Breaking News

Impichment: Senat endi Tramp advokatlarini tinglaydi


Kapitoliy, AQSh Kongressi joylashgan imorat
Kapitoliy, AQSh Kongressi joylashgan imorat

11-fevral kuni demokratlar, sobiq prezident Donald Trampni davlatga qarshi harakatda ayblayotgan tomon, Senatga o'z pozitsiyasini tushuntirib bo'ldi. Navbat endi Trampning advokatlarida. Qoralovchi va oqlovchi taraflarga teng vaqt beriladi. Demokratlar 16 soat, ya'ni ikki kun ishlatdi. Tramp himoyachilari ishni uzoqqa cho'zmoqchi emas va 12-fevral kuniyoq barcha argumentlarini bayon etishga bel bog'lagan.

Trampga qo'yilayotgan asosiy ayblov: prezident o'z tarafdorlarini Kongressga bostirib kirib, zo'ravonlik qilishga, davlat manfaatlariga qarshi ish tutishga, qonunchilarga hujum qilishga va qon to'kishga undagan. 6-yanvarda Kapitoliyga xurujda besh kishi halok bo'lgan.

Prezident saylovida yutqazgan Tramp alamini o'z tarafdorlari orqali olishga urinib, shaxsiy manfaatlari yo'lida fuqarolarni zo'ravonlikka chaqirgan, deya qayd etdi demokratlar. Prezident aslo bunday qilmasligi kerak edi, chunki uning asosiy burchi tinchlikni saqlash, deya eslatdi ular.

Trampning komandasi bu ayblovni inkor etib, prezident sifatida aytgan gaplari uning erkin fikri bo'lgan, deya javob qilmoqda. Prezidentlik muddati bitgan odamni impichment qilish asossiz va mantiqsiz, deydi sobiq rahbarning advokatlari.

Senatning aksariyat a'zolari Trampni sudlash qonuniy deb hisoblaydi.

Demokratlar o'z argumentlarida shu paytgacha ko'rsatilmagan video tasvirlarni namoyish qildi. Ularda Kapitoliyga bostirib kirgan olomon Tramp chaqirgani uchun kelganini aytadi.

“Tramp uchun kurashayapmiz”, - degan so'zlar qayta-qayta yangragan. “Tramp bizni jo'natdi... Biz uni deb keldik".

Tramp bosqindan bir necha soat o'tib tarafdorlarini qaytishga undagan. Bu aks etgan video ham ko'rsatildi. Olomon bunga g'alaba e'tirofi deb qaragan. Prezident aytganidek harakat qilganlari uchun bir-birini tabriklashgan.

O'sha kuni Kapitoliyda qonunchilarning idoralari vayron qilingan. Politsiya bilan to'qnashuvlar hamda boshqa xodimlarga hujumlar kuzatilgan.

Butun mamlakatni dahshatga solgan holat natijasida Kongress a'zolari ishni to'xtatgan. Ertasiga yig'ilib, saylov natijasini tasdiqlab, Jo Baydenni 2020-yilgi prezident saylovi g'olibi deb e'lon qilishgan. 20-yanvarda Bayden qasamyod keltirib, ishga tushdi.

Senatdagi sudda demokratlar Trampni butun siyosiy faoliyati davomida odamlarni zo'ravonlikka undab kelayotgan "nafrat lideri" deya tasvirladi.

2016-yildan beri u tarafdorlarini qo'zg'alishga, hukumatga qarshi harakat qilishga chaqirib keladi, ba'zida hazil orqali, ba'zida jiddiy tarzda, deya demokratlar qator misollar keltirdi.

Impichment jarayonida Senat prezidentni sud qiladi
Impichment jarayonida Senat prezidentni sud qiladi

Trampning chaqiriqlari va irqchi bayonotlari oqibatida mamlakatda qonli voqealar yuz bergan, siyosatchilar hayotiga tahdid qilingan, o'nlab insonlar halok bo'lgan, deydi qoralovchi tomon.

Trampning bosh advokati Deyvid Shonning aytishicha, uning himoyasi uchun bir kun yetadi.

“Gapni cho'zishdan foyda yo'q. Amerika xalqining vaqtini qadrlashimiz kerak", - deydi Shon.

Advokat deydiki, demokratlarning pozitsiyalari zaif, chunki Trampning Kapitoliydagi voqealariga bevosita aloqasi yo'q. Olomonning qilmishi uchun sobiq prezidentni ayblash asossiz, deydi Shon.

Senatda havola qilinayotgan video tasvirlardan biri
Senatda havola qilinayotgan video tasvirlardan biri

Trampni aybdor deb topish uchun 100 senatordan 67 nafari "ha" deb ovoz berishi kerak, ya'ni Senatning uchdan ikki qismi. Demokratlar Senatda ko'pchilik, lekin Trampni aybdor deb topish uchun ularning ovozi yetmaydi. Ko'plab respublikachilar esa impichment qaroridan yiroq ekanini aytmoqda.

Sudda guvohlarga ham so'z berilmoqda. Shuningdek, respublikachilar ham Trampni ayblab chiqqaniga urg'u berilmoqda. Sobiq mudofaa vaziri Jeyms Mattis, Oq uyning sobiq boshqaruvchisi Jon Kelli, sobiq spiker Jon Beyner va boshqalar nazarida 6-yanvardagi qonli voqealar, "demokratiyaga hujum" aynan prezident undovi bilan sodir etilgan. Xalq saylagan rahbar bu yo'ldan borgani jinoyat, deya qayd etadi ular.

Kongressdagi bosqinchilik ketidan Trampning bir necha vaziri lavozimini tark etgan. Ular ham prezidentni bu tartibsizliklarda ayblaydi. Vazirlar o'z bayonotlarida Trampni nafrat va zo'ravonlik urug'ini sochganlikda, odamlarni sistemaga qarshi qayraganlikda ayblagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG