Breaking News

Afg'onistonda tinchlik o'rnatish harakati shubha ostida


Afg’onistonni qayta qurish bo’yicha bosh inspektor (SIGAR) agentligi tinchlik muzokaralari ijobiy yakun topishiga shubha bildirmoqda. AQShning ushbu mustaqil nazorat agentligi nazdida, G’arb dastaklayotgan Afg’oniston hukumati va Tolibon o’rtasidagi muloqotda murosa sezilmayapti.

Garchi 2020-yilda Vashington va Tolibon Tinchlik bitimini imzolashga muvaffaq bo’lgan bo’lsa-da, amalda sezilarli siljish qayd etilmadi.

“Qurolli to’qnashuvlarni to’xtatish bo’yicha kelishuvga erishilmadi. AQSh va boshqa davlatlar rasmiylarining chaqiriqlariga qaramay, so’nggi kvartalda ekstremistlar va jangarilar tomonidan yuqori darajadagi xurujlar amalga oshirildi. Tolibonning AQShda 11-sentabr teraktini amalga oshirgan “Al-Qoida” bilan aloqalarini uzganiga doir biror asosli dalil ham mavjud emas”, deyiladi Bosh inspektor Jon Sopkoning hisobotida. Kvartallar bo’yicha navbatdagi 50-hisobot AQSh Kongressiga taqdim etilgan.

Vashington va Tolibon imzolagan bitimga ko’ra, AQSh va NATO kuchlari joriy yilning may oyiga qadar Afg’oniston zaminidan to’liq chiqib ketishi kerak. O’z navbatida, Tolibon terroristik xurujlarga barham berib, Afg’oniston hukumati bilan siyosiy kelishuvga erishishi, uzoq yillik urushga yakun yasashi lozim.

AQSh qo’mondonlariga ko’ra, Tolibon bitim majburiyatlarini bajarmayapti. Kelgusida ham hujjatlarga amal qilishi ehtimoldan yiroq.

SIGAR hisobotida qayd etilishicha, 2020-yilning so’nggi choragida mamlakatning aksariyat hududlarida qurolli hujumlar to’xtamagan.

Garchi to’rtinchi kvartalda to’qnashuvlar avvalgi uch oylik davrga nisbatan biroz kam bo’lgan bo’lsa-da, xurujlar 2019-yilning mos davriga nisbatan ancha ko’p miqdorda amalga oshirilgan.

Mamlakatda yetarli darajada qurolli kuchlar dastagi saqlangan holda ham, Afg’oniston xavfsizlik kuchlari aksariyat hollarda Tolibonga mag’lub kelgan.

SIGAR hisobotiga ko’ra, Afg’oniston armiyasi birgina dekabr oyining o’zida Qandahordagi qariyb 200 ta nazorat punktlarini Tolibonga boy bergan. Shuningdek, hukumatning qurol-aslaha va o’q-dorilari Tolibon ixtiyoriga o’tib ketgan.

Natijada, Afg’oniston kuchlari ham 2019-yilning mos davriga nisbatan dala operatsiyalari sonini ko’paytirgan. O’z navbatida, AQShning mudofaani kuchaytirishga qaratilgan havo zarbalari soni ham oshirilgan.

Qisqartirilgan AQSh qo’shini 2500 askar bilan qolgani ham joriy vaziyatga ta’sir ko’rsatmoqda.

AQSh qo’mondonlari ham qisqartirilgan qo’shin Afg’oniston kuchlariga treninglar o’tkazish, maslahatchilik qilish va yordam operatsiyalarini amalga oshirish borasida imkoniyatlari cheklanganini ta’kidlagan.

“Vaqt g’animat. AQShda yangi ma’muriyat va Kongress Afg’oniston bo’yicha dolzarb muammolar muhokamasiga kirishar ekan, tahdidlar saqlanib qolayotganini emas, aksincha, yanada ortib borayotganini inobatga olishi lozim. Afg’oniston hukumati xalqaro kuchlar aralashuvisiz zaiflashib qolishi ehtimolini nazarda tutishi kerak”, - deydi Sopko.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG