Prezident Jo Bayden immigratsiyaga oid yana bir necha farmonga imzo chekdi. Ota-onasidan ajrab qolgan bolalarni oilasiga qaytarish, markaziy amerikalik migrantlar uchun siyosiy boshpana olish jarayonini isloh qilish hamda sobiq prezident Donald Trampning avvalgi ayrim qarorlarini bekor qilish shular jumlasidan. Immigratsiya faollariga ko’ra, hali bu sohada qilinadigan ishlar ko’p.
AQSh-Meksika chegarasida minglab migrant oilalar keyingi taqdirlarini kutib yashamoqda.
“Migrantlarga oid qabul qilingan yangi tartib tufayli ular bir yildan ortiq shu yerda kutib turishibdi”, - deydi yordam tashkiloti vakili Norma Pimentel.
Prezident Donald Tramp qabul qilgan qaror asosida Markaziy Amerikadan kelgan 60 mingdan ortiq qochqin hujjatlari ko’rib chiqilguncha Meksika hududiga jo’natilgan.
Prezident Jo Bayden 2-fevral kuni shu va Trampning boshqa ba’zi dasturlariga chek qo’ydi, xususan, bolalarni oilasidan ajratish siyosatiga.
“Avvalgi ma’muriyat qo’l urgan ba’zi millat uchun uyat va axloqsiz ishlarni bekor qilyapmiz. Chegarada bolalarni majoziy emas, haqiqiy ma’noda ota-onasining, oilasining bag’ridan yulib olishayotgan edi”, - dedi Prezident Bayden.
Tramp ma’muriyati davrida kamida 5500 bola oilasidan ajratib qo’yilgan. Ularning 600 dan ortig’i hanuz ota-onasi bilan birga emas.
Tahlilchilarga ko’ra, Bayden qarori ijobiy birinchi qadam.
“Lekin hozircha amaldan ko’ra gap ko’proq. AQSh ichida va tashqarisidagi muhojirlar uchun jiddiy o’zgarishlar bo’lishiga yo’l ochilmoqda. Ammo bu ko’p vaqt oladi”, - deydi Migratsiya siyosati instituti tadqiqotchisi Sara Piyers.
Bayden prezidentligining ilk kunidayoq 11 million hujjatsiz muhojirga fuqarolik sari yo’l ochadigan qonun loyihasini Kongressga taqdim etdi. Qonun konservativ guruhlar tanqidiga duchor bo’ldi.
“Bu chegaralarni ochish degandek gap va kelajakda ko’proq noqonuniy muhojirlarning mamlakatga kelishini rag’batlantiradi. Avvalgi immigratsiya rejalaridan farqli o’laroq, unda chegara xavfsiligini kuchaytirish haqida gap yo’q”, - deydi Xeriteyj jamg’armasi tahlilchisi Noa Vaynrik.
AQSh va Meksika chegarasini devor bilan to’sish Trampning mashhur rejasi edi. Bayden yangi tartib ishga tushguncha devor qurilishini ikki oyga to’xtatib qo’ydi.
Bayden immigratsiya va bojxona nazorati uchun mas’ul ichki xavfsizlik vaziri lavozimiga Alexandro Mayorkasni tayinladi. Senat kubalik yahudiy qochoqlar farzandi bo’lgan Mayorkas nomzodini 2-fevral kuni tasdiqlandi.
Facebook Forum