Breaking News

Senat sobiq prezidentni aybsiz deb topdi


13-fevral kuni Senatda besh kunlik sud yakunlandi. Sobiq prezident Donald Tramp 6-yanvarda Kapitoliyga qilingan hujum ortida turgan shaxs degan ayblov yuzasidan ovoz berildi. Trampni aybdor deb topish uchun ovoz yetmadi. Buning uchun senatorlarning uchdan ikki qismining tasdig'i kerak edi. Atigi 57 senator "aybdor" deb ovoz berdi.

9-fevral kuni boshlagan jarayonda avvalo senatorlar prezidentlikdan ketgan odamni sud qilish qanchalik qonuniy degan masalani muhokama qilib ovoz bergan edi. Ko'pchilik Trampni impich qilish konstitutsiyaga zid emas deb hisobladi va protsess boshlandi.

Ikki kun davomida qoralovchi tomon, demokratlar tinglandi, keyin esa Trampning advokatlari. Shundan keyin savol-javob boshlandi, shuningdek, isbot-dalillar muhokamasi.

13-fevral kuni tushdan keyin senatorlar Tramp aybdor yoki aybsiz deya hukm chiqarishga tayyor ekanini bildirdi va masala ovozga qo'yildi.

Donald Trampni aybdor deb topish uchun Senatda yetarlicha ovoz berilmadi
Donald Trampni aybdor deb topish uchun Senatda yetarlicha ovoz berilmadi

Senatdagi sudga bu palatada ko'pchilikni tashkil etuvchi demokratlarning eng keksasi, Patrik Lihi raislik qildi. Jarayonning har bir qismi qanday kechishini u tushuntirib turdi.

"Senatorlar, marhamat, bildiring, sizningcha, ayblanuvchi Donald Tramp aybdormi yoki yo'q? Birma-bir ovozingizni bering", - deya murojaat qildi Lihi.

100 senator ovozini izhor etdi va ular ochiq o'qib berildi.

Bir necha daqiqa ichida hukm oydinlashdi.

"Aybdor deb ovoz berganlar 57 nafar, aybsiz deya ovoz berganlar esa 43 nafar. Aybdor deb topish uchun Senatning uchdan ikki qismi shunday ovoz berishi kerak edi. Shunday ekan, qonunga binoan, Donald Tramp bu sud tomonidan aybsiz deb topildi", - deya e'lon qildi senator Lihi.

So'ngra demokratlar lideri Chak Shumer impichment jarayonini tugatdi.

Kongressda demokratlar qanchalik norozi bo'lmasin, demokratik natijani tan olishga majbur. Respublikachilar natija oldidan ma'lum edi, desa, demokratlar ularni vijdonsizlikda, Trampning egri ishlari isbotlangan bo'lsa-da, ularga ko'z yumganlikda qoralamoqda.

Trampning advokatlariga ko'ra g'alaba muqarrar edi. Demokratlar Trampni siyosiy maydondan uzoqlashtirish va uning imkoniyatlari yo'liga to'siq qo'yish uchun boshqa variantlarni ko'rib chiqish harakatida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG