadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG