AQSh Senati 13-fevral kuni sobiq prezident Donald Trampni Kapitoliyga uyushtirilgan hujumlar uchun javobgar emas, deb topdi. Shunga qaramay, ko’plab qonunchilar, xususan, ba’zi respublikachilar Trampni hanuz aybdor deb hisoblaydi.
“Prezident Tramp lavozimida turgan payt qilgan har bir ishi uchun mas’ul. U qilgan ishlaridan qochib qutila olmaydi”, - dedi Senatdagi respublikachilar yetakchisi Mitch Makkonel.
Sobiq prezident uchun yana qanday oqibatlar bo’lishi mumkin? Tramp Respublikachilar partiyasida hanuz katta ta’sir kuchiga ega. Senatdagi sudlov tugashi bilan u bayonot chiqarib, Amerikani buyuk qilish harakati endigina boshlanganini e’lon qildi. Ko’plab respublikachilar, xususan, Trampga qarshi ovoz bergan senator Bill Kassidi fikricha, partiya endi Trampni unutishi kerak.
“Uning kuchi yo’qolib boradi. Respublikachilar partiyasi faqat bir odamdan emas, balki g’oyalardan iborat”, - dedi senator Kassidi.
Ba’zi qonunchilarga ko’ra, 11-sentabr voqealarini o’rgangan maxsus komissiya singari alohida guruh tuzib, Kapitoliy xurujiga yetaklagan omillar chuqur o’rganilishi lozim.
“Amerikaliklar 11-sentabr komissiyasi singari ish tutib, Kapitoliyni kelajakda xavfsiz qilishni ta’minlash lozimligi haqida ko’proq bilishni istaydi. Ular prezident Tramp o’z qasamyodini qanchalar buzganini ham bilishi lozim”, - deydi demokrat senator Kris Kuns.
Senatorlarning aksariyati Kapitoliy hujumi uchun Trampni aybdor deb topgan bo’lsa-da, ayblov hukmini e’lon qilish uchun lozim bo’lgan miqdor, ya’ni 67 ta ovoz yig’ilmadi. Shu bois Trampning aybi rasman tasdiqlanmadi, ammo u ikki marta impichment qilingan prezident sifatida tarixga kirishga ulgurdi.
Facebook Forum