Donald Tramp 19-yanvar kuni oqshom prezident sifatida Oq uydan o'zining oxirgi nutqini qildi. 20-yanvardan binoan uning o'rnini egallaydigan demokrat Jo Baydenga omad tiladi. Ismini tilga olmasa-da, yangi rahbarga "ezgu so'zlarini" yo'lladi.
"Biz ularga omad tilaymiz - bu nihoyatda muhim", - dedi Tramp.
20 daqiqalik murojaatida prezident dediki, uning davrida Amerikada "eng kuchli iqtisodiyot" hukm surdi va biror yangi urush boshlanmadi.
Tramp Baydenning qasamyod marosimida qatnashmaydi. 20-yanvar kuni tongda Oq uyni tark etib, prezident samolyotida Florida shtatidagi villasiga yo'l oladi.
Odatda muddati bitayotgan prezident inauguratsiyada qatnashib, yangi rahbarning ilk nutqini tinglaydi. Keyin esa eski prezident Kapitoliy hovlisidan kuzatib yuboriladi. Yangisi esa piyoda Oq uy tomon yo'l oladi.
Tramp saylov kunidan, ya'ni 3-noyabrdan buyon Baydenni adolatsiz ravishda saylanganlikda ayblab keldi. Uningcha, jarayon nodemokratik o'tgan. Biroq Trampning biror da'vosi o'z isbotini topmagan va hech bir shtat prezident saylovida qo'pol xatolarga yo'l qo'yilgani yoki jiddiy muammolar kuzatilgani haqida ma'lumot bermagan. Federal tizim o'tkazgan tekshiruvlar ham Tramp iddaolari asossiz ekanini ko'rsatgan.
Tramp Baydenni g'alaba bilan tabriklamagan. O'zining yutqazganini ham tan olmagan.
Inauguratsiya marosimida Vitse-prezident Mayk Pens ishtirok etadi. Tadbir kuchli xavfsizlik choralari ostida o'tadi.
Nafaqat Kapitoliy, balki Oq uy hovlisi ham bu dabdabali voqeaga tayyor.
Bu orada Vakillar palatasida Trampni impich qilish uchun harakat to'xtamagan. Muddati bitgan bo'lsa-da, Spiker Nensi Pelosi respublikachi arbobni jazolash ahdida qat'iy. Bu hafta vakillar bu borada ovoz berib, masalani Senatga uzatadi.
Demokratlar va ayrim respublikachilarning pozitsiyasi shuki, Prezident Tramp o'z tarafdorlari orasida davlatga nisbatan nafrat urug'ini sochib, ularni zo'ravonlikka va Bayden prezidentliigiga qarshi chiqishga chaqirgan. 6-yanvar kuni Kapitoliyga bostirib kirilgan, ofislar vayron qilingan, kamida to'rt kishi o'lgan.
"Bu to'da yolg'onlar bilan to'ydirilgan olomon edi”, - deydi Senatda ko'pchilik, ya'ni respublikachilar sardori Mitch Makkonnell. "Ularni bu ishga prezident va boshqa qudratli shaxslar undagan".
Texas shtatidan demokrat kongressmen Joakin Kastroning tushuntirishicha, Trampni impich qilishdan maqsad - uning kelajakda federal lavozimga tayinlanishi yoki saylanishini man etish. Tramp 2024-yilda prezidentlikka harakat qilmoqchi. Kongress uni bu huquqdan ayirishi kerak, degan ishonch kuchli, ayniqsa demokratlar orasida.
“Amerika xalqi Kapitoliyga hujumdan dahshatga tushdi. Siyosiy zo'ravonlik bizning qadriyatlarimizga ziddir. Bunday ishlarga toqat qilmaymiz", - dedi Tramp bugungi chiqishida.
"Hokimiyatni yangi rahbariyatga topshirar ekanman, mana shu tamoyillar kuchda qoladi".
Shu kunlarda o'tkazilgan ommaviy so'rov natijalariga ko'ra, respondentlarning 16 foizi uni tarixdagi eng zo'r prezidentlardan, 47 foizi esa eng yomonlaridan biri deya baholagan.
Prezidentligining so'nggi kunlarida Tramp qator farmonlar chiqarib, tashqi va ichki siyosat bilan bog'liq masalalar yuzasidan buyruqlar berdi. Bayden ularning aksariyatini darhol bekor qilishi kutilmoqda.
Facebook Forum