Breaking News

Tolibon Prezident Ashraf G’anini tinchlikka to’siq deb biladi


Tolibon harakatiga ko’ra, Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’ani vakolati tugaguncha o’z lavozimida qolishga qaror qilgani urushni tugatishga xizmat qilmaydi, tinchlik muzokaralariga ziyon yetkazadi.

Qatarda afg’on hukumati vakillari va Tolibon o’rtasida “qo’shma dastur” bilan chiqish bo’yicha muhokamalar boshlangan bir paytda jangari guruh ana shunday ogohlantirish bilan chiqmoqda.

Matbuotda Prezident G’ani iste’fo berishi, muzokaralarga muvaqqat hukumat bosh-qosh bo’lishi mumkin, degan taxminlar paydo bo’ldi. Biroq prezident hokimiyatni keyingi saylangan rahbarga topshirishini ta’kidlamoqda.

“Prezidentlik kursisi meniki emas, Afg’oniston xalqiniki. Tizimning qadr-qimmati bor. Sizlar menga ovoz bergansizlar”, - dedi G’ani Nangarhor viloyatidagi yig’inda. – Maqsadim - xalq irodasi bilan hokimiyatni keyingi saylangan rahbarga topshirish”.

“Qashshoqlik, baxtsizlik, xunrezlik”

Tolibonga ko’ra G’ani lavozimida qolishi uzoq yillik mojaroni “muzokara orqali va tinch yo’l bilan” hal qilishga to’siq bo’ladi.

“Ashraf G’ani boshqaruvi Afg’onistonga qashshoqlik, baxtsizlik, xunrezlik, badnomlik va muammolardan boshqa hech narsa olib kelmadi”, - deyiladi guruh bayonotida.

O’z navbatida, Afg’oniston hukumati Tolibon isyonchilik faoliyatini avj oldirib, minglab fuqarolar va politsiyachilar hayotiga zomin bo’layotganini qoralamoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti xulosasiga ko’ra, 2020-yilda fuqarolar orasida aksar talafotlar uchun Tolibon javobgar.

Afg’on guruhlari o’rtasida tinchlik muzokaralari o’tgan yili sentabrda boshlangan. Tramp ma’muriyati 2020-yilning fevralida Tolibon bilan imzolagan bitim bunga zamin yaratgan edi.

AQSh-Tolibon kelishuvida NATO boshchiligidagi barcha qo’shinlar Afg’onistonni 2021-yilning mayigacha tark etishi belgilangan. Jangari guruh esa al-Qoida terror tarmog’i bilan aloqalarni uzishga, terrorchi guruhlarning afg’on tuprog’idan foydalanishini bartaraf etishga va’da bergan.

Tolibon, shuningdek, hokimiyatni taqsimlash bo’yicha raqib guruhlar bilan muloqotga rozi bo’lgan.

Kuchli tomon kuchsizni ezadigan davr

“Bir narsani aniq aytishim kerak. Afg’on jamiyati orqaga qaytishni istamaydi. Endi Tolibonning o’tmishdagi kabi yondashuvini qabul qiladigan jamiyat emasmiz. Kuchli tomon kuchsizni ezib tinchlikka erishadigan davr o’tdi”, - dedi Prezident G’ani AQShning “CNN” telekanali bilan suhbatda.

Prezident bu bilan Afg’onistonning katta qismida Tolibon islomiy tuzumni joriy etgan 1996-2001 yillarga, qizlar ta’limdan, ayollar ishlash huquqidan mahrum qilingan davrga ishora qilmoqda. 2011-yilda AQSh qo’shinlari Afg’onistonga kirib, Tolibon hokimiyati ag’darilgan.

Biroq toliblar hujumlarni kuchaytirib, so’nggi yillarda Afg’onistonning qariyb yarmini o’z nazoratiga oldi. Jangarilarga ko’ra, mamlakatdagi boshqaruv tizimi noqonuniy va “AQSh bosqini” natijasida o’rnatilgan.

Ammo Tolibon tinchlik bitimi doirasida xalqaro kuchlarga hujumlarni to’xtatgan. 2020-yil boshida Afg’onistonda 12 000 sonli AQSh qo’shini bor edi. Yaqin kunlarda ular soni 2500 gacha kamayadi.

AQShning 20-yanvardan ishga kirishayotgan yangi rahbari Jo Bayden Afg’onistonda askarlarni kamaytirish qarorini ma’qullaydi, lekin terrorga qarshi kurashish uchun kichik sonli qo’shin qoldirish tarafdori.

Tolibonning ta’kidlashicha, kelishilgan muddatdan keyin Afg’onistonda hatto bitta chet ellik zobit qolishi ham urush davom etishini anglatadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG