Afg’onistonda jurnalistlar turli tahdidlar bilan yuzlashishiga qaramay, mamlakat shimolidagi Balx viloyatida ayol jurnalistlar chop etayotgan gazeta o’z ishini muvaffaqiyat bilan davom ettirmoqda.
Balx viloyati poytaxti Mozori Sharifda chop etilayotgan “Balx quyoshi” gazetasida mahalliy yangiliklar yoritiladi.
Faqat ayollar ishlaydigan nashr yordamsiz va erkin faoliyat yuritish mumkinligini ko’rsatdi, deydi gazeta asoschisi va muharriri Neda Aziziy.
“Bu haftanomani o’z pulim bilan ochdim va shu tarzda davom ettiryapman. Agar reklamalar bo’lsa, xarajatlarning bir qismini qoplashga yordam beradi”, - deydi Aziziy.
Aziziy yana ikki ayol jurnalist bilan ishlaydi. Ular birgalikda ayollarga oid jamiyatdagi noto’g’ri stereotipni o’zgartirishga urinmoqda va tahdidlarga qaramay, o’zi ishini davom ettiryapti. 2020-yil Afg’onistonda matbuotga qarshi zo’ravonlik holatlari 26 foizga o’sgan.
Odamlarning gazeta uchun pul to’lashi qiyin, lekin nashr kundan kunga ovoza bo’lyapti, deydi muharrir.
“Uch-to’rtta joyda gazetamizni doimiy olib turishga qiziqish bildirishdi. Lekin narxini aytganimda, sotib olishni xohlashmadi. Odamlar o’qishni xohlaydi, lekin sotib olishni emas”- deydi u.
Viloyatning madaniyat va axborot bo’yicha rahbari Matiul Rahmon Karimiyga ko’ra, ayollar uchun viloyatda yaxshi imkoniyatlar bor.
“Balx ayollar turli sohalarda, ayniqsa, matbuotda ishlash imkoniyatiga ega bo’lgan viloyatlardan biri. Bu yerda davlat va xususiy ommaviy axborot vositalari xodimlarining aksariyati ayollar”, - deydi u.
Balxda ayollar boshqaradigan bir gazeta va uch radio stansiya bor. Turli teleradiokanallarda ishlayotgan ayollar soni ham ko’p. Bu mintaqa bo’ylab ayollar ovozini ko’tarishga yordam beradi, deydi faollar.
“Ayollar yuzlashadigan muammo va zo’ravonliklarga erkaklar ro’baro’ kelmaydi. Shu bois matbuotda ayollarning muhim rol o’ynashi dolzarb masala”, - deydi ayollar huquqlari faoli Mina Salimiy.
Xavfsizlikka oid va madaniy to’siqlar bo’lishiga qaramay, “Balx quyoshi” gazetasi xodimlari o’z ishlarini davom ettirish ahdida qat’iy.
Facebook Forum